Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

62-DARS

Ulkan daraxt haqidagi tush

Ulkan daraxt haqidagi tush

Bir kuni kechasi shoh Navuxodonosor qo‘rqinchli tush ko‘rdi. Tushining ma’nosini aytib berishlari uchun donishmandlarni chaqirtirdi. Lekin ulardan hech biri tushni tushuntirib bera olmadi. Oxiri shoh Doniyorni chaqirtirdi.

Navuxodonosor Doniyorga shunday dedi: «Tushimda bir daraxt ko‘rdim. U shunchalik baland bo‘lib o‘sdiki, uchi osmonga yetdi. U yerning turli chekkalaridan ko‘rinib turardi. Barglari chiroyli, mevalari esa juda ko‘p edi. Hayvonlar uning soyasida dam olar, qushlar shoxlarida in qurardi. So‘ng osmondan bir farishta tushdi. U baland ovozda quyidagicha dedi: “Daraxtni chopib, shoxlarini kesib tashlanglar. Ammo to‘nkasi bilan ildiziga tegmay, temir va mis bilan bog‘lab qo‘yinglar. Daraxtdan odam yuragi olinib, hayvon yuragi berilsin va u yetti davr davomida shu holatda qolsin. Shunda barcha odamlar Alloh Hukmdor ekanini va hokimiyatni istagan kishiga berishini bilib oladi”».

Yahova Doniyorga tushning ma’nosini ayon qildi. Doniyor uning ma’nosini anglab, qo‘rqib ketdi. U shohga shunday dedi: «Ey, shoh hazratlari, bu tush dushmanlaringiz haqida bo‘lishini istardim, ammo u siz haqingizda. Chopib tashlangan ulkan daraxt sizsiz. Siz shohlikdan ayrilasiz va yovvoyi hayvonlarday dalada o‘t-o‘lan yeysiz. Biroq farishta daraxtning to‘nkasi bilan ildizi qoldirilishi haqida aytgani uchun, siz qaytadan shoh bo‘lasiz».

Oradan bir yil o‘tgach, Navuxodonosor saroyining tomidan Bobilni zavq bilan tomosha qilayotgan edi. U: «Men qurgan mahobatli shaharga qarang. Men qanchalik buyuk insonman-a!?» — dedi. U hali gapirib turgan paytda osmondan bir ovoz: «Navuxodonosor! Shohlik sendan olib qo‘yildi»,— deb aytdi.

O‘sha zahoti Navuxodonosor es-hushidan ayrilib, yovvoyi hayvonday bo‘lib qoldi. U saroydan haydaldi va dashtda yovvoyi hayvonlar bilan yashay boshladi. Navuxodonosorning sochi burgut patlariday uzun bo‘ldi, tirnoqlari esa qushning tirnoqlariday o‘sib ketdi.

Yetti yildan keyin Navuxodonosorning es-hushi o‘ziga qaytdi va Yahova uni yana Bobil ustidan shoh qilib qo‘ydi. Navuxodonosor: «Men samoviy Shohga hamdu sanolar aytaman. Chunki Yahova Hukmdor ekanini bilib oldim. U mag‘rur kishilarni pasaytirib, shohlikni istagan kishiga beradi»,— dedi.

«Mag‘rurlik — halokatga, takabburlik — qulashga olib keladi». (Hikmatlar 16:18)