Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

7-BOB

Xalqlar «Men Yahova ekanimni bilib olishadi»

Xalqlar «Men Yahova ekanimni bilib olishadi»

HIZQIYO 25:17

BU BOBDA: Xudoning ismini haqorat qilgan xalqlar bilan Isroilning munosabatlaridan oladigan saboqlar

1, 2. a) Qaysi ma’noda Isroil bo‘rilar orasida yolg‘iz qolgan qo‘yga o‘xshardi? (Bobning boshidagi rasmga qarang.) b) Isroilliklar va ularning shohlari nimaga yo‘l qo‘yishgan?

YUZLAB yillar davomida Isroil bo‘rilar orasida yolg‘iz qolgan qo‘yga o‘xshardi. Ommonliklar, mo‘abliklar va edomliklar Isroilga sharqiy tarafdan tahdid qilishgan. Filistimliklar Isroilning doimiy dushmani bo‘lib, uning g‘arbida joylashgan. Shimolda boy va ulkan tijoriy imperiya markazi bo‘lmish Tir shahri bo‘lgan. Janubda esa shoh-xudo fir’avn tomonidan boshqarilgan qadimiy Misr xalqi yashagan.

2 Isroilliklar Yahovaga tayanishganida, U ularni dushmanlaridan himoya qilgan. Lekin Uning xalqi va shohlari atrofdagi xalqlar ularga salbiy ta’sir qilishiga qayta-qayta yo‘l qo‘yishgan. Irodasiz shoh Axab shunday misollardan biridir. Yahudo shohi Yohushafat uning zamondoshi edi. Axab esa o‘n qabilali Isroil shohligi ustidan boshqargan. U Sidon shohining qiziga uylangan edi. Sidon shohi gullab-yashnagan Tir shahri ustidan boshqargan. Izabel ismli bu ayol mutaassiblarcha Baalga sig‘inishni Isroilda olg‘a surib, pok topinish misli ko‘rilmagan miqyosda bulg‘anishi uchun eriga ta’sir qilgan. (3 Shoh. 16:30–33; 18:4, 19)

3, 4. a) Isroil haqida bashorat qilgach, Hizqiyo kimlar haqida gapirgan? b) Qanday savollarga javob olamiz?

3 Yahova Unga sadoqatsizlik qilish qanday oqibatlarga olib kelishi haqida O‘z xalqini ogohlantirdi. Oxiri Yahovaning sabr kosasi to‘ldi. (Yerm. 21:7, 10; Hiz. 5:7–9) Mil. avv. 609-yili Bobil qo‘shini va’da qilingan yurtga uchinchi marta qaytib keldi. Taxminan o‘n yil oldin ular oxirgi marta bostirib kelgandi. Bu safar ular Quddus devorlarini buzib tashlab, Navuxodonosorga qarshi isyon ko‘targanlarni qirib tashlashdi. Qamal boshlanganida Hizqiyo ilohiy ilhom ostida olgan bashoratlarning tafsilotlari dahshatli tarzda amalga oshdi. Keyin esa payg‘ambar va’da qilingan yurt atrofida yashovchi xalqlar bilan nima yuz berishi haqida gapirdi.

Yahovaga qarshi chiqqan xalqlar o‘z qilmishlarining oqibatlaridan qochib qutula olishmaydi

4 Yahova Hizqiyoga Quddus vayron qilinganida Yahudoning dushmanlari bundan quvonishini va qochib qutulganlarga tinchlik bermasligini oshkor etdi. Biroq Yahovaga qarshi chiqqan va Uning xalqini ta’qib qilib, ularga salbiy ta’sir ko‘rsatgan xalqlar o‘z qilmishlarining oqibatlaridan qochib qutula olishmaydi. Isroilning o‘sha xalqlar bilan o‘zaro munosabatlaridan qanday amaliy saboqlar olishimiz mumkin? Hizqiyoning xalqlarga qarata aytgan bashoratlari bizga qanday umid bermoqda?

Isroilni «masxara qilgan» qarindoshlari

5, 6. Ommonliklar va isroilliklarni qanday rishtalar bog‘lab turgan?

