Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

86-DARS

Iso Lazarni tiriltiradi

Iso Lazarni tiriltiradi

Baytaniya degan qishloqda Isoning uchta yaqin do‘sti: Lazar va uning ikkita singlisi Maryam hamda Marta yashardi. Bir kuni Iso Iordan daryosining narigi tomonida bo‘lganida, Maryam bilan Marta unga shoshilinch xabar yuborishdi. Ular: «Akamiz Lazar qattiq kasal bo‘lib qoldi. Iltimos, tezroq keling!» — deyishdi. Iso o‘sha zahoti yo‘lga chiqmadi, u yana ikki kun kutdi. Bu orada Lazar vafot etdi. Keyin Iso shogirdlariga: «Yuringlar, Baytaniyaga boramiz. Lazar uxlab qoldi, men uni uyg‘otgani ketyapman»,— dedi. Ular esa: «Agar u uxlab qolgan bo‘lsa, sog‘ayib ketadi»,— deb javob qaytarishdi. Shunda Iso ularga ochig‘ini aytdi: «Lazar vafot etdi».

Iso Baytaniyaga yetib kelganida, Lazar dafn etilganiga to‘rt kun bo‘lgandi. Ko‘p odamlar Marta bilan Maryamga tasalli berish uchun keldi. Marta Iso kelayotganini eshitib, uni kutib olgani yugurib ketdi. U Isoga: «Hazrat, agar shu yerda bo‘lganingizda akam o‘lmasdi»,— deb aytdi. Iso unga: «Marta, akangiz tiriladi. Siz bunga ishonasizmi?» — dedi. Marta bo‘lsa: «Ha, o‘lganlar hayotga qaytgan paytda tirilishiga ishonaman»,— deb javob berdi. Iso unga: «Men tirilish va hayotdirman»,— dedi.

Keyin Marta Maryamning oldiga borib: «Iso keldi»,— deb aytdi. Shunda Maryam Isoning oldiga yugurib ketdi va ortidan ko‘p odam ergashdi. U Isoning oyoqlariga o‘zini tashlab: «Hazrat, shu yerda bo‘lganingizda edi, akamiz o‘lmasdi!» — dedi. Maryamning qattiq qayg‘urayotganini ko‘rib, Iso yig‘lab yubordi. Uning yig‘layotganini ko‘rgan xaloyiq: «Qaranglar, Iso Lazarni qattiq yaxshi ko‘rar ekan»,— dedi. Ammo ba’zilar hayron bo‘lib: «Unda nega do‘stini qutqarmadi?» — deyishdi. Xo‘sh, keyin Iso nima qildi?

Iso qabr boshiga keldi, uning og‘ziga katta tosh qo‘yilgan edi. Iso: «Toshni yumalatinglar!» — dedi. Marta esa: «Hazrat, u hidlanib qolgan bo‘lsa kerak, axir qabrga qo‘yganimizga to‘rt kun bo‘ldi-ku»,— deb aytdi. Shunday bo‘lsa-da, toshni yumalatishdi va Iso quyidagicha ibodat qildi: «Ota, meni eshitganing uchun Sendan minnatdorman. Meni doimo eshitishingga aminman, lekin atrofimdagi odamlar Sen meni yuborganingni bilishlari uchun buni aytdim». Keyin u baland ovozda: «Lazar, tashqariga chiq!» — dedi. Kutilmaganda hayratlanarli voqea sodir bo‘ldi: qabr ichidan kafanga o‘ralgan Lazar chiqib keldi. Iso: «Yura olishi uchun kafanini yechinglar»,— deb aytdi.

Bu mo‘jizani ko‘rgan odamlarning ko‘pchiligi Isoga ishondi. Ammo ba’zilar farziylarning oldiga borib, bu haqda aytib berishdi. Shunda farziylar Lazar bilan Isoni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. 12 ta havoriydan biri Yahudo Ishqariyot farziylarning oldiga borib: «Isoni tutishga yordam bersam, menga qancha to‘laysizlar?» — deb so‘radi. Ular 30 kumush tanga berishga rozi bo‘lishdi. O‘sha paytdan boshlab, Yahudo Isoni farziylarga tutib berish uchun qulay fursat izlay boshladi.

«Bizga najot berayotgan Xudo — haq Tangridir, Oliy Hukmdor bo‘lmish Yahova o‘limdan xalos etadi». (Zabur 68:20)