Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

53-DARS

Jasoratli Yohayido

Jasoratli Yohayido

Izabelning Otaliyo ismli qizi bor edi. U onasi kabi yovuz edi. Otaliyo Yahudo shohiga turmushga chiqqandi. Uning eri o‘lganida, o‘rniga o‘g‘li shoh bo‘ldi. O‘g‘li o‘lganidan keyin esa Otaliyo o‘zini Yahudoning hukmdori deb e’lon qildi. So‘ng u butun shoh avlodini qirib tashlashga bel bog‘ladi. Otaliyo o‘z o‘rniga shohlik qila oladigan barchani, hatto nevaralarini ham o‘ldirdi. Hamma undan qo‘rqardi.

Oliy ruhoniy Yohayido va uning xotini Yohusheva Otaliyo shunday yomon ishlar qilayotganini bilishardi. Ular o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, Otaliyoning nevaralaridan biri bo‘lgan chaqaloq Yo‘shni yashirib qo‘yishdi. Ular Yo‘shni ma’badda katta qilishdi.

Yo‘sh yettiga to‘lganida, Yohayido hamma yuzboshi va levilarni to‘plab ularga: «Ma’bad darvozalarini qo‘riqlanglar, u yerga hech kim kirmasin»,— dedi. Keyin Yohayido Yo‘shni Yahudoning shohi deb e’lon qildi va boshiga toj kiydirdi. Yahudo xalqi esa: «Shoh hazratlarining umrlari uzoq bo‘lsin!» — deb hayqirdi.

Malika Otaliyo xalqning hayqirig‘ini eshitib, ma’badga yugurib keldi. U yangi tayinlangan shohni ko‘rib: «Xoinlik! Xoinlik!» — deb baqirdi. Yuzboshilar yovuz malikani mahkam ushlab tashqariga olib chiqishdi-da, o‘ldirishdi. Biroq u qilgan yomon ishlarning oqibatini tuzatish mumkinmi?

Yohayido xalq Yahova bilan ahd qilishiga yordamlashdi. Ya’ni xalq faqat Yahovaga topinamiz, deb va’da berdi. Yohayido xalqni Baalning ibodatxonasini buzib tashlashga va butlarni parcha-parcha qilishga undadi. U ruhoniylar va levilarni ma’badda xizmat qilish uchun tayinladi. Endi xalq yana u yerda Yahovaga topina oladi. Ma’badga Yahovaning nazarida nopok bo‘lgan hech kim kirmasligi uchun Yohayido darvozabonlarni tayinladi. Keyin u va yuzboshilar Yo‘shni saroyga olib borishdi va taxtga o‘tqazishdi. Yahudo xalqi bundan rosa xursand bo‘ldi. Nihoyat ular yovuz Otaliyodan va soxta xudo Baaldan qutulib, Yahovaga bemalol xizmat qila olishdi. Yohayidoning jasorati ko‘p odamlarga qanday yordam berganini ko‘rdingizmi?

«Sizlarni o‘ldirishga qurbi yetadigan, ammo kelajakdagi hayotdan mahrum eta olmaydigan odamlardan qo‘rqmanglar. Aksincha, sizlarni jahannamda yo‘q qilib yuborishga qodir bo‘lgan Zotdan qo‘rqinglar». (Matto 10:28)