Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

13-BOB

«Ma’badni tasvirlab ber»

«Ma’badni tasvirlab ber»

HIZQIYO 43:10

BU BOBDA: Hizqiyoning ulug‘vor ma’bad haqidagi vahiysining ma’nosi

1–3. a) Nima uchun ma’bad binolarini aylanib chiqqani Hizqiyoga tasalli bergan? (Bobning boshidagi rasmga qarang.) b) Ushbu bobda nimani ko‘rib chiqamiz?

ELLIK yashar Hizqiyoni ko‘z oldingizga keltiring. U chorak asr umrini surgunda o‘tkazdi va endi o‘tmishga nazar solishi mumkin. Quddusdagi ma’bad ko‘p yillardan buyon vayron bo‘lib yotibdi. Hizqiyo u yerda ruhoniy bo‘lib xizmat qilishga umid qilgan bo‘lsa ham, endi bu orzulari sarobga aylandi. Surgun taxminan 56-yildan keyin yakuniga yetadi. Shu bois, Yahovaning xalqi ona yurtiga qaytganini Hizqiyo o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi amrimahol, ma’badning qayta tiklangani haqida esa aytmasa ham bo‘ladi. (Yerm. 25:11) Bunday fikrlar uni tushkunlikka tushirganmi?

2 Sadoqatli insonlarga ko‘p tasalli va umid baxsh etuvchi keng qamrovli vahiyni Hizqiyoga berish uchun shunday vaqtni tanlagan Yahova naqadar mehribon! Bu vahiyda payg‘ambar o‘z ona yurtiga ko‘chiriladi va juda baland tog‘ ustiga qo‘yiladi. Ushbu baland joyda u «ko‘rinishi misday» tovlanadigan bir kishini uchratadi. Bu farishta unga yo‘lboshlovchilik qilib, uni ma’bad binolari bo‘ylab aylantirib chiqadi. (Hizqiyo 40:1–4 ni o‘qing.) Bularning barchasi haqiqiyday tuyulardi. Bu narsalar Hizqiyoning imonini mustahkamlagan, uni hayajonga solgan, ehtimol, biroz esankiratib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. Hizqiyo vahiydagi ma’badning Quddusdagi u bilgan ma’bad bilan ko‘pgina o‘xshash tomonlari borligini, shuningdek, mutlaqo farq qiladigan xususiyatlarini ko‘radi.

3 Ushbu qiziqarli vahiy Hizqiyo kitobidagi so‘nggi to‘qqizta bobni to‘ldiradi. Ushbu vahiyni tadqiq qilib va uni tushunishga intilib qanday nuqtai nazarga ega bo‘lishimiz kerakligini muhokama qilamiz. Keyin esa Hizqiyo ham ko‘p asrlar osha Pavlus ta’riflagan buyuk ramziy ma’badni ko‘rgan yoki ko‘rmaganiga diqqat qaratamiz. Nihoyat, ushbu vahiy Hizqiyo va u bilan surgunda bo‘lganlar uchun nimani anglatganini o‘rganamiz.

Boshqacha yondashuv

4. Ma’bad haqidagi vahiy o‘tmishda qanday tushuntirilardi, biroq nima ma’lum bo‘ldi?

4 Ilgari adabiyotlarimizda Hizqiyo ham havoriy Pavlus ilohiy ilhom ostida Ibroniylarga yozgan maktubida ta’riflagan buyuk ramziy ma’badni ko‘rgan deb aytilardi. * Bu xulosaga asoslanib Hizqiyo ko‘rgan ma’bad haqidagi vahiyning xususiyatlari ramziy ma’noga ega deb o‘ylardik. Bu ramziy ma’nolar uchun havoriy Pavlus muqaddas chodirga bergan izohni asos qilib olardik. Biroq ibodat ila qilingan keyingi tadqiqotlar va mulohazalar tufayli Hizqiyo ko‘rgan ma’bad haqidagi vahiyni tushuntirish uchun soddaroq yondashuv kerakligi ma’lum bo‘ldi.

