Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

98-DARS

Masihiylik keng tarqaladi

Masihiylik keng tarqaladi

Havoriylar Isoning xushxabarni butun yer yuzi bo‘ylab yoyish haqidagi amrini bajarishdi. Milodiy 47-yili Antioxiyadagi birodarlar Pavlus bilan Barnaboni va’zgo‘ylik safariga yuborishdi. Ushbu g‘ayratli va’zgo‘ylar butun Kichik Osiyoda — Derbe, Listra va Ikoniya kabi shaharlarda va’z qilishdi.

Pavlus bilan Barnabo barchaga — boy-u kambag‘alga, yosh-u qariga xushxabarni yetkazishdi. Ko‘plar Masih to‘g‘risidagi haqiqatni qabul qildi. Pavlus va Barnabo Kipr hokimi Sergiy Pavlusga va’z qilmoqchi bo‘lishganida, bir sehrgar ularni to‘xtatishga urindi. Pavlus unga: «Yahova seni jazolaydi»,— deb aytdi. Shu zahotiyoq sehrgar ko‘r bo‘lib qoldi. Hokim Sergiy Pavlus buni ko‘rib, Isoning izdoshi bo‘ldi.

Pavlus va Barnabo hamma joyda, uyma-uy, bozorlarda, ko‘chalar-u ibodatxonalarda va’z qilishdi. Ular Listra shahrida cho‘loq bir kishini sog‘aytirishdi. Bu mo‘jizani ko‘rgan odamlar Pavlus bilan Barnaboni xudolar deb o‘ylab, ularga sig‘inmoqchi bo‘lishdi. Ammo ular odamlarni to‘xtatib, shunday deyishdi: «Faqat Allohga topininglar! Axir biz oddiy odammiz-ku!» Keyin ba’zi yahudiylar kelib, olomonni Pavlusga qarshi qayrashdi. Olomon Pavlusni toshbo‘ron qildi-da, shahar tashqarisiga olib chiqib, o‘lar holatda tashlab ketdi. Biroq u tirik qoldi. Birodarlar o‘sha zahoti yordamga kelib, uni shaharga olib kirishdi. Oradan vaqt o‘tib, Pavlus Antioxiyaga qaytdi.

Milodiy 49-yili Pavlus yana va’zgo‘ylik safariga otlandi. Kichik Osiyodagi birodarlarni ko‘rib qaytgach, u xushxabarni yanada olisroqqa, Yevropaga yetkazdi. U Afina, Efes, Filippi, Salonika va boshqa joylarga bordi. Sila, Luqo va Timo‘tiy ismli yigit Pavlusga bu safarda hamroh bo‘lishdi. Ular birgalikda jamoatlar tashkil etishdi va ularga imonda mustahkam bo‘lishga yordam berishdi. Pavlus Korinf shahrida bir yarim yil qoldi va u yerdagi birodarlarni qo‘llab-quvvatladi. U va’z qildi, ta’lim berdi va ko‘p jamoatlarga xatlar yozdi. Shuningdek, u chodir tikardi. Vaqt o‘tib, Pavlus Antioxiyaga qaytib ketdi.

Keyinchalik milodiy 52-yili Pavlus uchinchi va’zgo‘ylik safariga yo‘l olib, xizmatini Kichik Osiyodan boshladi. U uzoq shimoldagi Filippi shahriga bordi, so‘ng Korinfga yo‘l oldi. Pavlus Efes shahrida bir necha yil qolib, odamlarga ta’lim berdi, ularni sog‘aytirdi va jamoatlarga ko‘maklashdi. Shuningdek, u bir maktabda har kuni nutq so‘zladi. Ko‘p odamlar uni tinglab, yomon yo‘ldan qaytishdi. Xushxabarni ko‘p yurtlarda va’z qilgach, Pavlus oxiri Quddusga qaytdi.

«Shuning uchun boringlar, barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar». (Matto 28:19)