Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

84-DARS

Iso suv ustida yuradi

Iso suv ustida yuradi

Iso nafaqat kasallarga shifo berib, o‘liklarni tiriltirardi, balki shamol va yomg‘irni ham boshqara olardi. U tog‘da ibodat qilib bo‘lgach, Jalila dengiziga qaradi va bo‘ron ko‘tarilganini ko‘rdi. Bu payt qayiqda bo‘lgan havoriylar zo‘r berib shamolga qarshi suzayotgandi. Iso tog‘dan tushib, suv ustidan ularning qayig‘i tomon yura boshladi. Havoriylar suv ustidan kimdir yurib kelayotganini ko‘rib qo‘rqib ketishdi. Ammo Iso ularga: «Qo‘rqmanglar, bu menman!» — dedi.

Butrus esa: «Hazratim, agar bu siz bo‘lsangiz, menga buyuring, men ham suv ustida yurib yoningizga boray»,— deb aytdi. Iso unga: «Keling!» — dedi. Shunda Butrus qayiqdan chiqib, suv ustida yurgancha Iso tomon qadam bosdi. Ammo Isoga yaqinlashay deb qolganida, Butrus bo‘ronga qarab qo‘rqib ketdi va cho‘ka boshladi. U Isoga: «Hazratim, meni qutqaring!» — deya hayqirdi. Iso qo‘lini cho‘zib, uni ushlab oldi-da: «Eh, imoni sust, nega shubhalandingiz?» — dedi.

Iso va Butrus qayiqqa chiqishi bilanoq, bo‘ron tinchib qoldi. Shu payt havoriylar nimalarni his etganini bir tasavvur qiling-a! Ular: «Siz chindan ham Xudoning O‘g‘li ekansiz»,— deyishdi.

Bu voqea Iso tabiat kuchlarini boshqargan yagona vaziyat emas. Yana bir safar Iso havoriylari bilan dengizning narigi sohiliga suzib ketdi. O‘shanda Iso qayiqning orqa tomonida uxlab qoldi. U uxlayotganida kuchli bo‘ron ko‘tarildi. To‘lqinlar qayiqqa urilib, uni suvga to‘ldirib yubordi. Havoriylar Isoni uyg‘otib: «Ustoz, Ustoz, halok bo‘lyapmiz! Bizga yordam bering!» — deb baqirishdi. U o‘rnidan turib, dengizga: «Jim bo‘l!» — deb buyurdi. O‘sha zahoti shamol tinib, dengiz tinchlanib qoldi. Iso havoriylariga: «Ishonchingiz qani?» — dedi. Ular bir-biriga shunday deyishdi: «Hatto shamol va dengiz unga bo‘ysunyapti-ya?!» Havoriylar bu voqeadan yaxshi saboq olishdi: agar ular Isoga to‘liq tayansa, hech narsadan qo‘rqmasa ham bo‘ladi.

«Yorug‘ dunyoda Yahovaning himmatini ko‘rishga ishonmasam, holim ne kechadi?» (Zabur 27:13)