Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

67-DARS

Quddus devorlari

Quddus devorlari

Ezraning davrida Naximiyo ismli isroillik kishi bor edi. U shoh Artakserksga xizmat qilardi va Fors shohligining Suza shahrida yashardi. Bir kuni Naximiyoning birodari Yahudodan yomon xabar bilan keldi. U: «Quddusga qaytgan xalq xavf ostida yashayapti. Bobilliklar vayron qilgan shahar devorlari va darvozalari haligacha qayta qurilmagan»,— deb aytdi. Naximiyo buni eshitib xafa bo‘ldi. U yordam berish uchun Quddusga borishni istadi va shoh uni qo‘yib yuborishi haqda Yahovaga ibodat qildi.

Bir kuni shoh Naximiyoning g‘amgin ekanini sezib qoldi. U Naximiyoga: «Xafahol yurganingni avval hech ko‘rmagandim. Nima bo‘ldi?» — dedi. U shohga javoban: «Ona shahrim Quddus vayron bo‘lib yotgani uchun qattiq qayg‘uryapman»,— deb aytdi. Shoh undan: «Nima istaging bor?» — deb so‘radi. Naximiyo shu zahoti ichida ibodat qildi. Keyin shohga: «Iltimos, Quddusga borib devorlarini qayta tiklashimga ruxsat bering»,— dedi. Shoh Artakserks Naximiyoga ketishga ruxsat berdi va Quddusga eson-omon yetib olishi uchun g‘amxo‘rlik qildi. Shuningdek, u Naximiyoni Yahudoga hokim etib tayinladi va shahar darvozalari uchun unga yog‘ochlar berdi.

Naximiyo Quddusga yetib kelganidan so‘ng, shahar devorlarini ko‘zdan kechirdi. Keyin ruhoniylar-u boshliqlarni yig‘ib ularga: «Ahvolimiz og‘ir. Ishni boshlamasak bo‘lmaydi»,— deb aytdi. Xalq bunga rozilik bildirdi va devorlarni qayta qurishni boshlab yubordi.

Lekin isroilliklarning dushmanlari ularning ustidan kulib: «Sizlar qurayotgan devorni hatto tulki ham qulata oladi»,— deyishdi. Ammo ishchilar ularning mazax qilishiga e’tibor bermay, qurilishni davom ettirishdi. Devor kundan-kunga baland va mustahkam bo‘lib borardi.

Shu sababli ularning dushmanlari har tomondan kelib, Quddusga to‘satdan hujum qilmoqchi bo‘lishdi. Yahudiylar buni bilib qolib, qo‘rqib ketishdi. Ammo Naximiyo ularga: «Qo‘rqmanglar, Yahova biz bilan»,— dedi. U ishchilarni himoyalash maqsadida qo‘riqchilar tayinlagani uchun dushmanlar hujum qila olishmadi.

52 kun deganda shahar devorlari va darvozalari qurib bitkazildi. Qurilish tugaganini nishonlash uchun Naximiyo Quddusga barcha levilarni yig‘di. U levilarni ikkita qo‘shiqchilar guruhiga ajratdi. Ular Buloq darvozasi yonidagi zinapoyadan devor ustiga ko‘tarilishdi. Ikkita guruh ikki tomonga shahar bo‘ylab devor ustidan yurib ketdi. Ular karnaylar, zillar va arfalar chalib, Yahovaga qo‘shiqlar kuylashdi. Birinchi guruhning oldida Ezra, ikkinchi guruhning oldida esa Naximiyo bordi. Bu ikkita guruh ma’bad oldida uchrashdi. Butun xalq — erkaklar, ayollar-u bolalar Yahovaga atab qurbonliklar keltirib, bayram qilishdi. Ularning xursandchiligi uzoqlargacha eshitilib turdi.

«Senga qarshi yasalgan hech bir qurol g‘alaba qozonmaydi». (Ishayo 54:17)