Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

78-DARS

Iso Shohlik haqida va’z qiladi

Iso Shohlik haqida va’z qiladi

Suvga cho‘mganidan ko‘p o‘tmay, Iso: «Xudoning Shohligi yaqinlashib qoldi»,— deb va’z qila boshladi. U Jalila va Yahudiya bo‘ylab va’z qilib yurganida shogirdlari unga ergashishdi. Iso ona shahri Nosiraga qaytganida ibodatxonaga kirdi va Ishayo payg‘ambarning o‘rama bitigini ochdi. U ovoz chiqarib: «Xushxabarni va’z qilishim uchun Yahova menga muqaddas ruhini berdi»,— degan so‘zlarni o‘qidi. Bu so‘zlar nimani anglatadi? Odamlar Isoning mo‘jizalarini ko‘rishni istashardi. Ammo muqaddas ruh unga eng avvalo xushxabarni va’z qilishi uchun berilgandi. Keyin Iso uni tinglayotganlarga: «Bugun bu bashorat amalga oshdi»,— dedi.

Bundan keyin Iso Jalila dengiziga bordi va o‘sha yerda to‘rtta baliqchini uchratdi. Keyinchalik ular uning shogirdlari bo‘lishdi. Iso ularni: «Mening ortimdan yuringlar, men sizlarni odam ovchilari qilaman»,— deb chaqirdi. Ularning ismlari Butrus, Idris, Yoqub va Yuhanno edi. Bu kishilar o‘sha zahoti baliq ovlash ishini tashlab, unga ergashishdi. So‘ng butun Jalila bo‘ylab Yahovaning Shohligi haqida va’z qilib yurishdi. Ular ibodatxonalarda, bozor maydonlarida va ko‘chalarda va’z qilishardi. Qaerga borishmasin, ularning ortidan ulkan olomon ergashib yurardi. Iso haqidagi xabar hamma joyga, hatto Suriyagacha yoyildi.

Vaqt o‘tib Iso ayrim izdoshlariga odamlarni sog‘aytirish va jinlarni quvib chiqarish qudratini berdi. Boshqalari esa u bilan shaharma-shahar va qishloqma-qishloq va’z qilishga borishdi. Bir qancha sadoqatli ayollar Isoga va uning izdoshlariga g‘amxo‘rlik qilishardi. Ular orasida magdalalik Maryam, Yo‘anna va Susanna ham bor edi.

Shogirdlariga ta’lim bergach, Iso ularni va’z qilishga jo‘natdi. Ular Jalila bo‘ylab yurishganida ko‘p odamlar Isoning shogirdi bo‘ldi va suvga cho‘mdi. Bunday odamlar shunchalik ko‘p ediki, Iso ularni o‘rim-yig‘imga tayyor dalaga o‘xshatdi. U: «Hosilni yig‘ish uchun ko‘proq ishchilarni yuborsin deb, Yahovaga iltijo qilinglar»,— dedi. Keyinroq Iso 70 ta shogirdini tanlab, ularni ikkita-ikkitadan butun Yahudiya bo‘ylab va’z qilishga yubordi. Ular har xil odamlarga Shohlik haqida ta’lim berishdi. Qaytib kelishganida esa xizmatda nimalar yuz berganini Isoga aytishga oshiqishdi. Qanchalik urinmasin, Shayton va’zgo‘ylik ishini sira to‘xtata olmadi.

Iso osmonga qaytganidan keyin ham shogirdlari ushbu muhim ishni davom ettirishiga amin edi. U shogirdlariga: «Butun dunyo bo‘ylab xushxabarni va’z qilinglar. Odamlarga Xudoning Kalomi haqida ta’lim berib, ularni suvga cho‘mdiringlar»,— dedi.

«Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni men boshqa shaharlarda ham va’z qilishim kerak. Axir men shuning uchun yuborilganman». (Luqo 4:43)