5, 6. a) Havoriy Pavlus muqaddas chodir haqida gapirganda qanday qilib kamtarlikni namoyon etgan? b) Muqaddas chodirdagi buyumlar haqida Pavlus nima degan va buni umuman olganda Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysiga qanday qo‘llashimiz mumkin?

5 Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysining har bir tafsiloti bashoratli yoki ramziy ma’noga ega, deb o‘ylamayotganimiz oqilonadir. Nega? Keling, qiziqarli bir misolni ko‘rib chiqamiz. Pavlus muqaddas chodir va ramziy ma’bad haqida gapirganda tutatqi tutatiladigan oltin idish, sandiqning qopqog‘i va ichiga manna solib qo‘yilgan tilla idish kabi muqaddas chodirdagi buyumlarni eslatib o‘tgan. Bu buyumlarga u qandaydir bashoratli mazmun kiritganmi? Hoynahoy, muqaddas ruh uni bunday qilishga undamagan. Buning o‘rniga Pavlus shunday deb yozgan: «Hozir bu haqda batafsil gapirishning vaqti emas». (Ibron. 9:4, 5) Pavlus muqaddas ruhning boshqaruviga tayyorlik ila bo‘ysungan va kamtarlik ila Yahovani kutgan. (Ibron. 9:8)

6 Umuman olganda Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysi borasida ham shunday xulosaga kelish mumkin. Bu vahiy ham tafsilotlarga boy. Agar qo‘shimcha tushuntirishlarga ehtiyoj tug‘ilsa Yahova o‘z vaqtida bunga oydinlik kiritishini kamtarlik ila kutgan yaxshiroq. (Mixo 7:7 ni o‘qing.) Yahovaning ruhi bu vahiyga boshqa oydinlik kiritmaydi, deb xulosa qilishimiz kerakmi? Aslo!

Hizqiyo buyuk ramziy ma’badni ko‘rganmi?

7, 8. a) Qanday tushunchamiz endi o‘zgardi? b) Pavlus ta’riflagan buyuk ramziy ma’bad Hizqiyoning vahiysidagi ma’baddan nimasi bilan farq qiladi?

7 Yuqorida aytib o‘tilganidek, ko‘p yillar mobaynida adabiyotlarimizda Pavlus ilohiy ilhom ostida Ibroniylarga yozgan maktubda ta’riflagan Yahovaning buyuk ramziy ma’badini Hizqiyo ham ko‘rgan deb tushuntirilardi. Biroq keyingi tadqiqotlardan Hizqiyo buyuk ramziy ma’badni ko‘rmaganini tushundik. Nega?

8 Birinchidan, Hizqiyo vahiyda ko‘rgan ma’bad Pavlus ilohiy ilhom ostida tushuntirganlariga mos kelmaydi. Quyidagilar haqida o‘ylab ko‘ring: havoriy Pavlus Muso payg‘ambarning davridagi muqaddas chodir buyuk bir narsaning ramzi va soyasi bo‘lganini aniq ko‘rsatgan. Muqaddas chodirda va o‘sha bitta namuna bo‘yicha qurilgan Sulaymon hamda Zarubabelning ma’badida «Eng muqaddas xona» bo‘lgan. Pavlus Eng muqaddas xonani «odam qo‘llari bilan qilingan» deb atab, u asl emas, balki «aslning nusxasi bo‘lgan» deb tushuntirgan. Unda asl nima bo‘lgan? Pavlusning aytishicha Yahova istiqomat qiladigan «osmon» asldir. (Ibron. 9:3, 24) Hizqiyo osmonni ko‘rganmi? Yo‘q. Boshqa vahiylardan farqli o‘laroq, Hizqiyoning vahiysida u samoviy narsalarni ko‘rgani haqida hech narsa deyilmagan. (Doniyor 7:9, 10, 13, 14 ni solishtiring.)

9, 10. Qurbonliklar masalasida Hizqiyoning vahiysi bilan Pavlusning buyuk ramziy ma’badga bergan ta’rifi o‘rtasida qanday farq bor?

