Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

69-DARS

Jabroil Maryamning oldiga keladi

Jabroil Maryamning oldiga keladi

Elisabetning Maryam ismli qarindoshi bor edi. U Jalilaning Nosira shahrida yashardi. Maryam Yusuf ismli duradgorga unashtirilgan edi. Elisabetning homiladorligiga olti oy bo‘lgach, Maryamning oldiga farishta Jabroil keldi. U: «Salom, Maryam! Sen Yahovaning iltifotiga sazovor bo‘lding»,— dedi. Maryam Jabroil nima demoqchi ekanini tushunmadi. Shunda farishta unga: «Sen homilador bo‘lib, o‘g‘il tug‘asan va ismini Iso qo‘yasan. U Shoh bo‘ladi va Shohligining cheki bo‘lmaydi»,— deb aytdi.

Maryam: «Hali turmushga chiqmagan bo‘lsam, qanaqasiga farzandli bo‘lishim mumkin?» — deb so‘radi. Jabroil: «Yahova uchun ilojsiz narsa yo‘q. Muqaddas ruh ustingga tushadi va sen o‘g‘il tug‘asan. Ana, qarindoshing Elisabet ham qariligida homilador bo‘ldi»,— deb javob berdi. Keyin Maryam unga: «Men Yahovaning bandasiman! Iloyo aytganingiz kelsin»,— dedi.

Maryam Elisabetni ko‘rishga bordi. Elisabet tog‘li hududda joylashgan shaharda yashardi. Maryam u bilan salomlashganida, Elisabetning qornidagi bolasi qimirlab ketdi. U muqaddas ruhga to‘lib shunday dedi: «Maryam, Yahova senga baraka berdi. Hazratimning onasi oldimga kelgani men uchun katta sharaf!» Maryam esa: «Butun qalbim bilan Yahovani ulug‘layman»,— dedi. U Elisabetnikida uch oy turdi. So‘ng uyiga, Nosiraga qaytib ketdi.

Maryam homilador ekanini eshitganida Yusuf unashtiruvni bekor qilmoqchi bo‘ldi. Biroq farishta uning tushiga kirib: «Maryamga uylanishdan qo‘rqma. U hech qanday yomon ish qilgani yo‘q»,— dedi. Shunday qilib, Yusuf Maryamga uylandi va uni uyiga olib keldi.

«Yer-u osmonda... Yahova O‘ziga ma’qul bo‘lgan ishni qiladi». (Zabur 135:6)