Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

59-DARS

Yahovaga bo‘ysungan to‘rtta o‘spirin

Yahovaga bo‘ysungan to‘rtta o‘spirin

Shoh Navuxodonosor Bobilga Yahudoning shohlar va asilzodalar naslidan bo‘lgan odamlarni keltirib, ularning ustidan Ashnapazni bosh qilib qo‘ydi. Navuxodonosor Ashnapazga ular orasidan eng sog‘lom va aqlli yosh yigitlarni tanlab olishni aytdi. Tanlangan yigitlarga uch yil ta’lim berilishi kerak edi. Bu ta’lim ularni shoh saroyida muhim vazifalarni bajarishga tayyorlardi. Bu o‘spirinlar bobilliklar gaplashadigan akkad tilida o‘qishni, yozishni va gapirishni o‘rganishlari zarur edi. Shuningdek, ular shoh va saroydagilar tanovul qiladigan taomlarni yeyishi kerak edi. O‘spirinlardan to‘rttasining ismi quyidagicha: Doniyor, Xanoniyo, Mishail va Ozariyo. Ashnapaz ularga yangi bobilcha ismlar berdi: Beltashazar, Shadrax, Meshax va Abednaxu. Bu to‘rtta o‘spirin ta’lim olayotganida Yahovaga xizmat qilmay qo‘ydimi?

Ular Yahovaga bo‘ysunishga qat’iy qaror qildi. Ular shoh dasturxonidagi taomlarni yeyish mumkin emasligini bilardi. Chunki Yahovaning Qonuni bo‘yicha ayrim hayvonlarni yeyish taqiqlangan edi. Shunda ular Ashnapazga: «Iltimos, shoh dasturxonidagi taomlarni yeyishga bizni majburlamang»,— deyishdi. Ashnapaz esa: «Agar bu taomlarni yemasangiz va shoh nimjonroq ekaningizni ko‘rsa meni o‘ldiradi!» — dedi.

Doniyorga bir fikr keldi. U Ashnapazga: «Iltimos, bizga o‘n kun davomida sabzavot va suv bering. So‘ng shoh dasturxonidan taom yegan o‘spirinlar bilan solishtirib ko‘ring»,— deb aytdi. Ashnapaz rozi bo‘ldi.

O‘n kunlik sinovdan so‘ng, Doniyor va uning uchta do‘sti boshqa barcha o‘spirinlarga qaraganda sog‘lomroq ko‘rindi. Ularning itoatkorligi Yahovaga juda yoqdi. Yahova hatto Doniyorga vahiy va tushlarni tushunish uchun donolik berdi.

Ta’lim o‘z nihoyasiga yetgach, Ashnapaz o‘spirinlarni Navuxodonosor oldiga olib keldi. Shoh ular bilan gaplashib, Doniyor, Xanoniyo, Mishail va Ozariyo boshqa o‘spirinlarga qaraganda aqlli va ziyrakroq ekanini ko‘rdi. Shunday qilib, shoh bu to‘rtta o‘spirinni o‘zining saroyida xizmat qilish uchun tanladi. Shoh muhim masalalar borasida ulardan tez-tez maslahat so‘rab turardi. Yahova bu to‘rtta o‘spirinni shohning barcha donishmand va afsungarlaridan donoroq qildi.

O‘zga yurtda bo‘lishsa-da, Doniyor, Xanoniyo, Mishail va Ozariyo Yahovaning xalqidan ekanini unutmagan. Ota-onangiz oldingizda bo‘lmasa-da, siz ham doim Yahovani yodda tutasizmi?

«Hech kim seni yosh deb kamsitmasin. Aksincha nutqda, xulq-atvorda, sevgida, imonda va poklikda ishonchli kishilarga o‘rnak bo‘lgin». (1 Timo‘tiyga 4:12)