Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

48-DARS

Bevaning o‘g‘li tiriladi

Bevaning o‘g‘li tiriladi

Qurg‘oqchilik paytida Yahova Ilyosga: «Zorafat shahriga bor. U yerdagi bir beva ayol senga ovqat beradi»,— deb aytdi. Ilyos shahar darvozasi oldida bir kambag‘al beva ayol o‘tin terib yurganini ko‘rib qoldi. Payg‘ambar o‘sha ayoldan ichgani suv so‘radi. Ayol suvga ketayotganida Ilyos uni chaqirib: «Iltimos, bir burda non ham olib keling»,— deb aytdi. Ammo beva ayol: «Beray desam nonim yo‘q. Faqat o‘zim va o‘g‘lim uchun ozgina ovqat tayyorlashga yetadigan un bilan yog‘ bor»,— dedi. Ilyos ayolga shunday deb aytdi: «Menga kulcha qilib olib kelsangiz, yomg‘ir yog‘maguncha ko‘zadagi un ham, xumchadagi yog‘ ham tugamaydi. Bu Yahovaning va’dasi».

Beva ayol uyiga borib, Yahovaning payg‘ambariga non pishirib berdi. Yahova va’da berganiday, qurg‘oqchilik paytida beva ayol bilan o‘g‘lining dasturxonida doim non bor edi. Uning ko‘zasidagi un ham, xumchasidagi yog‘ ham tugamadi.

So‘ng qo‘rqinchli bir voqea yuz berdi. Beva ayolning o‘g‘ilchasi qattiq kasal bo‘lib o‘lib qoldi. U Ilyosga yolvorib yordam so‘radi. Ilyos bolani ayolning qo‘lidan olib, boloxonaga olib chiqdi. U bolani to‘shakka yotqizib qo‘ydi-da, shunday deb ibodat qildi: «Ey, Tangrim Yahova, o‘tinaman, bolani hayotga qaytar». Nega Yahovaning bu mo‘jizasi hayratlanarli bo‘lganini bilasizmi? Chunki bundan oldin hali hech kim tirilmagandi. Boz ustiga, bu beva ayol bilan o‘g‘li isroillik emasdi.

Shunga qaramay, bola hayotga qaytdi va nafas ola boshladi! Ilyos beva ayolga: «Qarang, o‘g‘lingiz tirik!» — dedi. Ayol xursand bo‘lib, Ilyosga: «Siz chindan ham Xudoning odami ekansiz. Chunki faqat Yahovaning so‘zlarini gapirar ekansiz, Uning aytganlari esa doim amalga oshadi»,— deb aytdi.

«Qarg‘alarga e’tibor beringlar: ular urug‘ ham ekmaydi, hosil ham yig‘maydi. Hatto omborlari ham yo‘q, ammo Tangri ularning rizqini beradi. Sizlar-chi, qushlardan ancha afzalroq emasmisiz?» (Luqo 12:24)