Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

89-DARS

Butrus Isodan tonadi

Butrus Isodan tonadi

Iso havoriylari bilan boloxonada o‘tirganida, ularga: «Bugun kechasi hammangiz meni tashlab ketasizlar»,— dedi. Butrus bo‘lsa: «Yo‘q! Hamma sizni tashlab ketsa ham, men aslo tashlab ketmayman»,— deb aytdi. Biroq Iso unga: «Xo‘roz qichqirmasdanoq, siz uch marta meni tanimasligingizni aytasiz»,— dedi.

Askarlar Isoni Kayafaning uyiga olib ketishayotganida, havoriylarning ko‘pi qochib ketdi. Ammo ulardan ikkitasi to‘daning ortidan ergashdi. Ulardan biri Butrus edi. U Kayafaning hovlisiga keldi va gulxan oldida isinib turdi. Bir cho‘ri qiz gulxan yorug‘ida Butrusni ko‘rib, unga: «Men sizni bilaman! Siz Iso bilan birga edingiz!» — dedi.

Butrus: «Yo‘q, men u bilan emasdim! Nima deyayotganingizni tushunmayapman!» — deb javob berdi. Keyin u darvoza tomonga qarab ketdi. Biroz vaqt o‘tgach, boshqa cho‘ri qiz uni ko‘rib, yonidagilarga: «Bu odam Iso bilan birga edi!» — deb aytdi. Butrus esa: «Men Isoni tanimayman!» — dedi. O‘sha yerdagilardan bittasi unga: «Siz aniq ulardan birisiz. Axir shevangizdan Iso kabi jalilalik ekaningiz ko‘rinib turibdi-ku»,— deb aytdi. Biroq Butrus qasam ichib: «Men uni tanimayman!» — dedi.

Shu payt xo‘roz qichqirdi va Butrus Iso unga qayrilib qaraganini ko‘rdi. U Isoning so‘zlarini esladi va tashqariga chiqib, achchiq-achchiq yig‘ladi.

Oliy Kengash a’zolari Isoni sud qilish uchun Kayafaning uyiga yig‘ilishdi. Ular Isoni o‘ldirishga allaqachon kelishib olishgandi va endi buning uchun asos qidirishayotgandi. Biroq unga qarshi hech qanday dalil topa olishmadi. Oxiri Kayafa Isoning o‘zidan: «Sen Xudoning O‘g‘limisan?» — deb so‘radi. Iso: «Ha»,— deb javob berdi. Shunda Kayafa: «Bizga boshqa dalilning nima keragi bor? Axir u Xudoga qarshi gapiryapti-ku!» — dedi. Kengash a’zolari rozi bo‘lib: «U o‘limga loyiq»,— deyishdi. Ular Isoning yuziga tarsaki tushirishdi, unga tupurishdi, ko‘zini berkitib urishdi va: «Payg‘ambar bo‘lsang ayt-chi, seni kim urdi?» — deyishdi.

Tong otganda ular Isoni Oliy Kengash zaliga olib kelishdi va undan: «Sen Xudoning O‘g‘limisan?» — deb yana so‘rashdi. Iso javoban: «O‘sha men ekanimni o‘zlaringiz aytyapsizlar»,— dedi. Keyin ular Isoni Xudoga qarshi gapirganlikda ayblashdi va rimlik hokim Pontiy Pilatning saroyiga olib borishdi. Bundan so‘ng nimalar sodir bo‘ldi? Keling, bilib olamiz.

«Meni yolg‘iz tashlab, hammangiz uy-uyingizga qochib ketadigan vaqt kelyapti... Lekin men yolg‘iz emasman, chunki Otam men bilandir». (Yuhanno 16:32)