9 Hizqiyoning vahiysi bilan Pavlus bergan ta’rif o‘rtasidagi yanada yaqqol farq qurbonliklarni o‘z ichiga oladi. Hizqiyo xalqqa, yo‘lboshchilarga va ruhoniylarga qurbonliklar keltirilishi bilan bog‘liq batafsil yo‘l-yo‘riq berilayotganini eshitgan. Ular o‘z gunohlari uchun qurbonliklar keltirishgan. Bundan tashqari, ular tinchlik qurbonliklarini keltirib, ma’bad oshxonalarida ularni yeyishlari mumkin bo‘lgan. (Hiz. 43:18, 19; 44:11, 15, 27; 45:15–20, 22–25) Bunday qurbonliklar buyuk ramziy ma’badda qayta-qayta keltirilganmi?

Hizqiyoning vahiysidagi ma’bad buyuk ramziy ma’bad bo‘lmagan

10 Javobi aniq va oddiy. Pavlus shunday deb tushuntirgan: «Biz ega bo‘lgan barakalarning oliy ruhoniysi Masih odam qo‘llari bilan qurilmagan, yerga oid bo‘lmagan, yanada buyuk va mukammal chodir orqali kelganda, Eng muqaddas xonaga echkilarning, yosh buqalarning qoni bilan emas, balki o‘z qoni bilan birato‘la kirib, bizni abadiy xalos etdi». (Ibron. 9:11, 12) Demak, buyuk ramziy ma’badda faqat bir marta qurbonlik keltirilgan. Bu to‘lov qurbonligi bo‘lib, uni eng buyuk Oliy ruhoniy bo‘lmish Iso Masih keltirgan. Hizqiyoning vahiysida esa ko‘pgina echkilar-u buqalar qurbonlikka keltirilgan. Bundan chiqdi, Hizqiyoning vahiysidagi ma’bad buyuk ramziy ma’badni anglatmagan.

11. Nega Hizqiyoning davrida buyuk ramziy ma’bad to‘g‘risidagi haqiqatlarni oshkor etish uchun Xudo belgilagan vaqt hali kelmagan edi, deya olamiz?

11 Bu fikr Hizqiyo buyuk ramziy ma’badni ko‘rmagan, deb xulosa qilishimizga yordam beradigan ikkinchi sababni keltirib chiqaradi: bunday haqiqatlarni oshkor etish uchun Xudo belgilagan vaqt hali kelmagan edi. Eslaydigan bo‘lsak, Hizqiyoning vahiysi birinchi navbatda Bobilda surgunda bo‘lgan yahudiylarga qaratilgan edi. Ular Musoning Tavrot kitobida yozilganlarga rioya qilishardi. Surgunlik yakuniga yetgach, ular Quddusga qaytib, Tavrotda pok topinish borasida yozilganlarga amal qilgan holda ma’bad va uning qurbongohini tiklashi kerak edi. So‘ng ular qurbonliklar keltirishda davom etishardi. Hammasi xuddi shunday yuz berdi va bu qariyb olti asr davom etdi. Bordi-yu, Hizqiyoning vahiysida ramziy ma’bad, ya’ni oliy ruhoniy o‘zini qurbon qilgani va bundan keyin barcha qurbonliklarga chek qo‘yilgani ko‘rsatilganida edi bu yahudiylarga qanday ta’sir qilishini ko‘z oldingizga keltira olasizmi?! Bu vahiyni ular qanday tushunishardi? Ularning Tavrotda yozilganlarga rioya qilish istagi so‘nib qolmasmidi? Har doimgidek Yahova haqiqatlarni faqatgina o‘z vaqtida va xalqi bunga tayyor bo‘lgandagina oshkor etadi.

12–14. Hizqiyoning ma’bad to‘g‘risidagi vahiysi bilan Pavlusning ramziy ma’badga bergan ta’rifi o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? («Turli ma’badlar, turli saboqlar» nomli ramkaga qarang.)

