Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

21-BOB

«Shahar “Yahova u yerda”, deb nomlanadi»

«Shahar “Yahova u yerda”, deb nomlanadi»

HIZQIYO 48:35

BU BOBDA: shahar va xayr-ehson qilingan yer nimani anglatadi?

1, 2. a) Yerning bir qismi qaysi o‘zgacha maqsad uchun ajratib qo‘yilgandi? (Muqovadagi rasmga qarang.) b) Bashorat surgunda bo‘lganlarni nimaga ishontirgan?

SO‘NGGI vahiysida Hizqiyo o‘zgacha maqsad uchun ajratib qo‘yilgan yer haqida bilib oladi. Ajratib qo‘yilgan mazkur yer Isroil qabilalariga meros sifatida berilmagandi, balki Yahova uchun xayr-ehson qilingandi. Shuningdek, Hizqiyo insonni o‘ylantirib qo‘yadigan nomga ega ajoyib bir shahar haqida bilib oladi. Vahiyning bu qismi surgunda bo‘lganlarni muhim bir narsaga ishontiradi: sevimli ona yurtiga qaytishganida Yahova ular bilan bo‘ladi.

2 Hizqiyo xayr-ehson qilingan yerni batafsil ta’riflab beradi. Keling, ushbu bayonotni ko‘rib chiqaylik. Chunki u Yahovaning haq topinuvchilari bo‘lmish biz uchun muhim ahamiyatga ega.

Xayr-ehson qilingan yer va shahar

3. Yahova ajratib qo‘ygan yer qaysi beshta hududdan iborat edi va ular qay maqsadga xizmat qilardi? («Yerni xayr-ehson sifatida ajratinglar» nomli ramkaga qarang.)

3 Ajratib qo‘yilgan yerning o‘lchami shimoldan janubgacha 25 000 tirsak yoki 13 kilometr, sharqdan g‘arbgacha ham 25 000 tirsak edi. Bu to‘rtburchak yer «butun xayr-ehson qilingan yer» deb atalardi. U ko‘ndalangiga uch bo‘lakka bo‘lingandi. Yuqoridagi qismi levilar uchun, o‘rtadagi qismi esa ma’bad va ruhoniylar uchun ajratilgandi. Bu ikkita qism «muqaddas xayr-ehson»ni tashkil etardi. Pastki kichikroq qism, ya’ni «qolgan yer» «muqaddas joy emasdi». Bu joy shahar uchun mo‘ljallangandi. (Hiz. 48:15, 20)

4. Yahovaga xayr-ehson qilingan yer haqidagi bayonotdan nimani o‘rganishimiz mumkin?

4 Yahovaga xayr-ehson qilingan yer haqidagi bayonotdan nimani o‘rganishimiz mumkin? Avvaliga xayr-ehson qilinadigan yerni ajratib, keyin yurtni qabilalar o‘rtasida taqsimlagani bilan Yahova yurtda ma’naviy markazga eng muhim o‘rin ajratilishi kerakligini ko‘rsatgan. (Hiz. 45:1) Shubhasizki, surgunda bo‘lganlar yurt aynan shu tartibda taqsimlanganidan ko‘p narsani o‘rganishgan. Ular Yahovaga topinishni hayotida eng birinchi o‘ringa qo‘yishlari kerak edi. Bugungi kunda biz ham Alloh Kalomini tadqiq qilish, jamoat uchrashuvlariga borish hamda va’zgo‘ylik ishida qatnashish kabi ma’naviy ishlarni eng muhim, deb bilamiz. Eng muhim narsalarni birinchi o‘ringa qo‘yish borasida Yahovaning o‘rnagiga taqlid qilsak, Unga topinish kundalik hayotimizda markaziy o‘rinni egallaydi.

«Shahar shu yerning o‘rtasida joylashadi»

5, 6. a) Shahar kimlarga tegishli bo‘lgan? b) Shahar nimani anglatmaydi va nega bunday deya olamiz?

5 Hizqiyo 48:15 ni o‘qing. «Shahar» va uning atrofidagi yer nimasi bilan diqqatga sazovor edi? (Hiz. 48:16–18) Vahiyda Yahova Hizqiyoga: «Shaharga tegishli mulk... butun Isroil xonadoniga tegishli bo‘ladi»,— degandi. (Hiz. 45:6, 7) Demak, shahar va uning atrofidagi yer ular «Yahova uchun ajratadigan xayr-ehson»ga kirmagan. (Hiz. 48:9) Bu ma’lumotni yodda tutgan holda, keling, shaharning joylashuvidan biz nimani o‘rganishimiz mumkinligini bilib olaylik.

