Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

79-DARS

Iso ko‘p mo‘jizalar yaratadi

Iso ko‘p mo‘jizalar yaratadi

Iso yer yuziga Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni va’z qilish uchun kelgan edi. Yahova Isoga mo‘jizalar yaratishi uchun muqaddas ruhini bergandi. Bu tufayli u Shoh bo‘lganida nimalar qilishini odamlar bilib olardi. U har qanday kasallikni davolay olardi. Qaerga bormasin, kasal odamlar Isodan yordam so‘rab kelishardi va u ularning hammasiga shifo berardi. Ko‘rlarning ko‘zlari ochilardi, karlar eshita boshlardi, shol bo‘lgan kishilar yurib ketardi va jinga chalinganlar ozod bo‘lardi. Kasallar hatto Isoning kiyimi etagiga qo‘l tekkizib, shifo topardi. U qayerga bormasin, odamlar unga ergashardi. U yolg‘iz qolishni istagan paytda ham yoniga kelgan odamlarni haydab yubormasdi.

Bir safar odamlar shol bo‘lib qolgan kishini Iso turgan uyga olib kelishdi. Biroq uyda juda ko‘p odam to‘planganidan ular ichkariga kira olishmadi. Shunda ular tomda teshik ochishdi-da, shol odamni Isoning yoniga tushirishdi. Iso esa shol kishiga: «O‘rningizdan turib, yuring»,— dedi. O‘sha odam yura boshladi va hamma hayron qoldi.

Boshqa safar Iso bir qishloqqa kirayotganida moxov kasaliga chalingan o‘nta kishi uzoqda turib: «Iso, bizga yordam bering!» — deb baqirdi. O‘sha paytlarda moxovlar boshqa odamlarning oldiga yaqinlashishi taqiqlanardi. Iso ularga ma’badga borishni buyurdi, chunki Yahovaning Qonuniga ko‘ra moxovlar tuzalganidan keyin u yerga borishlari kerak edi. Ular yo‘lda ketayotganida sog‘ayib ketishdi. Moxovlardan biri tuzalganini payqab, Isoga rahmat aytish va Xudoni sharaflash uchun orqaga qaytdi. O‘nta kishidan faqat bittasi Isoga minnatdorchilik bildirdi.

12 yildan beri kasal bo‘lgan bir ayol ko‘p davolansa ham shifo topmayotgan edi. U xaloyiq orasida Isoning ortidan kelib, ustki kiyimining etagiga qo‘l tekkizdi va o‘sha zahoti sog‘ayib ketdi. Shunda Iso: «Menga kim tegdi?» — deb so‘radi. Ayol qo‘rqib ketdi, lekin oldinga chiqib Isoga bor gapni aytdi. Iso unga tasalli berib: «Singlim, eson-omon boravering»,— dedi.

Yair ismli ibodatxona boshlig‘i Isoga yolvorib: «Iltimos, uyimga keling! Qizalog‘im qattiq kasal»,— dedi. Biroq Iso Yairning uyiga yetib borgunicha qizaloq o‘ldi. Iso kelganida ko‘p odamlar Yairning oilasi bilan birga qayg‘urayotganini ko‘rdi. Iso ularga: «Yig‘lamanglar, qizcha uxlayapti, xolos»,— deb aytdi. Keyin qizchaning qo‘lidan ushlab, unga: «Qizaloq, o‘rningdan tur!» — dedi. Qizcha shu ondayoq turdi va Iso ota-onasiga unga ovqat berishni aytdi. Qizchaning ota-onasi qanchalik quvonganini bir tasavvur qiling!

«Alloh... Isoni muqaddas ruhi hamda qudrati bilan Masih qilib tayinladi va u Iblis azob bergan odamlarni davolab, butun yurt bo‘ylab barchaga yaxshilik qilib yurardi, chunki Xudo u bilan edi». (Havoriylar 10:38)