Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

71-DARS

Yahova Isoni himoya qiladi

Yahova Isoni himoya qiladi

Isroilning sharqidagi bir mamlakatda yashovchi odamlar yulduzlarning yo‘l ko‘rsatishiga ishonishardi. Bir kuni kechasi o‘sha odamlardan ba’zilari osmonda yulduzday yarqiroq bir narsa harakatlanayotganini ko‘rdi va uning orqasidan ergashdi. Bu «yulduz» ularni Quddusga olib bordi. Ular odamlardan: «Yahudiylarning shohi bo‘ladigan chaqaloq qayerda? Biz unga ta’zim qilgani keldik»,— deb so‘rashdi.

Yangi shoh haqida eshitib, Quddus shohi Hirodning tinchi buzildi. U bosh ruhoniylardan: «Bu shoh qayerda tug‘ilishi kerak edi?» — deb so‘radi. Ular: «Payg‘ambarlar bashoratiga ko‘ra, u Baytlahmda tug‘ilishi kerak»,— deb javob berishdi. Shunda Hirod Sharqdan kelgan odamlarni chaqirtirib, ularga: «Baytlahmga borib, bolani topinglar. Qaytib kelgach esa uning qayerdaligini menga aytib beringlar. Men ham unga ta’zim qilmoqchiman»,— deb aytdi. Ammo bu yolg‘on edi.

«Yulduz» yana harakatlana boshladi. U Sharqdan kelgan odamlarni Baytlahmga boshlab bordi va bir uyning tepasida to‘xtadi. Ular ichkariga kirib, Iso bilan uning onasi Maryamni ko‘rishdi. Ular bolaga ta’zim qilib, oltin, xushbo‘y smola va mirra sovg‘a qilishdi. Bu kishilarni Yahova yuborganmidi? Yo‘q.

O‘sha kuni kechasi Yahova Yusufning tushiga kirib: «Hirod Isoni o‘ldirmoqchi. Xotining bilan o‘g‘lingni olib, Misrga qoch. Senga biror narsa aytmagunimcha o‘sha yerda qol»,— deb aytdi. Yusuf o‘sha zahoti oilasi bilan birga Misrga yo‘l oldi.

Yahova Sharqdan kelgan odamlarga Hirodning oldiga qaytib bormaslikni aytdi. Ular qaytib kelmasligini tushunib, Hirodning jahli chiqdi. Isoni topolmagach, u Baytlahmdagi Isoning yoshida bo‘lgan barcha o‘g‘il bolalarni o‘ldirishni buyurdi. Ammo Iso Misrda, xavf-xatardan uzoqda edi.

Vaqt o‘tib Hirod o‘ldi. Yahova Yusufga: «Endi orqaga qaytsang bo‘ladi»,— deb aytdi. Yusuf Maryam bilan Isoni olib, Isroilga qaytdi va ular Nosira degan shaharda yashay boshlashdi.

«Og‘zimdan chiqqan so‘z... natijasiz Menga qaytmaydi... Qaysi maqsadda yuborgan bo‘lsam, to‘liq bajo keltiradi». (Ishayo 55:11)