Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

97-DARS

Korniliyga muqaddas ruh tushadi

Korniliyga muqaddas ruh tushadi

Kesariyada Korniliy ismli rimlik yuzboshi yashardi. U yahudiy bo‘lmasa-da, yahudiylar uni hurmat qilishardi. Korniliy kambag‘al va muhtojlarga saxiylik ila yordam berardi. U Yahovaga ishonardi va tinmay Unga ibodat qilardi. Bir kuni Korniliyga farishta ko‘rinib: «Xudo ibodatlaringni eshitdi. Yaffaga odam jo‘nat, chunki Butrus o‘sha yerda. Undan oldingga kelishini so‘ra»,— dedi. Korniliy o‘sha zahoti uchta odamni taxminan 50 kilometr janubda joylashgan Yaffa shahriga yubordi.

Bu payt Butrus Yaffada edi. U vahiyda yahudiylarga yeyish taqiqlangan hayvonlarni ko‘rdi va bir ovoz ularni yeyishni buyurdi. Butrus rad etib: «Men umrimda harom hayvonlarni yemaganman»,— dedi. O‘sha ovoz esa: «Bu hayvonlarni harom dema. Ularni Xudo pokladi»,— deb aytdi. Keyin muqaddas ruh Butrusga: «Darvoza oldida uchta odam turibdi. Ular bilan bor»,— dedi. Butrus darvoza oldiga bordi-da, ulardan nega kelishganini so‘radi. Ular javoban shunday deyishdi: «Bizni rimlik yuzboshi Korniliy yubordi. U sizni Kesariyaga, uyiga chaqiryapti». Butrus o‘sha odamlarni mehmon bo‘lib, tunab qolishga taklif qildi. Ertasi kuni u o‘sha kishilar bilan Kesariyaga jo‘nab ketdi. Bir nechta yaffalik birodarlar ham ularga qo‘shildi.

Korniliy Butrusni ko‘rishi bilan tiz cho‘kib unga ta’zim qildi. Ammo Butrus shunday dedi: «Turing, axir men ham sizga o‘xshagan odamman-ku. Garchi yahudiylar boshqa xalq vakillarining uyiga kirmasa-da, Xudo sizning uyingizga kelishimni buyurdi. Iltimos, meni nega chaqirganingizni ayting».

Bunga javoban Korniliy: «To‘rt kun oldin Xudoga ibodat qilayotgandim. To‘satdan oldimda farishta paydo bo‘lib, sizni chaqirib kelishni buyurdi. Iltimos, bizga Yahovaning so‘zlarini o‘rgating»,— dedi. Butrus esa: «Endi tushundim, Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan. Unga topinishni istagan har qanday kishini qabul qilarkan»,— deb aytdi. Butrus ularga Iso haqida ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Keyin Korniliy va u bilan bo‘lgan barchaning ustiga muqaddas ruh tushdi. Ularning hammasi suvga cho‘mdi.

«[Xudodan] qo‘rqib, to‘g‘ri yo‘l tutgan har bir kishini U millatiga qaramay qabul qilarkan». (Havoriylar 10:35)