Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

96-DARS

Iso Shoulni tanlaydi

Iso Shoulni tanlaydi

Shoul Rim fuqarosi bo‘lib, Tars shahrida tug‘ilgan edi. U yahudiylarning qonunini yaxshi biladigan farziy edi va masihiylarni yomon ko‘rardi. Shoul masihiy erkag-u ayollarni uylaridan sudrab chiqib, qamoqqa tashlardi. U hatto g‘azabga mingan odamlar Stefan ismli shogirdni toshbo‘ron qilib o‘ldirganini bir chetda turib tomosha qilgandi.

Shoul Quddusdagi masihiylarni hibsga olish bilan kifoyalanmadi. U oliy ruhoniydan uni Damashq shahriga yuborishni so‘radi. Chunki o‘sha yerdagi masihiylarni ham tutmoqchi edi. U shaharga yaqinlashganida, to‘satdan atrofini nur yarqiratib yubordi va u yerga yiqildi. Bir ovoz unga: «Shoul, nimaga meni ta’qib qilyapsan?» — dedi. Shoul esa: «Siz kimsiz?» — deb so‘radi. O‘sha ovoz javoban: «Men Isoman. Damashqqa bor, o‘sha yerda nima qilishing kerakligini bilib olasan»,— dedi. Shu payt Shoulning ko‘zlari ko‘rmay qoldi va uni yetaklab Damashqqa olib borishdi.

Damashqda Hananiya ismli sadoqatli masihiy yashardi. Iso unga vahiyda ko‘rinib: «To‘g‘ri deb nomlangan ko‘chadagi Yahudoning uyiga borib, Shoul ismli kishini so‘ra»,— dedi. Hananiya esa: «Hazrat, men bu odam haqida ko‘p eshitganman. U shogirdlaringizni qamoqqa tashlayapti!» — deb javob berdi. Biroq Iso: «Uning oldiga bor. Men Shoulni ko‘p xalqlarga xushxabarni va’z qilish uchun tanladim»,— deb aytdi.

Xullas, Hananiya borib Shoulni topdi-da, unga: «Birodarim Shoul, Iso meni ko‘zlaringizni ochish uchun yubordi»,— dedi. Shu zahotiyoq Shoulning ko‘zlari ko‘ra boshladi. U Iso haqida bilim olib, uning izdoshi bo‘ldi. Masihiy sifatida suvga cho‘mgach, Shoul boshqa imondoshlari bilan ibodatxonalarda va’z qila boshladi. Shoul odamlarga Iso haqida o‘rgatayotganini ko‘rib, yahudiylar qanchalik hayron qolganini bir tasavvur qiling! Ular: «Bu Isoning shogirdlarini ta’qib qilib yurgan o‘sha odam emasmi?» — deyishardi.

Shoul Damashqda yashovchi odamlarga uch yil va’z qilib yurdi. Yahudiylar Shouldan nafratlanishardi, shu bois uni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi. Lekin birodarlar bundan xabar topib, Shoulning qochib ketishiga yordam berishdi. Ular Shoulni savatga o‘tqizib, shahar devoridagi teshikdan pastga tushirishdi.

Quddusga kelib Shoul birodarlarga qo‘shilmoqchi bo‘ldi, lekin hamma undan qo‘rqdi. Shunda Barnabo ismli mehribon masihiy Shoulni havoriylarning oldiga olib bordi va u chindan ham o‘zgarganiga ularni ishontirdi. Shoul Quddusdagi jamoat bilan xushxabarni g‘ayrat ila va’z qila boshladi. Keyinchalik u Pavlus deb tanildi.

«Iso Masih gunohkorlarni qutqarish uchun dunyoga keldi... O‘sha gunohkorlarning birinchisi menman». (1 Timo‘tiyga 1:15)