Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

63-DARS

Devordagi yozuv

Devordagi yozuv

Vaqt o‘tib Bobil ustidan Valtasar shoh bo‘ldi. Bir kuni kechasi u yurtdagi mingta asilzodani ziyofatga taklif qildi. U xizmatkorlariga Navuxodonosor Yahovaning ma’badidan olib kelgan oltin idishlarni keltirishni buyurdi. Valtasar va uning mehmonlari o‘sha idishlardan sharob ichib, o‘z xudolarini ulug‘lashdi. Kutilmaganda odam qo‘li paydo bo‘lib, ular ovqatlanayotgan xonaning devoriga sirli so‘zlarni yozdi.

Valtasar qo‘rqib ketdi. U afsungarlarini chaqirtirib: «Kimda-kim ushbu so‘zlarning ma’nosini tushuntirib bersa, Bobildagi uchinchi qudratli odam bo‘ladi»,— deb va’da berdi. Ular qancha urinmasin, hech biri bu so‘zlarning ma’nosini tushuntirib bera olmadi. Keyin malika keldi va shohga: «Doniyor ismli bir kishi bor. U Navuxodonosorga tushlarning ma’nosini tushuntirib, topishmoqlarni topishga yordam bergan. Bu so‘zlarning ma’nosini o‘sha odam aytib bera oladi»,— dedi.

Doniyor shoh huzuriga keldi. Valtasar unga: «Agar bu yozuvni o‘qib, ma’nosini menga tushuntirib bersang, bo‘yningga oltin zanjir taqiladi va Bobildagi uchinchi qudratli odam bo‘lasan»,—deb aytdi. Doniyor shohga shunday dedi: «Sovg‘alaringiz menga kerak emas, lekin bu so‘zlarning ma’nosini sizga tushuntirib beraman. Otangiz Navuxodonosor mag‘rur odam bo‘lgani uchun Yahova uni pasaytirdi. U bilan sodir bo‘lgan voqealarni siz yaxshi bilsangiz ham, Yahovaning ma’badidan keltirilgan oltin idishlardan sharob ichib, Unga hurmatsizlik qildingiz. Shu bois Xudo mana bu so‘zlarni yozdi: MENE, MENE, TEKEL va PARSIN. Ularning ma’nosi shuki, midiyaliklar va forslar Bobilni zabt etadi va siz boshqa shoh bo‘lmaysiz».

Bobilni hech kim yenga olmaydiganday tuyulardi. Shahar qalin devor va chuqur daryo bilan o‘ralgan edi. Lekin o‘sha kuni kechasi midiyaliklar va forslar hujum qilishdi. Fors shohi Kir daryo suvlarini boshqa tomonga burib yubordi. Shunda askarlar shahar darvozasigacha suvni bemalol kechib o‘tishdi. Ular qarashsa, darvozalar ochiq ekan! Qo‘shin shaharga bostirib kirib, uni egalladi, shohni esa o‘ldirdi. So‘ng Kir Bobil hukmdoriga aylandi.

O‘sha yili Kir shunday farmon berdi: «Yahova menga Quddusdagi ma’badini qayta qurishni aytdi. Uning xalqidan bo‘lgan va qurilishda yordam berishni istagan har kim u yerga borishi mumkin». Shunday qilib, Yahova va’da berganiday, ko‘plab yahudiylar Quddus vayron qilinganidan 70 yil o‘tib uylariga qaytishdi. Kir shoh Navuxodonosor ma’baddan olib kelgan oltin va kumush idishlarni hamda boshqa anjomlarni Quddusga qaytarib yubordi. Yahova O‘z xalqiga yordam berish uchun Kirdan qanday foydalanganini ko‘ryapsizmi?

«Vayron bo‘ldi! Buyuk Bobil vayron bo‘ldi! U jinlarning makoniga... aylandi». (Vahiy 18:2)