Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

57-DARS

Yahova Yeremiyoni va’z qilishga jo‘natadi

Yahova Yeremiyoni va’z qilishga jo‘natadi

Yahova Yeremiyoni Yahudo xalqi uchun payg‘ambar etib tayinladi. Xudo unga xalqqa va’z qilib, yomon yo‘lidan qaytishi uchun ularni ogohlantirishni buyurdi. Biroq Yeremiyo Xudoga: «Men juda yoshman-ku! Xalqqa qanday gapirishni bilmayman»,— dedi. Yahova esa unga: «Qo‘rqma. Nima deyish kerakligini senga O‘zim aytaman, senga yordam beraman»,— deb aytdi.

Yahova Yeremiyoga xalqning barcha oqsoqollarini yig‘ib, ularning qarshisida sopol ko‘zani sindirishni va shunday deyishni buyurdi: «Quddus ham xuddi shunday parcha-parcha qilinadi». Yeremiyo Yahovaning aytganlarini bajarganida oqsoqollarning rosa jahli chiqib ketdi. Pashxur ismli ruhoniy Yeremiyoni urdi va kundalab qo‘ydi. Yeremiyo tuni bo‘yi qimirlay olmadi. Ertasi kuni ertalab Pashxur uni qo‘yib yubordi. Yeremiyo: «Bo‘ldi, boshqa chiday olmayman. Endi va’z qilmayman»,— dedi. U chindan ham taslim bo‘ldimi? Yo‘q, aslo. Bu haqda biroz o‘ylab ko‘rgach, u shunday dedi: «Yahovaning xabari yuragimda yongan olovday. Va’z qilishni to‘xtata olmayman». Shu yo‘sin Yeremiyo odamlarni ogohlantirishda davom etdi.

Oradan yillar o‘tib Yahudoda yangi shoh taxtga o‘tirdi. Ruhoniylarga va soxta payg‘ambarlarga Yeremiyoning xabari yoqmasdi. Ular beklarga: «Bu kishini o‘ldirish kerak»,— deyishdi. Yeremiyo esa: «Agar meni o‘ldirsangiz, begunoh odamni o‘ldirgan bo‘lasizlar. Men o‘zimning emas, Yahovaning so‘zlarini aytyapman»,— dedi. Beklar buni eshitganida: «Bu odam o‘limga loyiq emas»,— deb aytishdi.

Yeremiyo va’z qilaverdi, bu esa beklarning jahlini chiqardi. Ular shohdan Yeremiyoni o‘ldirishni so‘rashdi. Shoh beklarga Yeremiyo bilan istaganini qilishga ruxsat berdi. Ular Yeremiyoni quduqqa tashlashdi. U yerda faqat balchiq bor edi. Beklar Yeremiyo o‘sha yerda o‘lib ketadi, deb o‘ylashdi. Yeremiyo balchiqqa bota boshladi.

Bu payt Obidmalek ismli saroy amaldori shohga: «Beklar Yeremiyoni quduqqa tashlashibdi. Uni o‘sha yerda qoldirsak, o‘lib qoladi!» — dedi. Shoh Obidmalekka 30 ta kishini o‘zi bilan olib, Yeremiyoni quduqdan chiqarib olishni buyurdi. Yeremiyo nima bo‘lsa ham va’z qilishni to‘xtatmadi. Keling, biz ham unga taqlid qilaylik!

«Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Faqat oxirigacha chidagan qutuladi». (Matto 10:22)