5 Ommon, Mo‘ab va Edom qaysidir ma’noda Isroilning qon-qarindoshlari bo‘lishgan. Oilaviy rishtalar va umumiy tarixga ega bo‘lishganiga qaramay, o‘sha xalqlar uzoq vaqt davomida Xudoning xalqiga dushmanlik qilib, ularni «masxara qilgan». (Hiz. 25:6)

6 Ommonliklar. Ular Ibrohimning jiyani Lutning avlodlari bo‘lib, uning kichik qizidan kelib chiqqan. (Ibt. 19:38) Ularning tili ibroniychaga juda yaqin bo‘lib, Xudoning xalqi uni tushungan bo‘lishi mumkin. Oilaviy rishtalar borligi uchun Yahova isroilliklarga ommonliklarga qarshi urush ochmaslikni aytgan. (Qonun. 2:19) Biroq hakamlar davrida ommonliklar Mo‘ab shohi Eglonga qo‘shilib Isroilga jabr-zulm qilishgan. (Hak. 3:12–15, 27–30) Keyinchalik Shoul shoh bo‘lganida ommonliklar Isroilga hujum qilishgan. (1 Shoh. 11:1–4) Shoh Yohushafat davrida ular yana mo‘abliklarning qo‘shini bilan birlashib va’da qilingan yurtga bostirib kirishgan. (2 Sol. 20:1, 2)

7. Mo‘abliklar Isroilning avlodlari bo‘lmish qarindoshlariga qanday muomala qilishgan?

7 Mo‘abliklar ham Lutning avlodlari bo‘lib, uning katta qizidan kelib chiqqan. (Ibt. 19:36, 37) Yahova isroilliklarga Mo‘abga qarshi jang boshlamaslikni aytgan. (Qonun. 2:9) Biroq mo‘abliklar yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishmagan. Isroilliklar Misrdan qullikdan qochib kelishayotganida, ularga yordam berishning o‘rniga, va’da qilingan yurtga kirishga to‘sqinlik qilishgan. Mo‘ab shohi Boloq isroilliklarni la’natlasin deya Balomni yollagan. Shuningdek, Balom Boloqni isroillik erkaklarni axloqsizlik va butparastlikka og‘dirib, yo‘ldan urishga o‘rgatgan. (Sah. 22:1–8; 25:1–9; Vah. 2:14) Mo‘abliklar asrlar davomida, to Hizqiyoning davriga qadar o‘z qarindoshlariga zulm qilishgan. (4 Shoh. 24:1, 2)

8. Nega Yahova Edomni Isroilning birodari deb atagan, biroq Edom qanday yo‘l tutgan?

8 Edomliklar Yoqubning egiz akasi Esovning avlodlari bo‘lishgan. Ular o‘rtasidagi rishtalar shunchalik yaqin bo‘lganki, Yahova edomliklar va isroilliklarni hatto birodarlar deb atagan. (Qonun. 2:1–5; 23:7, 8) Shunga qaramay, Isroil xalqi Misrdan chiqqanidan to mil. avv. 607-yili Quddus vayron qilinguniga qadar edomliklar ularga dushmanlik qilishgan. (Sah. 20:14, 18; Hiz. 25:12) Shunday paytda edomliklar bobilliklarni Quddusni yakson qilishga undab Isroil xalqining azob chekishidan xursand bo‘libgina qolmay, qochib ketayotganlarning yo‘lini to‘sib, ularni dushman qo‘liga tutib berishgan. (Zab. 137:7; Ob. 11, 14)

9, 10. a) Ommon, Mo‘ab va Edom bilan nima yuz berdi? b) Qaysi misollar bu xalqlardan bo‘lganlarning hammasi ham Xudoning xalqiga dushmanlik qilmaganini ko‘rsatmoqda?