12 Unda Hizqiyoning ma’bad to‘g‘risidagi vahiysi bilan Pavlusning ramziy ma’badga bergan ta’rifi o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Shuni unutmangki, Pavlus o‘z muhokamasini Hizqiyoning ma’bad to‘g‘risidagi vahiysiga emas, balki Musoning davridagi muqaddas chodirga asoslagan. To‘g‘ri, Sulaymon va Zarubabelning ma’badida hamda Hizqiyoning ma’bad to‘g‘risidagi vahiysida mavjud bo‘lgan ayrim xususiyatlarni Pavlus eslatib o‘tgan. Umuman olganda Hizqiyo va Pavlus o‘z bayonotlarida turli narsalarga diqqat qaratishgan. * Ularning bayonotlari bir-birini takrorlamaydi, aksincha, bir-birini to‘ldirib turadi. Qanaqasiga?

13 Muqaddas Kitobdagi ushbu ikkita parcha orasidagi bog‘liqlik borasida quyidagi xulosaga kelsak bo‘ladi: Pavlusdan Yahovaning topinish borasidagi tadbiri haqida, Hizqiyodan esa Yahovaning topinishga oid me’yorlari to‘g‘risida bilib olamiz. Yahovaning topinish borasidagi tadbiri haqida ta’lim berib Pavlus ramziy ma’baddagi oliy ruhoniy, qurbonliklar, qurbongoh va Eng muqaddas xona kabi xususiyatlarning ma’nosini ochib bermoqda. Yahovaning pok topinishga oid yuksak me’yorlariga urg‘u berish maqsadida Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysida talaygina tafsilotlar keltirilgan. Ular Yahovaning me’yorlari haqidagi ko‘pgina saboqlar qalbimiz-u ongimizda muhrlanib qolishiga xizmat qiladi.

14 Xo‘sh, o‘zgargan tushunchamizdan qanday xulosaga kelyapmiz? Shunisi aniqki, bu Hizqiyoning vahiysi bugungi kunda biz uchun ozroq ahamiyatga ega degani emas. Vahiyning bizga qanday foydasi borligini ko‘rish uchun, keling, u Hizqiyoning davridagi sadoqatli yahudiylarga va undan keyin qanday foydali bo‘lganini yaxshiroq bilib olaylik.

Surgunda bo‘lgan yahudiylar uchun vahiy nimani anglatgan?

15. a) Hizqiyoning bashoratli mazmunga ega vahiysidagi asosiy xabar nimadan iborat bo‘lgan? b) Hizqiyo 8- bob va 40–48-boblar o‘rtasida qanday farq bor?

15 Bu savolga Muqaddas Kitobdan javob topish uchun, keling, to‘liq manzarani ko‘rishga yordam beradigan bir qator o‘zaro bog‘liq savollarni ko‘rib chiqaylik. Birinchidan, vahiyning bashoratli mazmunga ega asosiy xabari nimadan iborat bo‘lgan? Oddiy qilib aytsak, asosiy xabar pok topinish tiklanishi edi. Hizqiyo uchun bu kunday ravshan bo‘lgan. Hizqiyo 8- bobda uning o‘zi yozganiday, Yahova Quddusdagi ma’badning ayanchli ahvolini yaqqol tasvirlagan. 40–48-boblarda osmon bilan yerchalik farqi bo‘lgan tafsilotlarni qalamga olganda Hizqiyo rosa xursand bo‘lgandir! Bu boblardan pok topinish bulg‘anmaganini, aksincha, Musoning Tavrot kitobiga muvofiq Yahovaga pok tarzda topinish risoladagiday ekanini ko‘rish mumkin.

16. Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysi bir asrdan oshiqroq avval aytilgan Ishayoning bashoratini qanday tasdiqlamoqda?

