Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

66-DARS

Ezra xalqqa Xudoning Qonunini o‘rgatadi

Ezra xalqqa Xudoning Qonunini o‘rgatadi

Ko‘p isroilliklar Quddusga qaytganiga taxminan 70 yil bo‘ldi. Ammo ba’zi isroilliklar hanuzgacha Fors imperiyasining turli joylarida yashardi. Ulardan biri ruhoniy Ezra edi. U odamlarga Yahovaning Qonunini o‘rgatardi. Ezra Quddus aholisi Tavrotga amal qilmayotganidan xabar topdi va ularga yordam berish uchun u yerga bormoqchi bo‘ldi. Fors shohi Artakserks unga: «Xudo senga donolik bergani uchun sen Uning Qonunini odamlarga o‘rgata olasan. Quddusga bor, sen bilan borishni xohlaganlarni ham olib ket»,— dedi. Ezra Quddusga qaytishni istaydigan barcha kishilar bilan uchrashdi. Ular birgalikda Yahovaga ibodat qilib, yo‘lda ularni xavf-xatardan himoyalashini so‘rashdi va jo‘nab ketishdi.

Oradan to‘rt oy o‘tib, ular Quddusga yetib kelishdi. U yerdagi beklar Ezraga: «Isroilliklar Yahovaga quloq solmay, soxta xudolarga sig‘inadigan ayollarga uylanishyapti»,— deyishdi. Ezra nima qildi? U xalqning ko‘z o‘ngida tiz cho‘kib, shunday deb ibodat qildi: «Yahova, Sen bizga juda ko‘p yaxshilik qilding, biz bo‘lsa Senga qarshi gunoh qildik». Xalq tavba qildi, ammo to‘g‘ri ishlarni qilish uchun ularga yordam kerak edi. Bu masala bilan shug‘ullanishlari uchun Ezra oqsoqol va hakamlarni tayinladi. Uch oydan so‘ng, Yahovaga topinmaydigan kishilar ketkazib yuborildi.

Oradan 12 yil o‘tdi. Bu vaqt ichida Quddus devorlari qayta tiklandi. Ezra Xudoning Qonunini o‘qib berish uchun xalqni shahar maydoniga yig‘di. Ezra kitobni ochganida xalq o‘rnidan turdi. U Yahovaga hamd-u sano aytdi va odamlar rozilik belgisi sifatida qo‘llarini ko‘tarishdi. Keyin Ezra Tavrotni o‘qib tushuntirib berdi, xalq esa uni diqqat bilan tingladi. Ular Yahovadan yana uzoqlashib ketganini tan olib yig‘lashdi. Ertasi kuni Ezra ularga Tavrotdan yana o‘qib berdi. Ular yaqinda Chaylalar bayramini nishonlash kerakligini bilib olishdi. Shu zahoti ular bu bayramga tayyorgarlik ko‘ra boshlashdi.

Bayram yetti kun davom etdi. Xalq quvonib, mo‘l-ko‘l hosil olgani uchun Yahovaga rahmat aytdi. Bu bayram Yoshua davridan buyon bunday tarzda nishonlanmagan edi. Bayram tugaganidan keyin xalq yig‘ilib, quyidagicha ibodat qildi: «Yahova, Sen bizni qullikdan ozod etding, sahroda rizq-ro‘zimizni yetkazding va bizga mana shu go‘zal yurtni berding. Ammo biz Senga qayta-qayta itoatsizlik qildik. Bizni ogohlantirish uchun payg‘ambarlarni yubording, lekin biz ularga quloq solmadik. Shunga qaramay, Sen sabr qilib kelding. Ibrohimga bergan va’dang ustidan chiqding. Endi biz ham Senga quloq solishga va’da beramiz». Ular bergan va’dasini yozishdi va unga beklar, levilar hamda ruhoniylar o‘z muhrini bosishdi.

«Tangrining kalomini tinglab, uni bajo keltirganlar baxtlidir!» (Luqo 11:28)