9 Yahova Isroilga qarindosh bo‘lgan xalqlarning barchasini Uning xalqiga qarshi qilgan ishlari uchun javobgarlikka tortgan. U shunday degan: «Men Mo‘abni ommonliklar bilan birga Sharq xalqlariga mulk qilib beraman, toki ommonliklar xalqlar orasida yodga olinmasin». Keyin qo‘shimcha qilib: «Men Mo‘ab ustidan hukmimni ijro etaman. Shunda ular Men Yahova ekanimni bilib olishadi»,— deb aytgan. (Hiz. 25:10, 11) Quddus qulaganidan taxminan besh yil o‘tgach, bobilliklar Ommon bilan Mo‘abni zabt etganida mazkur bashoratlar amalga osha boshlagan. Edom to‘g‘risida esa Yahova shunday so‘zlarni aytgan: «Odamlar va chorvani qirib tashlayman, uni kimsasiz qilib qo‘yaman». (Hiz. 25:13) Bashorat qilinganiday, Ommon, Mo‘ab va Edom oxir-oqibat yo‘q bo‘lib ketgan. (Yerm. 9:25, 26; 48:42; 49:17, 18)

10 Biroq bu xalqlardan bo‘lganlarning hammasi ham Xudoning xalqiga dushmanlik qilmagan. Masalan, shoh Dovudning qudratli jangchilari qatorida ommonlik Zilax va mo‘ablik Yitmo ismli kishilar bo‘lgan. (1 Sol. 11:26, 39, 46; 12:1) Rut ham mo‘ablik bo‘lib, Yahovaga sadoqat ila topingan. (Rut 1:4, 16, 17)

Hatto bir qadam ham orqaga chekinmang

11. Isroil bilan Ommon, Mo‘ab va Edom xalqlari o‘rtasidagi munosabatlardan qanday saboqlar olishimiz mumkin?

11 Isroil va mazkur xalqlar o‘rtasidagi munosabatlardan qanday saboqlar olishimiz mumkin? Birinchidan, Isroil xalqi hushyorlikni yo‘qotganida, qarindoshlarining soxta dinga aloqador bulg‘ovchi urf-odatlari ularning orasiga suqilib kirgan. Mo‘abliklar Piyordagi Baalga, ommonliklar esa Mo‘lax degan xudolarga sig‘inishgan. (Sah. 25:1–3; 3 Shoh. 11:7) Shunga o‘xshash narsa biz bilan ham yuz berishi hech gap emas. Imonda bo‘lmagan qarindoshlarimiz e’tiqodimizga zid yo‘l tutishimiz uchun bizga bosim o‘tkazishi mumkin. Masalan, ular nega Navro‘z va Yangi yil bayramlarini nishonlamasligimizni va sovg‘alar ulashmasligimizni yoki soxta dinga aloqador keng tarqalgan boshqa urf-odatlarda nega qatnashmayotganimizni tushunmas. Ular yaxshi niyatda, qisqa vaqtga bo‘lsa-da, me’yorlarimizga xilof yo‘l tutishga undashi mumkin. Bunday bosim ostida taslim bo‘lmasligimiz juda muhim! Isroil xalqining tarixidan ko‘rinib turganidek, hatto bir qadam orqaga chekinish halokatli oqibatlar keltirib chiqaradi.

12, 13. Kim tomonidan qarshilikka uchrashimiz mumkin, biroq sodiq bo‘lsak, ehtimol, qanday natijaga erishamiz?

12 Isroil xalqining Ommon, Mo‘ab va Edom bilan bo‘lgan munosabatlaridan yana bir saboq olyapmiz. Imonda bo‘lmagan oila a’zolarimiz tomonidan qattiq qarshiliklarga uchrashimiz mumkin. Iso ogohlantirganiday, biz va’z qilgan xabar «otani o‘g‘lidan, onani qizidan» ayirishga sabab bo‘ladi. (Mat. 10:35, 36) Yahova isroilliklarga qarindoshlari bilan janjallashmaslikni buyurgan edi. Biz ham imonda bo‘lmagan oila a’zolarimiz bilan talashib-tortishishdan qochamiz. Biroq qarshiliklarga uchraganda bunga hayron qolmasligimiz kerak. (2 Tim. 3:12)

13 Hatto qarindoshlarimiz Yahovaga topinishimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshilik ko‘rsatishmasa-da, ular Yahovadan ko‘ra bizga ko‘proq ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Nega? Chunki Yahova qalbimizda birinchi o‘rinni egallashga loyiq. (Matto 10:37 ni o‘qing.) Bundan tashqari, agar Yahovaga sodiq qolsak, ulardan ayrimlari Zilax, Yitmo va Rut kabi bo‘lishlari va pok topinishda bizga qo‘shilishlari mumkin. (1 Tim. 4:16) Shunda ular ham yagona haq Xudoga xizmat qilish va Uning sevgisi-yu himoyasidan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘lishadi.

Yahovaning dushmanlari «qattiq jazo» olishadi

14, 15. Filistimliklar isroilliklarga qanday munosabatda bo‘lishgan?

14 Filistimliklar Kan’on yurtiga Krit orolidan ko‘chib kelishgan. Keyinchalik Yahova bu yurtni Ibrohim va uning avlodlariga berishni va’da qilgan. Ibrohimning ham, Is’hoqning ham bu xalq bilan oldi-berdisi bo‘lgan. (Ibt. 21:29–32; 26:1) Isroilliklar va’da qilingan yurtga kirishganida filistimliklar ulkan harbiy kuchga ega qudratli xalq sifatida shakllanib bo‘lishgan edi. Ular Baal-Zabub va Do‘g‘on ismli soxta xudolarga sig‘inishgan. (1 Shoh. 5:1–4; 4 Shoh. 1:2, 3) Vaqti-vaqti bilan Isroil xalqi ham o‘sha xudolarga sig‘ingan. (Hak. 10:6)

15 Isroil xalqi sadoqatsizlik qilgani uchun, Yahova filistimliklarga ko‘p yillar davomida Uning xalqi ustidan boshqarishiga yo‘l qo‘ygan. (Hak. 10:7, 8; Hiz. 25:15) Ular isroilliklarga shafqatsiz cheklovlar qo‘yib, * ularning ko‘pini o‘ldirishgan. (1 Shoh. 4:10) Isroil xalqi tavba qilib Yahovaga qaytganida, U xalqini qutqargan. Xalqini qutqarish uchun Xudo Shimsho‘n, Shoul va Dovuddan foydalangan. (Hak. 13:5, 24; 1 Shoh. 9:15–17; 18:6, 7) Hizqiyo bashorat qilganiday, bobilliklar va keyinchalik yunonlar ularning yurtiga bostirib kelganda, filistimliklar «qattiq jazo» olishgan. (Hiz. 25:15–17)

16, 17. Isroil xalqi va filistimliklar o‘rtasidagi munosabatlardan qanday saboqlar olishimiz mumkin?

16 Isroil xalqi va filistimliklar o‘rtasidagi munosabatlardan qanday saboqlar olishimiz mumkin? Yahovaning bugungi xalqi insoniyat ustidan boshqargan eng qudratli xalqlarning qarshiligiga duch kelgan. Isroil xalqidan farqli ravishda biz Yahovaga sodiq qolish borasida barqarorlikni saqlab kelyapmiz. Shunday bo‘lsa-da, vaqti-vaqti bilan dushmanlar pok topinish ustidan g‘alaba qozongandek tuyulishi mumkin. Misol uchun, 20- asrning boshida Qo‘shma Shtatlar hukumati tashkilotimizning yetakchilarini 20-yilgacha qamoq jazosiga mahkum etib, Yahova xalqining faoliyatini to‘xtatishga uringan. Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniyadagi natsistlar partiyasi Xudoning xalqini yo‘q qilib tashlashga bel bog‘lab minglarchasini qamagan, yuzlarchasini qatl etgan. Urushdan keyin Sovet Ittifoqi Yahovaning Shohidlariga qarshi ko‘p yillar davom etgan kampaniyani boshlab, imondoshlarimizni mamlakatning olis yerlarida joylashgan mehnat lagerlariga yuborgan yoki surgun qilgan.

17 Hukumatlar va’zgo‘ylik faoliyatini taqiqlab qo‘yishi, Xudoning xalqini qamashi va hatto ayrimlarimizni o‘ldirishi mumkin. Bunday voqealar qo‘rqishimizga yoki imonimiz susayishiga sabab bo‘lishi kerakmi? Yo‘q! Yahova sadoqatli xalqini saqlab qoladi. (Matto 10:28–31 ni o‘qing.) Qudratli, repressiv hukumatlar yo‘q bo‘lib ketganiga guvoh bo‘ldik, Yahovaning xalqi esa son jihatdan ko‘payib boryapti. Yaqinda filistimliklarning taqdiri barcha insoniy hukumatlarning boshiga tushadi. Ular Yahovani bilib olishga majbur bo‘lishadi. Filistimliklarga o‘xshab ular yo‘q bo‘lib ketishadi!