6 Shahar haqida aytilganlardan qanday saboqlar olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqishdan avval, bu shahar nimani anglatmasligini aniqlab olishimiz lozim. U ma’bad joylashgan va qayta qurilgan Quddus shahrini anglatmasdi. Nega? Chunki Hizqiyo vahiyda ko‘rgan shaharda ma’bad yo‘q edi. Bu shahar tiklangan Isroil yurtidagi boshqa hech bir shaharni ham anglatmasdi. Nima uchun? Sababi surgundan qaytganlar yoki ularning avlodlari vahiyda ta’riflangan xususiyatlarga ega shaharni hech qachon qurishmagan. Qolaversa, bu shahar samoviy shaharni ham anglatishi mumkin emas. Nega deganda, shahar muqaddas topinish uchun ajratilgan maxsus joyda bunyod etilgan binolardan alohida, ya’ni «muqaddas bo‘lmagan joyda» qurilgandi. (Hiz. 42:20)

7. Hizqiyo qanaqa shaharni ko‘rgan va u, hoynahoy, nimani bildiradi? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

7 Unda Hizqiyo ko‘rgan shahar nimani anglatadi? Yodimizda bo‘lsa, u shaharni yurt haqidagi o‘sha-o‘sha vahiyda ko‘rgandi. (Hiz. 40:2; 45:1, 6) Allohning Kalomidan ayon bo‘lyaptiki, mazkur yurt ma’naviy yurtni anglatadi, demak, shahar ham ramziy shaharni bildiradi. Umuman olganda «shahar» so‘zi ostida nima nazarda tutiladi? Bu so‘z bir joyda yashayotgan odamlar tomonidan barpo etilgan tashkillashtirilgan tuzumni anglatadi. Bundan chiqdi Hizqiyo ko‘rgan to‘rtburchak qilib qurilgan shahar, hoynahoy, yaxshi tashkillashtirilgan boshqaruv markazini bildiradi.

8. Boshqaruv qayerda faoliyat yuritadi yoki qayer uning ta’sir doirasiga kiradi va nega bunday deya olamiz?

8 Bu boshqaruv qayerda faoliyat yuritadi yoki qayer uning ta’sir doirasiga kiradi? Hizqiyoning vahiysidan ko‘rinyaptiki, mazkur shahar ma’naviy yurt ichida faoliyat yuritadi. Demak, bugungi kunda ushbu boshqaruv Xudo xalqining faoliyatini yo‘naltirib, ma’naviy jannat ichida ish olib boryapti. Shahar muqaddas bo‘lmagan joyda turgani-chi, nimani anglatadi? Bu bizga shuni eslatyaptiki, shahar samoviy boshqaruvni emas, ma’naviy jannatda yashayotgan barchaning manfaatini ko‘zlab ish yuritayotgan yer yuzdagi boshqaruvni bildiradi.

9. a) Yer yuzidagi boshqaruvni kim amalga oshiradi? b) Ming yillik boshqaruvi paytida Iso nima qiladi?

9 Yer yuzidagi mazkur boshqaruvni kim amalga oshiradi? Hizqiyoning vahiysida shaharni boshqarishda «yo‘lboshchi» mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi haqida aytilgan. (Hiz. 45:7) U xalq orasida nozir edi, ammo ruhoniy ham, levi ham emasdi. Yo‘lboshchi haqida o‘qiganimizda xayolimizga jamoatlardagi nozirlar, xususan, muqaddas ruh bilan moylanmagan kishilar keladi. Bu g‘amxo‘r ma’naviy cho‘ponlar «boshqa qo‘ylar»dan bo‘lib, Masihning samoviy boshqaruviga bo‘ysunadigan yer yuzidagi kamtarin xizmatchilardir. (Yuhan. 10:16) Bo‘lajak Ming yillik boshqaruvi paytida Iso talablarga mos keladigan oqsoqollar yoki «beklar»ni tanlab, «butun yer yuzi ustidan» tayinlaydi. (Zab. 45:16) O‘shanda ular samoviy Shohlik boshqaruvi ostida Xudo xalqining manfaatini ko‘zlab, ularga g‘amxo‘rlik qilishadi.

«Yahova u yerda»

10. Shaharning nomi nima va bu nimaga ishontiryapti?

10 Hizqiyo 48:35 ni o‘qing. Shahar «Yahova u yerda», deb nomlanadi. Bu nom Yahova shu shaharda ekani sezilib turishiga ishontiryapti. Hizqiyoga yurt markazida joylashgan shaharni ko‘rsatib, Yahova surgundagilarga: «Men yana sizlar bilan birga bo‘laman!» — deganday bo‘ldi. Naqadar dalda baxsh etuvchi va’da!

