Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

87-DARS

Hazratimizning kechlik taomi

Hazratimizning kechlik taomi

Yahudiylar har yili nison oyining 14-kuni Fisih bayramini nishonlardi. Bu bayram Yahova ularni Misrdagi qullikdan qay yo‘sin ozod etganini hamda va’da qilingan yurtga olib kirganini eslatib turardi. Milodiy 33-yili Iso va havoriylar Quddusdagi bir uyning boloxonasida Fisih bayramini nishonlashdi. Ular taomni yeb bo‘lgach, Iso: «Bittangiz menga xiyonat qilasiz»,— deb aytdi. Havoriylar bundan xafa bo‘lib, Isodan: «Kim ekan u?» — deya so‘ray boshlashdi. Iso bo‘lsa: «Mana bu nonni kimga bersam, u o‘sha»,— deb javob qaytardi. Keyin u bir burda nonni Yahudo Ishqariyotga uzatdi. Yahudo darhol turib, xonadan chiqib ketdi.

So‘ng Iso ibodat qilib, nonni sindirdi-da, qolgan havoriylarga uzatdi. Iso ularga: «Nonni yenglar. Non sizlar uchun fido qilinadigan tanamni bildiradi»,— deb aytdi. Keyin u sharobni olib yana ibodat qildi-da, uni havoriylarga uzatdi. Iso shunday dedi: «Sharobni ichinglar. Sharob gunohlaringiz kechirilishi uchun to‘kiladigan qonimni bildiradi. Va’da beraman, sizlar men bilan osmonda shohlar bo‘lasiz. Meni eslab turish uchun har yili shunday qilinglar». Isoning izdoshlari hanuzgacha bu kunni yodga olish uchun yig‘ilishadi. Bu uchrashuv bugungi kunda «Qutlug‘ Kechlik» yoki «Hazratimizning kechlik taomi» deb ataladi.

So‘ngra havoriylar oralarida kim eng buyukligi borasida bahslashishdi. Ammo Iso ularga shunday dedi: «Kimki o‘zini past olsa, o‘sha inson orangizda eng buyuk bo‘ladi.

Sizlar mening do‘stlarimsiz. Otamdan nimaiki eshitgan bo‘lsam, barchasini sizlarga aytib berdim. Tez orada men Otamning oldiga, osmonga ketaman. Sizlar esa shu yerda qolasiz. Agar bir-biringizni sevsangiz, odamlar sizlar mening shogirdlarim ekaningizni bilib olishadi. Men sizlarni sevganimdek, sizlar ham bir-biringizni sevinglar».

Oxiri Iso ibodat qilib, Yahovadan shogirdlarini himoyalashni, ular birlikda mehnat qilishlari uchun yordam berishni so‘radi. Shuningdek, Yahovaning ismi muqaddas bo‘lishini so‘rab ibodat qildi. Keyin Iso bilan havoriylari Yahovaga hamd-u sanolar kuylagancha tashqariga chiqishdi. Iso hibsga olinadigan payt yaqinlashib qolgandi.

«Qo‘rqma, ey kichik poda, chunki samoviy Otangiz sizlarga Shohlikni berishni ma’qul ko‘rdi». (Luqo 12:32)