«Boyliging ko‘pligi» ishonchli himoya emas

18. Tir qanday imperiyaning markazi bo‘lgan?

18 Qadimgi Tir shahri * ko‘hna dunyoning ulkan tijoriy imperiyalarining markazlaridan biri edi. Tir kemalari O‘rta dengiz orqali g‘arb tomonga olib boradigan ko‘pgina savdo yo‘llariga ega bo‘lgan. Sharq tomonda savdo yo‘llari quruqlik bo‘ylab o‘tgan bo‘lib, uni olisda joylashgan imperiyalar bilan bog‘lab turgan. Asrlar davomida u o‘sha uzoq yerlar bilan savdo aloqalarini tuzib boylik orttirgan. Uning savdogarlari juda boy bo‘lganidan o‘zini bek deb hisoblagan. (Ishayo 23:8)

19, 20. Tir va Givon aholisi o‘rtasida qanday farq bo‘lgan?

19 Dovud va Sulaymon boshqargan davrda Isroilni Tirda yashovchilar bilan juda yaqin rishtalar bog‘lab turgan. Ular Dovud saroyi va keyinchalik Sulaymon ma’badi qurilishi uchun qurilish mollari va ustalar yuborib yordam berishgan. (2 Sol. 2:1, 3, 7–16) Tir Isroil xalqining gullab-yashnagan davrini ko‘rgan. (3 Shoh. 3:10–12; 10:4–9) Bir o‘ylab ko‘ring, minglab tirliklar pok topinish va Yahova haqida bilib olishlari, shuningdek, haq Xudoga xizmat qilish qanday barakalar keltirishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘lishgan!

20 Bunday imkoniyat ochilganiga qaramay, Tir aholisi molparastlikka qattiq berilib ketgandi. Ular Kan’ondagi ulkan Givon shahridan o‘rnak olishmadi. Uning aholisi Yahovaning buyuk ishlari haqida eshitishi bilanoq, Uning xizmatchisi bo‘lishni istagan. (Yoshua 9:2, 3, 22–10:2) Buning o‘rniga Tir aholisi Xudoning xalqiga dushmanlik qilib, ularning ayrimlarini hatto qul qilib sotgan. (Zab. 83:2, 7; Yo‘el 3:4, 6; Amos 1:9)

Moddiy narsalarga himoya beruvchi devordek qarashni istamaymiz

21, 22. Tir bilan nima yuz bergan va nega?

21 Hizqiyo orqali Yahova o‘sha dushmanlarga qarata shunday degan: «Hoy Tir, Men sening dushmaningman. Dengiz to‘lqinlari ko‘tarilganiday, Men ham xalqlarni senga qarshi ko‘taraman. Ular Tirning devorlarini buzib, minoralarini vayron qilishadi. Tuprog‘ingni sidirib olib, seni yalang‘och qoyaga aylantiraman». (Hiz. 26:1–5) Tir aholisi boyligiga tayanib o‘zini xavfsiz his etgan. Bu boylik ularga orol-shaharning balandligi 46 metr bo‘lgan devorlari taqdim etgan xavfsizlikni ta’minlagan. Ular Sulaymonning quyidagi ogohlantirishiga quloq tutishsa yaxshi bo‘lardi: «Boyning mol-davlati mustahkam shahridir, o‘z tasavvurida himoya devori kabidir». (Hik. 18:11)

22 Bobilliklar va yunonlar Hizqiyoning bashoratini amalga oshirishganida, Tir aholisi, ular xavfsizlikni ta’minlaydi, deb o‘ylagan shaharning boyligi va tom ma’nodagi devorlari puch xayol ekanini tushunib yetishdi. Quddus vayron qilinganidan so‘ng, bobilliklar Tirga qarshi yurish qilishgan va 13-yil davom etgan qamaldan so‘ng shahar qulagan. (Hiz. 29:17, 18) So‘ng mil. avv. 332-yili Iskandar Maqduniy Hizqiyo aytgan bashoratlarning e’tiborga molik jihatini amalga oshirgan. * Uning qo‘shini Tir shahrining qit’ada joylashgan qismining xarobalarini sidirib olib, toshlari, yog‘ochlari va tuprog‘ini suvga tashlab, orol-shaharga yetib olish uchun yo‘l qurgan. (Hiz. 26:4, 12) Iskandar devorlarni buzgan, shaharni talon-toroj qilgan, minglab askarlar-u fuqarolarni o‘ldirgan va o‘n minglab kishilarni qul qilib sotgan. Tir aholisi boylikning ko‘pligi ishonchli himoya emasligini achchiq tajribasida his etib, Yahovani bilib olishga majbur bo‘lgan. (Hiz. 27:33, 34)