16 Yahovaga topinish o‘zining qonuniy o‘rnida tiklanishi uchun, u yuksalishi kerak. Hizqiyodan bir asrdan oshiqroq avval yashagan Ishayo payg‘ambar shunday deb yozishga ilhomlantirilgan edi: «Oxirgi kunlarda Yahovaning uyi turgan tog‘, tog‘ cho‘qqilaridan ham balandroq o‘rnatiladi. U tepaliklar uzra yuksaladi, barcha xalqlar uning oldiga oqib keladi». (Ishayo 2:2) Yahovaga pok tarzda topinish tiklanishi va yuksalishi, go‘yoki baland tog‘lardan ham yuqoriroq joy egallashini Ishayo aniq bashorat qilgan. Xo‘sh, Xudodan kelgan vahiyda Hizqiyo qayerda bo‘lib qolgan? U «baland tog‘ning» ustida turib Yahovaning uyini ko‘rgan. (Hiz. 40:2) Hizqiyoning vahiysi pok topinish tiklanishini tasdiqlamoqda.

Hizqiyo ko‘rgan ma’bad juda baland yerda joylashgan edi (16-xatboshiga qarang.)

17. Hizqiyo 40–48-boblarini qisqacha tahlil qiling.

17 Keling, payg‘ambarning eshitgan va ko‘rganlarini qisqacha tahlil qilamiz. Ular Hizqiyo 40–48- boblarda qalamga olingan. U farishta darvozaxonalarni, devorlarni, hovlilarni va muqaddas maskanni o‘lchab chiqqanini kuzatadi. (Hiz. 40–42) Keyin hayajonli voqea yuz beradi: Yahova ulug‘vor tarzda ma’badga kirib keladi! Yahova o‘jar xalqini, ruhoniylarni va yo‘lboshchilarni tuzatib, yo‘l-yo‘riq beradi. (Hiz. 43:1–12; 44:10–31; 45:9–12) Hizqiyo muqaddas maskandan oqib chiqayotgan daryoni ko‘radi. Uning suvlari O‘lik dengizga quyilib hayot va barakalar keltiradi. (Hiz. 47:1–12) Shuningdek, u yurt teng taqsimlanganini va pok topinish uning markazida o‘rin egallagani ko‘radi. (Hiz. 45:1–8; 47:13–48:35) Asosiy xabar qanaqa? Yahova O‘z xalqini pok topinish tiklanishiga va yuksalishiga ishontirmoqda. Yahova hozir bo‘lib topinish uchun mo‘ljallangan uyiga baraka beradi; ma’baddan oqib chiqayotgan barakalar esa tiklangan yurtga shifo, hayot va tartib keltiradi.

Hizqiyo ko‘rgan ma’bad Yahova pok topinishni qanday tiklashini ulug‘vor ko‘rinishda tasvirlagan (17-xatboshiga qarang.)

18. Ma’bad haqidagi vahiyni tom ma’noda tushunish kerak bo‘lganmi? Tushuntiring.

18 Ikkinchidan, vahiyni tom ma’noda tushunish kerakmi? Yo‘q. Hizqiyo va uning vahiysini eshitgan surgundagilar aytilganlarni tom ma’noda tushunish kerak emasligini darhol anglashgandir. Nega bunday desa bo‘ladi? Hizqiyo «baland tog‘» ustida turgan ma’badni ko‘rganini eslaylik. Bu vahiy Ishayoning bashorati bilan ajoyib tarzda bog‘liq bo‘lgani bois, u ma’bad turgan joyga sig‘mas edi. Sulaymonning ma’badi Quddusdagi Moriyox tog‘ida joylashgan edi va kuni kelib shu joyda qayta qurilishi kerak edi. Biroq u «baland tog‘» edimi? Yo‘q. Moriyox tog‘ining atrofida boshqa tepaliklar bor bo‘lib, ular u bilan teng yoki undan baland bo‘lgan. Ammo Hizqiyo ko‘rgan ma’bad binolari majmui ulkan edi. Uning butun hududi devor bilan o‘ralgan bo‘lib, Moriyox tog‘iga sig‘mas edi. Hatto Sulaymon davridagi Quddus shahrining hududi ham uni sig‘dira olmasdi. Albattaki surgunda bo‘lganlar muqaddas maskandan tom ma’noda daryo oqib chiqishini va O‘lik dengizga quyilib, uning jonsiz suvlarini shirin qilishini kutishmagani aniq. Nihoyat, va’da qilingan yurtning tog‘li hududida qabilalar o‘rtasida vahiyda tasvirlanganidek tekis va parallel chegaralar o‘tkazish imkonsiz edi. Demak, vahiyni tom ma’noda talqin qilib bo‘lmasdi.

