Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

68-DARS

Elisabet o‘g‘il ko‘radi

Elisabet o‘g‘il ko‘radi

Quddus devorlari qayta qurilganidan 400 yildan oshiq vaqt o‘tdi. Quddus shahri yaqinida Zakariyo ismli bir ruhoniy xotini Elisabet bilan yashardi. Ular turmush qurganiga ko‘p yil bo‘lganiga qaramay, farzandlari yo‘q edi. Bir kuni Zakariyo ma’badda tutatqi tutatayotganida unga farishta Jabroil ko‘rindi. Zakariyo qo‘rqib ketdi, Jabroil esa unga: «Qo‘rqma. Senga Yahovadan yaxshi xabar keltirdim. Xotining Elisabet o‘g‘il tug‘adi va uning ismi Yahyo bo‘ladi. Yahova uni o‘zgacha xizmat uchun tanladi»,— deb aytdi. Zakariyo farishtaga: «Bunga qanday ishonay? Axir o‘zim ham, xotinim ham qarib qolgan bo‘lsak»,— dedi. Jabroil Zakariyoga: «Bu xabarni senga aytishim uchun meni Xudo yubordi. Biroq menga ishonmaganing uchun, bola tug‘ilmagunicha gapirolmaydigan bo‘lib qolasan»,— deb aytdi.

Zakariyo ma’badda odatdagidan ko‘proq qolib ketdi. U ma’baddan chiqqanida esa, tashqarida turgan odamlar nima yuz berganini bilmoqchi bo‘lishdi. Zakariyo gapira olmadi. U faqatgina qo‘llari bilan imo-ishora qildi. Shunda odamlar Zakariyoga Xudodan xabar kelganini tushunib yetishdi.

Vaqt o‘tib, Elisabet homilador bo‘ldi va farishta aytganiday o‘g‘il ko‘rdi. Uning do‘stlari va qarindoshlari chaqaloqni ko‘rgani kelishdi. Ular Elisabet uchun rosa xursand bo‘lishdi. Elisabet: «Chaqaloqning ismini Yahyo qo‘yamiz»,— dedi. Ular esa: «Axir, qarindoshlaringiz orasida bunday ismli kishi yo‘q-ku. Unga otasiniki kabi Zakariyo deb ism qo‘ying»,— deyishdi. Ammo Zakariyo bir taxtachaga: «Uning ismi Yahyo bo‘ladi»,— deb yozdi. O‘sha zahoti Zakariyo yana gapira boshladi! Chaqaloq haqidagi xabar butun Yahudiyaga yoyildi va odamlar: «Katta bo‘lganida bu bola kim bo‘lar ekan?» — deb qiziqishardi.

So‘ng Zakariyo muqaddas ruhga to‘lib, shunday bashorat qildi: «Yahovaga hamd-u sanolar bo‘lsin! U bizni qutqarish uchun Masihni yuborishni Ibrohimga va’da qilgan edi. Yahyo esa payg‘ambar bo‘ladi va Masih uchun yo‘l tayyorlaydi».

Elisabetning qarindoshi Maryam bilan ham o‘zgacha bir voqea yuz berdi. Keling, bu haqida keyingi darsdan bilib olamiz.

«Bu, odamlar uchun imkonsizdir, ammo Tangri uchun imkonsiz narsa yo‘q». (Matto 19:26)