Butunlay xavfsiz ko‘ringaniga qaramay, Hizqiyo bashorat qilganidek, Tir vayron etildi (22-xatboshiga qarang.)

23. Tir aholisidan qanday saboq olishimiz mumkin?

23 Tir aholisidan qanday saboq olishimiz mumkin? «Aldamchi boylik» moddiy narsalarga tayanib, ularga himoya beruvchi devordek qarashimizga sababchi bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. (Mat. 13:22) Biz «ham Xudoning, ham boylikning quli» bo‘la olmaymiz. (Matto 6:24 ni o‘qing.) Yahovaga bajonidil xizmat qilganlargina chinakam xavfsizlikni his qilishadi. (Mat. 6:31–33; Yuhan. 10:27–29) Tirga tegishli bashoratlar aniq bajo bo‘lganidek, bu zamonaning oxiriga tegishli bashoratlar ham ikir-chikirigacha amalga oshadi. Boylikka tayanganlar esa, bu dunyoning ochko‘z va xudbin tijoriy tizimi yo‘q qilinganda Yahovani bilib olishga majbur bo‘lishadi.

Siyosiy kuchlar «poxolpoyadek ishonchsiz»

24–26. a) Nega Yahova Misrni «poxolpoya» deb atagan? b) Qanday qilib Zidqiyo Yahovaning ko‘rsatmasiga bepisandlik qilgan va natijasi qanaqa bo‘lgan?

24 Yusuf yashagan yillardan oldingi davrdan boshlab to bobilliklar Quddusga yurish qilgunga qadar, Misr va’da qilingan yurt hududiga sezilarli siyosiy ta’sir ko‘rsatib kelgan. Uning ildizlari qadimga borib taqalgani uchun, u eski daraxt kabi barqaror bo‘lib ko‘ringan. Ammo Yahova bilan solishtirganda u «poxolpoyadek» mo‘rt edi. (Hiz. 29:6)

25 Murtad shoh Zidqiyo Misr haqidagi bu faktni tan olmagan. Yahova Yeremiyo payg‘ambar orqali Zidqiyoni Bobil shohiga bo‘ysunishga undagan. (Yerm. 27:12) Zidqiyo Yahovaning ismini tilga olib Navuxodonosorga qarshi bosh ko‘tarmayman, deb qasam ichgan. Biroq keyin Yahovaning ko‘rsatmasiga bepisandlik qilib, Navuxodonosorga ichgan qasamini buzgan va bobilliklarga qarshi urush qilish uchun Misrdan yordam so‘ragan. (2 Sol. 36:13; Hiz. 17:12–20) Ammo Misrning siyosiy kuchiga ishongan isroilliklar o‘zlariga katta zarar keltirishgan. (Hiz. 29:7) Misr vahimaga soladigan ulkan «dengiz maxluqi»day ko‘ringan bo‘lishi mumkin. (Hiz. 29:3, 4) Lekin Yahova, ovchilar Nildagi timsohlar bilan nima qilgan bo‘lsa, uning boshiga ham shu kunni solishini aytgan — uning jag‘lariga ilgaklar solib, o‘ldirish uchun sudrab chiqargan. U buni, bobilliklar bu qadimiy mamlakatni zabt etishganida amalga oshirgan. (Hiz. 29:9–12, 19)

26 Sadoqatsiz Zidqiyo bilan nima yuz bergan? U Yahovaga qarshi isyon ko‘targani uchun, Hizqiyo «yovuz yo‘lboshchi»ning toji olib tashlanib, uning boshqaruvi yakuniga yetishini bashorat qilgan. Biroq Hizqiyo umid xabarini ham aytgan. (Hiz. 21:25–27) Yahova Hizqiyo orqali «qonuniy huquqi bor» shaxs, Dovudning sulolasidan bo‘lgan shoh taxtga da’vogarlik qilishini karomat qilgan. Keyingi bobdan bu kim bo‘lishini bilib olamiz.

