Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

101-DARS

Pavlus Rimga yuboriladi

Pavlus Rimga yuboriladi

Pavlusning uchinchi va’zgo‘ylik safari Quddusda yakunlandi. O‘sha yerda uni hibsga olib, qamoqqa tashlashdi. Pavlus kechasi vahiy ko‘rdi. Vahiyda Iso: «Sen Rimga borib, o‘sha yerda va’z qilasan»,— dedi. Pavlusni Quddusdan Kesariyaga olib ketishdi va o‘sha yerda u ikki yil qamoqda o‘tirdi. Hokim Fest oldida hukm qilinayotganda, Pavlus unga: «Meni Rimda podshoh hukm etishini talab qilaman»,— dedi. Fest esa: «Podshohning hukmini talab qildingmi, uning oldiga borasan»,— deb aytdi. Shunday qilib, Pavlusni Rimga ketayotgan kemaga mindirishdi. Luqo va Aristarx ismli ikkita birodar ham u bilan birga borishdi.

Dengizda kuchli bo‘ron ko‘tarilib, bir necha kun davom etdi. Hamma biz o‘lsak kerak deb o‘yladi. Ammo Pavlus shunday dedi: «Ey odamlar, farishta menga vahiyda ko‘rinib: “Qo‘rqma, Pavlus. Sen Rimga yetib borasan va kemada sen bilan bo‘lgan barcha omon qoladi”,— dedi. Bardam bo‘linglar! Biz o‘lmaymiz».

Bo‘ron 14 kun davom etdi. Oxiri quruqlik ko‘rindi. Bu Malta oroli edi. Kema sayozlikka tiqilib, to‘lqinlarning zarbasidan parchalana boshladi. Ammo kemadagi 276 ta odamning hammasi eson-omon quruqlikka chiqib oldi. Ayrimlar suzib, boshqalar esa kemaning siniq bo‘laklariga ilashib, sohilga yetib olishdi. Malta aholisi ularga g‘amxo‘rlik qilib, isinib olishlari uchun gulxan yoqib berdi.

Uch oy o‘tganidan keyin askarlar Pavlusni boshqa kemada Rimga olib ketishdi. U yetib kelganida birodarlar uni kutib olishdi. Ularni ko‘rib Pavlus Yahovaga rahmat aytdi va jasoratga to‘ldi. Garchi mahbus bo‘lsa-da, Pavlusga ijaraga olingan uyda bir askarning nazorati ostida yashashga ruxsat berishdi. Pavlus u yerda ikki yil yashadi. Uni ko‘rgani odamlar kelib-ketardi. Pavlus ularga Xudoning Shohligi haqida va’z qilib, Iso to‘g‘risida ta’lim berardi. U shuningdek, Kichik Osiyo va Yahudiyadagi jamoatlarga maktublar yozdi. Shu yo‘sin, Yahova boshqa xalqlarga xushxabarni yetkazish uchun Pavlusdan foydalandi.

«Har taraflama o‘zimizni Allohning xizmatchilari sifatida tavsiya etyapmiz. Buni ko‘p sinovlarga chidashda, g‘am-qayg‘ularda, muhtojlikda, qiyinchiliklarda [ko‘rsatyapmiz]». (2 Korinfliklarga 6:4)