Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

47-DARS

Yahova Ilyosni qo‘llab-quvvatlaydi

Yahova Ilyosni qo‘llab-quvvatlaydi

Baalning payg‘ambarlari bilan nima bo‘lgani haqida eshitib, Izabelning rosa jahli chiqdi. U Ilyosga: «Baalning payg‘ambarlari singari sen ham ertaga o‘lasan»,— deb xabar yubordi. Ilyos bundan qattiq qo‘rqib, sahroga qochib ketdi. U: «Bo‘ldi, yetar! Ey Yahova, jonimni ola qol»,— deya ibodat qildi. Keyin esa charchaganidan daraxt tagida uxlab qoldi.

Farishta Ilyosni uyg‘otib, mehr ila: «Tur, ovqatlanib ol»,— dedi. Ilyos ko‘zini ochib, qizib turgan toshlar ustida kulcha bilan ko‘zada suv turganini ko‘rdi. U yeb-ichib yana yotdi. Farishta ikkinchi bor Ilyosni uyg‘otdi-da: «Tur, ovqatlanib ol. Yo‘qsa, uzoq yo‘l yurishga holing bo‘lmaydi»,— dedi. Shunday qilib, Ilyos ovqatlanib oldi. So‘ng u 40 kecha-yu 40 kunduz yo‘l yurib, Xorev tog‘iga yetib bordi. U tunab qolish uchun o‘sha yerdagi bir g‘orga kirdi. Ammo Yahova unga gapirishni boshladi. U: «Ilyos, bu yerda nima qilyapsan?» — dedi. Ilyos esa: «Isroilliklar Senga bergan va’dasini buzdi. Ular qurbongohlaringni vayron qilib, payg‘ambarlaringni o‘ldirdi. Endi ular meni ham o‘ldirmoqchi»,— deb javob berdi.

Yahova unga: «Tashqariga chiqib, tog‘da, Mening oldimda tur»,— deb aytdi. Avval kuchli shamol ko‘tarildi, so‘ng zilzila bo‘ldi, keyin esa olov paydo bo‘ldi. Oxiri Ilyos mayin, ohista ovozni eshitdi. U yuzini kamzuli bilan yopib, g‘ordan chiqdi. Yahova undan nega qochib ketganini so‘radi. Ilyos esa: «Senga xizmat qilayotganlardan faqat men qoldim»,— deb aytdi. Lekin Yahova unga: «Sen yolg‘iz emassan. Isroilda hali-hanuz 7 000 kishi Menga topinyapti. Borgin-da, o‘rningga Elishayni payg‘ambar etib tayinla»,— dedi. Ilyos o‘sha zahoti Yahovaning aytganini qilishga ketdi. Yahova xohlagan ishni qilsangiz, U sizga ham yordam beradimi? Albatta. Keling, qurg‘oqchilik paytida sodir bo‘lgan bir voqeani ko‘rib chiqaylik.

«Hech narsadan tashvishlanmanglar, lekin ibodat va iltijoda tilaklaringizni minnatdorchilik bilan Allohga bildiringlar». (Filippiliklarga 4:6)