Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

88-DARS

Iso hibsga olinadi

Iso hibsga olinadi

Iso havoriylari bilan Qidron vodiysidan o‘tib Zaytun tog‘iga bordi. Vaqt yarim kechadan o‘tib qolgan edi va osmonda to‘lin oy ko‘rinib turardi. Ular Getsemaniya bog‘iga yetib kelganida Iso shogirdlariga: «Shu yerda qolib, hushyor turinglar»,— dedi. So‘ng o‘zi nariroqqa borib tiz cho‘kdi va qattiq qayg‘urib Yahovaga: «Hammasi Sen istagandek bo‘lsin»,— deb ibodat qildi. Yahova esa Isoga dalda berish uchun farishtasini yubordi. Iso qaytib kelib qarasa, havoriylar uxlab yotishgan ekan. Shunda u havoriylarga: «Turinglar! Hozir uxlaydigan payt emas. Men dushmanlar qo‘liga tutib beriladigan vaqt keldi»,— deb aytdi.

Shu payt Yahudo bir to‘da odamlarni boshlab keldi. Ularning qo‘lida qilichlar va tayoqlar bor edi. Yahudo Isoni qayerdan topishni bilardi, chunki Iso shogirdlari bilan bu bog’ga tez-tez kelib turardi. Yahudo askarlar bilan kelishib, belgi berib ularga Isoni ko‘rsatishni aytgandi. Yahudo Isoning yoniga kelib: «Salom, Ustoz!» — dedi-da, uni o‘pdi. Iso unga: «Yahudo, menga o‘pich bilan xiyonat qilyapsizmi?» — dedi.

Iso o‘sha odamlarga peshvoz chiqib: «Kimni qidiryapsizlar?» — deb so‘radi. Ular: «Nosiralik Isoni»,— deb javob qaytarishdi. Iso: «O‘sha menman»,— deb aytganida, ular orqaga chekinib, yerga yiqilishdi. Shunda Iso ulardan yana: «Kimni qidiryapsizlar?» — deb so‘radi. Ular: «Nosiralik Isoni»,— deb takrorlashdi. Iso shunday dedi: «O‘sha men ekanligimni sizlarga aytdim-ku. Shogirdlarimni qo‘yib yuboringlar».

Nimalar bo‘layotganini tushunganida, Butrus qilichini qinidan chiqardi-da, oliy ruhoniyning quliga bir urib, qulog‘ini kesib tashladi. Uning ismi Malxus edi. Biroq Iso Malxusning qulog‘iga qo‘lini tekkizib, uni sog‘aytirdi. Keyin Iso Butrusga: «Qilichni qiniga solib qo‘ying. Chunki qilich bilan jang qilsangiz, qilichdan halok bo‘lasiz»,— dedi. Askarlar Isoni ushlab, qo‘llarini bog‘lashdi, havoriylar esa qochib ketishdi. Askarlar Isoni bosh ruhoniy Hananning huzuriga olib borishdi. Hanan uni so‘roq qilgach, oliy ruhoniy Kayafaning uyiga jo‘natib yubordi. Havoriylar bilan-chi, nima yuz berdi?

«Dunyoda sizlarni qayg‘u-alam kutyapti, ammo dadil bo‘ling! Men dunyoni yengdim». (Yuhanno 16:33)