Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

95-DARS

Ularni hech narsa to‘xtata olmadi

Ularni hech narsa to‘xtata olmadi

Ma’bad darvozasi oldida tug‘ma cho‘loq bir kishi har kuni sadaqa so‘rab o‘tirardi. Bir kuni peshinda o‘sha odam Butrus bilan Yuhanno ma’badga kirayotganini ko‘rib qoldi va ulardan: «Iltimos, biron narsa beringlar»,— deb so‘radi. Butrus esa: «Men sizga puldan ham yaxshiroq narsa beraman. Isoning nomidan sizga aytaman, o‘rningizdan turib yuring!» — dedi. So‘ng Butrus uni oyoqqa turg‘izdi va u yura boshladi! Bu mo‘jizani ko‘rgan odamlar rosa quvonishdi. Natijada ularning ko‘pchiligi Isoning izdoshi bo‘ldi.

Ammo ruhoniy va sadduqiylar g‘azablandi. Ular havoriylarni ushlab, mahkamaga olib borishdi. So‘ng: «Bu insonga shifo berish qudratini sizlarga kim berdi?» — deb so‘rashdi. Butrus esa: «Sizlar o‘ldirgan Iso Masih bizga bu qudratni ato etdi»,— deb javob berdi. Din rahbarlari baqirib: «Iso haqda gapirishni bas qilinglar!» — deyishdi. Ammo havoriylar: «Biz u haqda gapirishimiz kerak. Biz jim tura olmaymiz»,— deb javob berishdi.

Butrus bilan Yuhanno ozod etilgach, boshqa shogirdlarning oldiga borib, bo‘lib o‘tganlarni aytib berishdi. Ular Yahovaga ibodat qilib: «Iltimos, Sen ishonib topshirgan ishni bajarish uchun bizga jasorat ato et»,— deyishdi. Yahova ularga muqaddas ruhini berdi va ular va’z qilib, odamlarga shifo berib yurishdi. Iso izdoshlarining soni ko‘payib borardi. Sadduqiylar buni ko‘rolmaganidan havoriylarni hibsga olib, qamoqqa tashlashdi. Biroq kechasi Yahova farishtasini yubordi. Farishta qamoqxona eshiklarini ochib, havoriylarga: «Boringlar, ma’badda turib ta’lim beringlar»,— deb aytdi.

Keyingi kuni ertalab askarlar Oliy Kengash a’zolariga shunday deyishdi: «Qamoqxona eshiklari qulflangan, lekin hibsga olinganlar ichkarida yo‘q! Ular ma’badda odamlarga ta’lim berib yurishibdi!» Shunda havoriylarni yana hibsga olib, Oliy Kengashga keltirishdi. Oliy ruhoniy ularga: «Biz sizlarga Iso haqida gapirmanglar, deb buyurgandik-ku!» — deb aytdi. Ammo Butrus shunday javob berdi: «Biz odamlardan ko‘ra Xudoga ko‘proq bo‘ysunishimiz kerak».

Din rahbarlarining qattiq jahli chiqqanidan havoriylarni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi. Shunda Gamaliel ismli farziy o‘rnidan turib: «Ehtiyot bo‘linglar! Xudo bu insonlar bilan bo‘lsa-chi? Tag‘in Allohga qarshi chiqqan bo‘lmanglar»,— deb aytdi. Ular bu maslahatga quloq solishdi. Havoriylarni xivich bilan savalagach, boshqa va’z qilmaslikni buyurishdi. So‘ng ularni qo‘yib yuborishdi. Ammo bu havoriylarni to‘xtatmadi. Ular ma’badda va uyma-uy xushxabarni jasorat ila va’z qilishni davom ettirishdi.

«Biz odamlardan ko‘ra Sarvari Olamga ko‘proq bo‘ysunishimiz kerak». (Havoriylar 5:29)