Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

94-DARS

Shogirdlarga muqaddas ruh tushadi

Shogirdlarga muqaddas ruh tushadi

Iso osmonga ko‘tarilganidan o‘n kun o‘tgach, uning shogirdlariga muqaddas ruh tushdi. Milodiy 33-yili Hosil bayramini nishonlash uchun odamlar yerning turli joylaridan Quddusga kelishdi. Bir uyning boloxonasida Isoning taxminan 120 ta shogirdi yig‘ildi. Nogahon ajoyib bir narsa ro‘y berdi. Shogirdlarning boshi ustida olovga o‘xshash bir narsa paydo bo‘ldi va ular turli tillarda gapira boshlashdi. Kuchli shamol esganday bir shovqin uyni tamoman to‘ldirdi.

Quddusga turli joylardan kelgan odamlar shovqinni eshitib, nima bo‘lganini ko‘rish uchun uy tomon yugurib kelishdi. Shogirdlar ularning tilida gapirayotganini ko‘rib hayron qolishdi. Ular bir-biriga: «Axir bu insonlar Jaliladan emasmi? Qanday qilib ular bizning tilimizda gapiryapti?» — deb aytishdi.

So‘ng Butrus va boshqa havoriylar xaloyiq oldida turishdi. Butrus odamlarga Iso qanday o‘ldirilgani va Yahova uni tiriltirgani haqida aytib berdi. U shunday dedi: «Hozir Iso osmonda Xudoning o‘ng tarafida o‘tiribdi hamda va’da qilganiday ustimizga muqaddas ruhni yog‘dirdi. Mana shu bois, sizlar bu mo‘jizalarni ko‘rib guvoh bo‘lyapsizlar».

Odamlar Butrusning so‘zlaridan ta’sirlanib: «Endi biz nima qilishimiz kerak?» — deb so‘rashdi. Butrus: «Gunohlaringizni tan olib, tavba qilinglar va Isoning nomi bilan suvga cho‘minglar. Shunda sizlarning ham ustingizga muqaddas ruh tushadi»,— deb javob berdi. O‘sha kuni taxminan 3 000 kishi suvga cho‘mdi. Shu paytdan boshlab, Quddusda shogirdlarning soni tobora ko‘payib bordi. Muqaddas ruhning madadi bilan havoriylar yangi jamoatlar tashkil etishdi. Shu yo‘sin ular shogirdlarga ta’lim berib, Isoning barcha amrlarini bajarishdi.

«Agar o‘z og‘zing bilan Isoning Hazrat ekanini ochiqdan-ochiq e’lon qilayotgan bo‘lsang va Alloh uni tiriltirganiga chin qalbdan ishonsang, qutqarilasan». (Rimliklarga 10:9)