27. Isroil xalqi va Misr o‘rtasidagi munosabatlardan qanday saboq olishimiz mumkin?

27 Isroil xalqi va Misr o‘rtasidagi munosabatlardan qanday saboq olishimiz mumkin? Bugungi kunda ham Yahovaning xalqi siyosiy kuchlarga tayanishdan, bunday kuchlar xavfsizlik taqdim etadi, deb o‘ylashdan qochishi kerak. Hatto o‘y-fikrda ham bu «dunyoga tegishli» bo‘lmasligimiz darkor. (Yuhan. 15:19; Yoqb. 4:4) Siyosiy tuzumlar kuchli ko‘rinishi mumkin, lekin qadimgi Misr kabi poxolpoyadek mo‘rt. Olamning qudratli Hukmdoriga emas, o‘tkinchi insonga umid bog‘lash qanchalik kaltabinlik bo‘lardi-ya?! (Zabur 146:3–6 ni o‘qing.)

Hatto xoli qolganda ham dunyoning siyosiy ishlarida tarafkashlik qilishdan qochamiz (27-xatboshiga qarang.)

Xalqlar «bilib olishadi»

28–30. Xalqlar Yahovani «bilib olishi» va biz uni bilishimiz o‘rtasida qanday farq bor?

28 Hizqiyo kitobida Yahova xalqlar to‘g‘risida ko‘p marta: «Men Yahova ekanimni bilib olishadi»,— deb aytgan. (Hiz. 25:17) Bu so‘zlar qadimda, Yahova xalqining dushmanlarini yo‘q qilganda amalga oshgan. Ammo ular bizning kunlarimizda keng miqyosda amalga oshadi. Qanaqasiga?

29 Xudoning qadimgi xalqi kabi bizni ham xalqlar o‘rab turibdi va ularning nazarida biz yolg‘iz qolgan himoyasiz qo‘ydaymiz. (Hiz. 38:10–13) Yaqinda xalqlar shafqatsizlarcha, yoppasiga Xudoning xalqiga hujum qiladi. Bu haqda 17- va 18-boblarda gap boradi. Ular buni qilganda chinakam qudrat nima ekanini bilib qo‘yishadi. Yahova ularni Armageddon jangida yo‘q qilganda ular Yahovani bilib olishga — Uning hukmdorligini tan olishga — majbur bo‘lishadi. (Vah. 16:16; 19:17–21)

30 Bizni esa Yahova omon saqlaydi va baraka beradi. Nega? Chunki biz hozir imkoniyat borida Yahovaga tayanib, Unga bo‘ysunib va pok tarzda topinib Uni bilib olganimizni isbotlayapmiz. Zero U bunga loyiqdir. (Hizqiyo 28:26 ni o‘qing.)

^ 15- x.b. Misol uchun, filistimliklar Isroilda metall ish qurollarini yasashni taqiqlab qo‘yishgan. Isroilliklar qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan ish qurollarini o‘tkirlash uchun filistimliklar oldiga borishgan va isroilliklardan o‘tkirlab berish uchun bir necha kunlik ish haqiga teng pul talab qilingan. (1 Shoh. 13:19–22)

^ 18- x.b. Dastlab Tir shahri sohil yaqinida, yalang‘och qoya ustida qurilgan bo‘lishi mumkin. U Karmil tog‘idan taxminan 50 kilometr shimolda joylashgan edi. Keyinchalik shahar kengayib qit’a qismida qurilish davom etgan. Shaharning somiycha Sur degan nomi «qoya» degan ma’noga ega.

^ 22- x.b. Ishayo, Yeremiyo, Yo‘el, Amos va Zakariyo ham Tir haqida bashorat qilishgan va bashorat ikir-chikirigacha amalga oshgan. (Ishayo 23:1–8; Yerm. 25:15, 22, 27; Yo‘el 3:4; Amos 1:10; Zakr. 9:3, 4)