19–21. Yahova Hizqiyoning vahiysi xalqqa qanday ta’sir qilishini istagan va ular qaysi muhim haqiqatni uqib olishlari kerak edi?

19 Uchinchidan, vahiy Hizqiyoning xalqiga qanday ta’sir qilgan? Yahovaning pok topinishga tegishli yuksak me’yorlari ustida mulohaza yuritganda xalq uyatni his qilishi kerak edi. Yahova Hizqiyoga Isroil xonadoniga «ma’badni tasvirlab ber», deb aytadi. Hizqiyo ma’badni shunchalik batafsil tasvirlab beradiki, isroilliklarga uning «loyihasini o‘rganib chiqish» kerak bo‘ladi. Nega xalq ma’bad haqida mulohaza yuritishi kerak edi? Bilib olganimizday, ushbu ma’badni qurish buyurilmagan edi. Aksincha, Yahova aytganidek, ular «qilgan gunohlari dastidan uyatni his qilishi uchun» U bunday buyruqni bergan edi. (Hizqiyo 43:10–12 ni o‘qing.)

20 Nega bu vahiy samimiy insonlarning qalbiga ta’sir qilishi va ularda uyat hissini uyg‘otishi kerak edi? Hizqiyoga nima deyilganiga e’tibor bering: «Ey inson o‘g‘li, diqqatli bo‘l, kuzat va Yahovaning ma’badi bilan bog‘liq qonun-qoidalar to‘g‘risida nimaiki aytsam hammasini yaxshilab eshitib ol». (Hiz. 44:5) Hizqiyo qayta-qayta qonun va qoidalar haqida eshitadi. (Hiz. 43:11, 12; 44:24; 46:14) Hizqiyoga Yahovaning me’yorlari to‘g‘risida, hatto tirsak o‘lchov birligining uzunligi va to‘g‘ri tarozi toshlari haqida tez-tez eslatilgan edi. (Hiz. 40:5; 45:10–12; Hikmatlar 16:11 ni solishtiring.) Shu bois, ushbu vahiyning o‘zida Hizqiyoning asl matndagi bayonotida «o‘lchov» va «o‘lchamoq» so‘zlari 50-martadan oshiqroq uchraydi!

21 Uzunlik va og‘irlik o‘lchov birliklari, qonun va qoidalar haqida gapirib Yahova O‘z xalqiga nima demoqchi edi? Hoynahoy, U ta’sirchan tarzda ularga ushbu muhim haqiqatni eslatmoqchi bo‘lgandir: pok topinish uchun me’yorlarni faqatgina Yahova o‘rnatadi. Bu me’yorlardan uzoqlashgan kishilar uyalishi kerak! Qay tariqa yahudiylar vahiydan bu kabi saboqlar olgan? Navbatdagi bobda ba’zi aniq misollarni ko‘rib chiqamiz. Mazkur bob ushbu ajoyib vahiy biz uchun nimani anglatishini yaxshiroq tushunishga ko‘maklashadi.

Nega ma’bad haqidagi vahiy samimiy insonlarda uyat hissini uyg‘otishi kerak edi? (19–21-xatboshilariga qarang.)

^ 4- x.b. Ramziy ma’bad Yahova Iso Masihning to‘lov qurbonligi asosida haq topinish uchun ko‘zlagan tadbirdir. Bizga ma’lumki, mazkur tadbir milodiy 29-yili joriy etildi.

^ 12- x.b. Masalan, Pavlus e’tiborini oliy ruhoniyga va u Gunohni yuvish kunida bajargan vazifaga qaratgan. (Ibron. 2:17; 3:1; 4:14–16; 5:1–10; 7:1–17, 26–28; 8:1–6; 9:6–28) Hizqiyoning vahiysida esa oliy ruhoniy va Gunohni yuvish kuni umuman tilga olinmagan.