Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

100-DARS

Pavlus va Timo‘tiy

Pavlus va Timo‘tiy

Listra shahridagi jamoatda Timo‘tiy ismli yosh birodar bor edi. Uning otasi yunon, onasi esa yahudiy edi. Onasi Evnika hamda buvisi Loida Timo‘tiyga bolaligidanoq Yahova haqida ta’lim berishgandi.

Ikkinchi va’zgo‘ylik safari paytida Pavlus Listra shahriga tashrif buyurdi. O‘shanda Timo‘tiy birodarlarni qattiq yaxshi ko‘rishi va ularga yordam berishga tayyor ekani uning diqqatini tortdi. Pavlus Timo‘tiyni birgalikda safarga borishga taklif qildi. Vaqt o‘tib, Pavlus unga xushxabarni va’z qilishni hamda ta’lim berishni yaxshilab o‘rgatdi.

Pavlus va Timo‘tiy qayerga bormasin, muqaddas ruh ularni boshqarib turdi. Bir kuni kechasi Pavlus vahiy ko‘rdi. Vahiyda bir kishi: «Makedoniyaga kelib, bizga yordam bering»,— deb yolvorayotgan edi. Shunda Pavlus, Timo‘tiy, Sila va Luqo o‘sha yerga va’z qilgani borib, jamoatlar tashkil etishdi.

Makedoniyaning Salonika shahridagi ko‘pgina ayollar-u erkaklar Isoning izdoshi bo‘lishdi. Ammo ba’zi yahudiylar Pavlus va uning hamrohlariga hasad qilishdi. Ular odamlarni yig‘ib, bir to‘da bo‘lishdi-da, birodarlarni shahar boshliqlari oldiga sudrab borishdi. Ular: «Bu kishilar Rim hukumatiga qarshi chiqishyapti!» — deb baqirishdi. Pavlus va Timo‘tiyning hayoti xavf ostida qolgani uchun, ular kechasi Veriya shahriga qochib ketishdi.

Veriyadagi odamlar xushxabarni katta ishtiyoq bilan tinglashdi. Ularning orasidagi yunonlar-u yahudiylar Isoning izdoshi bo‘lishdi. Lekin Salonika shahridan kelgan ba’zi yahudiylar xaloyiqni Pavlusga qarshi gijgijlashdi. Shunda Pavlus Afinaga ketdi. Timo‘tiy va Sila bo‘lsa, Veriyada qolib, birodarlarning imonini mustahkamlashdi. Vaqt o‘tib, Pavlus qattiq quvg‘unlarga duch kelayotgan birodarlarga yordam berish uchun Timo‘tiyni yana Salonikaga jo‘natdi. Keyinchalik, Pavlus Timo‘tiyni ko‘pgina boshqa jamoatlarga tashrif buyurib, imondoshlarga dalda berish uchun yubordi.

Pavlus Timo‘tiyga: «Yahovaga xizmat qilishni istaydigan barcha ta’qiblarga duchor bo‘ladi»,— deb aytgandi. Timo‘tiy imoni uchun ta’qib qilinib, qamoqqa tashlandi. U Yahovaga bo‘lgan sadoqatini isbotlay olganidan xursand edi.

Pavlus filippiliklarga: «Men oldingizga Timo‘tiyni yuboryapman. U sizlarga Yahovaning yaxshi xizmatchisi sifatida hayot kechirishni va qanday va’z qilishni o‘rgatadi»,— deb aytdi. Pavlus Timo‘tiyga ishonish mumkinligini bilardi. Ular ko‘p yillar davomida do‘st va hamkor sifatida birga xizmat qilishdi.

«U kabi fe’l-atvorga ega bo‘lgan, sizlar uchun chin dildan g‘am cheka oladigan boshqa hech kimim yo‘q. Boshqalar Iso Masihga nima ma’qul kelishini emas, o‘z manfaatlarini ko‘zlaydilar». (Filippiliklarga 2:20, 21)