Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

70-DARS

Farishtalar Isoning tug‘ilganini e’lon qiladi

Farishtalar Isoning tug‘ilganini e’lon qiladi

Rim imperiyasining podshohi Avgust bir farmon chiqardi. Unga ko‘ra barcha yahudiylar ona shahriga borib ro‘yxatdan o‘tishi kerak edi. Yusufning otasi baytlahmlik bo‘lgani uchun, u Maryamni olib o‘sha yerga jo‘nadi. Maryamning tug‘ishiga oz vaqt qolgandi.

Ular Baytlahmga yetib kelgach, tunash uchun og‘ilxonadan boshqa joy topa olishmadi. O‘sha yerda Maryam Isoni tug‘di. U chaqaloqni yumshoq matoga o‘radi-da, avaylab oxurga yotqizdi.

O‘sha paytda Baytlahm yaqinida cho‘ponlar suruvlarini qo‘riqlab, tashqarida tunab qolishgandi. To‘satdan ularning oldida farishta paydo bo‘lib, Yahovaning ulug‘vorligidan ularning atrofini yarqiratib yubordi. Cho‘ponlar bundan qo‘rqib ketishdi. Ammo farishta ularga shunday dedi: «Qo‘rqmanglar! Men quvonch baxsh etadigan xabar keltirdim. Bugun Baytlahmda Masih tug‘ildi». Birdan osmonda ko‘p farishtalar paydo bo‘lib: «Samodagi Xudoga shon-sharaflar yog‘ilsin! Yer yuzida esa tinchlik bo‘lsin!» — deb hayqirishdi. So‘ng farishtalar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shunda cho‘ponlar nima qildi?

Cho‘ponlar bir-biriga: «Yuringlar, tezroq Baytlahmga boraylik»,— dedi. Ular darhol yo‘lga chiqishdi va u yerga kelib, Maryam bilan Yusufni va oxurda yotgan chaqaloqni topishdi.

Farishta cho‘ponlarga aytgan xabarni eshitganlarning hammasi hayron qoldi. Maryam farishtaning so‘zlari haqida o‘ylab yurdi va buni hech qachon unutmadi. Cho‘ponlar esa ko‘rgan va eshitgan barcha narsalar uchun Yahovaga rahmatlar aytib, suruvlarining oldiga qaytib ketishdi.

«Meni Alloh yuborgan va men bu yerdaman. Men o‘z xohishimcha kelganim yo‘q, U meni yubordi». (Yuhanno 8:42)