Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

49-DARS

Yovuz malika jazolanadi

Yovuz malika jazolanadi

Shoh Axab Yizrildagi saroyida yashardi. Saroyning derazasidan Navo‘t ismli kishining uzumzori ko‘rinib turardi. Axab bu uzumzorni o‘ziga olishni istadi va uni Navo‘tdan sotib olmoqchi bo‘ldi. Biroq Navo‘t uzumzorini Axabga sotishni xohlamadi. Chunki Yahovaning Qonuniga ko‘ra meros bo‘lib qolgan yerni sotish mumkin emasdi. Xo‘sh, Navo‘t to‘g‘ri ish qilganidan Axab xursand bo‘ldimi? Yo‘q. Uning rosa jahli chiqdi. U shunchalik xafa bo‘ldiki, hatto xonasidan chiqishni va ovqat yeyishni istamadi.

Axabning xotini malika Izabel juda yovuz edi. U eriga: «Siz Isroilning shohisiz-ku! Istagan narsani o‘zingizga olishingiz mumkin. O‘sha yerni men sizga olib beraman»,— dedi. Izabel shahar oqsoqollariga xat yozdi-da, Navo‘tga Xudoni la’natladi degan ayb qo‘yib, uni toshbo‘ron qilib o‘ldirishni buyurdi. Oqsoqollar Izabelning buyrug‘ini bajarishdi va u Axabga: «Navo‘t o‘ldi. Uzumzor endi sizniki»,— deb aytdi.

Navo‘t Izabel o‘ldirgan yagona begunoh odam emasdi. Izabel Yahovani yaxshi ko‘radigan ko‘pgina odamlarni o‘ldirgan edi. U butlarga sig‘inardi va boshqa yomon ishlarni qilardi. Yahova uning barcha yovuz ishlarini ko‘rib turardi. Endi Xudo Izabelni jazolaydimi?

Axabning o‘limidan so‘ng, uning o‘g‘li Yohuram shoh bo‘ldi. Yahova Yohu ismli kishini Izabel va uning oilasini jazolash uchun yubordi.

Yohu aravasiga minib Yizrilga, Izabel yashaydigan joyga bordi. Yohuram o‘z aravasiga minib, Yohuni kutib olgani chiqdi va undan: «Tinchlikmi Yohu?» — deb so‘radi. Yohu esa: «Onang Izabel yovuz ishlar qilib yurganida qanaqasiga tinchlik bo‘lsin»,— dedi. Shunda Yohuram aravasini orqaga burib, qochib ketmoqchi bo‘ldi. Ammo Yohu Yohuramga kamonidan o‘q otdi va u o‘ldi.

Keyin Yohu Izabelning saroyiga bordi. Uning kelayotganini eshitib, Izabel pardoz qildi va sochlarini turmakladi-da, yuqori qavatdagi derazadan qarab o‘tirdi. Yohu kelganida Izabel unga qo‘pol gapirdi. Yohu malikaning yonida turgan xizmatkorlariga baland ovozda: «Uni pastga uloqtiringlar!» — dedi. Ular Izabelni pastga itarib yuborishdi va u yerga qulab o‘ldi.

Bundan so‘ng Yohu Axabning 70 ta o‘g‘lini o‘ldirdi va yurtni Baalga sig‘inuvchilardan tozaladi. Ko‘ryapsizmi, Yahovadan hech narsani yashirib bo‘lmaydi va U yomonlik qilgan odamlarni o‘z vaqtida jazolaydi.

«Ochko‘zlik bilan olingan meros, natijada baraka keltirmaydi». (Hikmatlar 20:21)