Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

73-DARS

Yahyo Masihga yo‘l tayyorlaydi

Yahyo Masihga yo‘l tayyorlaydi

Zakariyo va Elisabetning o‘g‘li Yahyo ulg‘ayganida payg‘ambar bo‘ldi. Masih kelishi haqida ta’lim berishi uchun Yahova Yahyoni tanlagan edi. Yahyo odamlarga ibodatxonalar yoki shaharlarda emas, sahroda va’z qilardi. Odamlar undan ta’lim olish uchun Quddus va butun Yahudiyadan kelardi. U odamlarga Xudoni rozi qilish uchun yomon ishlarni qilmaslik kerakligini o‘rgatardi. Uning gaplarini eshitgan ko‘p odamlar gunohini tan olib, tavba qildi va Yahyo ularni Iordan daryosida suvga cho‘mdirdi.

Yahyo oddiy hayot kechirardi. U tuya junidan kiyim kiyib yurardi, yeguligi esa chigirtka va yovvoyi asal edi. Odamlar uning kimligini bilishni istardi. Hatto mag‘rur farziylar bilan sadduqiylar ham uni ko‘rishga kelishdi. Yahyo ularga shunday dedi: «Yomon yo‘lingizdan qaytib, tavba qilinglar. Ibrohimning avlodi bo‘lganingiz uchun o‘zingizni o‘zgacha deb hisoblamanglar. Uning avlodi bo‘lganingiz bilan Xudoning farzandlari bo‘lib qolmaysizlar».

Ko‘p odamlar Yahyoning oldiga kelib: «Xudoni rozi qilish uchun nima qilishimiz kerak?» — deb so‘radi. Yahyo ularga: «Agar kiyimingiz ikkita bo‘lsa, bittasini muhtojlikda yashayotgan kishiga bering»,— dedi. U nega bunday deganini bilasizmi? Yahyo Xudoning roziligini olish uchun boshqalarni yaxshi ko‘rish muhim ekanini odamlarga tushuntirmoqchi edi.

U soliqchilarga: «Halol bo‘linglar, hech kimni aldamanglar»,— deb aytdi. Askarlarga bo‘lsa: «Pora olmanglar va yolg‘on gapirmanglar»,— dedi.

Ruhoniylar va levilar ham Yahyoning oldiga kelib: «Sen kimsan? Hamma kim ekaningni bilishni istayapti»,— deyishdi. Yahyo javoban: «Men Ishayo payg‘ambar bashorat qilganiday, odamlarni Yahovaga yetaklovchi sahrodagi sadoman»,— dedi.

Odamlarga Yahyoning o‘rgatayotgan narsalari juda yoqardi. Ko‘pchilik «U Masih emasmikin?» deb o‘ylardi. Ammo Yahyo ularga shunday dedi: «Mendan ham buyukroq inson kelyapti! Men uning sandallarining bog‘ichini yechishga ham arzimayman. Men odamlarni suvga cho‘mdiryapman, lekin u muqaddas ruhga cho‘mdiradi».

«U shohid sifatida nur haqida shohidlik qilish uchun keldi, toki u orqali turli odamlar ishonch hosil qilishsin». (Yuhanno 1:7)