11. Hizqiyo shahar haqida ko‘rgan vahiydan va shaharning mazmunga to‘la nomidan qanday saboqlar olishimiz mumkin?

11 Hizqiyo bashoratining bu qismidan qanday saboqlar olishimiz mumkin? Bu shaharning nomi Xudoning xizmatchilari bo‘lmish bizni shunga ishontiryaptiki, Yahova hozir yer yuzidagi sodiq xizmatchilari orasida yashayapti va doim shunday bo‘lib qoladi. Shaharning mazmunga to‘la nomi quyidagi muhim haqiqatni ham ta’kidlayapti: shahar birorta odamga hokimiyat berilishi uchun emas, Yahovaning sevgi va mulohazakorlik ila berilgan yo‘l-yo‘riqlari amalga oshirilishi uchun mavjud. Masalan, Yahova yerni taqsimlash huquqini, oddiy odamlar to‘g‘ri deb o‘ylaganidek, boshqaruvchilarga bermagan. Aksincha, Yahovaning O‘zi xizmatchilariga, jumladan, odamlarning nazarida ahamiyatsizday ko‘ringanlarga ulushlarni, ya’ni sharafli vazifalarni taqsimlab bergan. U boshqaruvchilardan bu ulushlarni qadrlashni kutadi. (Hiz. 46:18; 48:29)

12. a) Shaharning diqqatga sazovor xususiyati nima va bu nimani tasvirlaydi? b) Vahiyning bu jihati masihiy nozirlarga qaysi muhim narsani eslatib turadi?

12 «Yahova u yerda», deb nomlangan shaharning yana bir diqqatga sazovor xususiyati nima? Qadimda shaharlarni himoya qilish maqsadida ularni o‘rab turgan devorlarga imkon qadar kamroq darvozalar o‘rnatishgan. Bu shaharning esa naq 12 ta darvozasi bor! (Hiz. 48:30–34) Darvozalarning ko‘pligi (to‘rtburchak shaharning har bir tomonida uchtadan darvoza bo‘lgani) bu shaharning boshqaruvchilariga Xudoning barcha xizmatchilari bemalol murojaat qila olishini tasvirlaydi. Qolaversa, shaharning 12 ta darvozasi borligi u «butun Isroil xonadoni», ya’ni barcha uchun ochiqligini anglatadi. (Hiz. 45:6) Shaharning ochiqligi masihiy nozirlar uchun muhim eslatma bo‘lib xizmat qiladi. Ma’naviy jannatda yashayotgan hamma ularga murojaat qila olishi uchun Yahova nozirlardan muloqotga ochiq va yordamga tayyor bo‘lishni kutadi.

Masihiy nozirlar muloqotga ochiq va yordamga tayyor (12-xatboshiga qarang.)

Xudoning xalqi «topinish» va shaharni qo‘llab-quvvatlash uchun keladi

13. Yahova vahiyda qanday xizmatchilar haqida aytib o‘tgan?

13 Keling, xayolan Hizqiyoning davriga qaytib, yurtni taqsimlash haqidagi keng qamrovli vahiy to‘g‘risida u yana qaysi tafsilotlarni yozganini bilib olaylik. Yahova xizmatning har xil turlarida qatnashayotgan insonlarni tilga oladi. Ruhoniylar, ya’ni «muqaddas maskan xizmatchilari» qurbonliklar keltirib, Yahovaga xizmat qilish uchun Unga yaqinlashardi. «Ma’bad xizmatchilari» bo‘lmish levilar esa «ma’baddagi xizmat hamda u yerda qilinadigan barcha ishlarga javobgar» edi. (Hiz. 44:14–16; 45:4, 5) Bundan tashqari, shahar yaqinida mehnat qiladigan ishchilar ham bor edi. Ular kimlar?

14. Shahar yaqinidagi ishchilar nimani yodimizga solyapti?

14 Shahar yaqinidagi ishchilar «Isroilning barcha qabilalari» orasidan kelgan edi. Ulardan shaharni qo‘llab-quvvatlash kutilardi. Ularning vazifasiga «shaharda xizmat qiladiganlar uchun yegulik» bo‘ladigan hosilni yetishtirish kirardi. (Hiz. 48:18, 19) Mazkur tadbir bugungi kunda biz ega bo‘lgan imkoniyatni yodimizga solyapti, shunday emasmi?! Ha, hozir ma’naviy jannatda yashayotgan barchada Masihning moylangan birodarlari hamda Yahova «ulkan olomon» ichidan boshchilik qilish uchun tayinlagan kishilar qilayotgan xizmatni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati bor. (Vah. 7:9, 10) Buni amalga oshirishning asosiy yo‘li ishonchli xizmatkor berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga tayyorlik ila bo‘ysunishdir.

15, 16. a) Hizqiyoning vahiysidagi yana qaysi tafsilot diqqatimizga sazovor? b) Vahiyda bajarilgan ishlarga o‘xshash qanday faoliyatda qatnashish imkoniga egamiz?

15 Hizqiyoning vahiysida xizmatimizga taalluqli saboq olishimiz mumkin bo‘lgan yana bir tafsilot bor. Bu qanday tafsilot ekan? Yahova Levi qabilasidan bo‘lmagan boshqa 12 ta qabila a’zolari ikkita joyda faoliyat yuritishini aytgan. Bu ma’bad hovlisi va shahar yaylovlari. Bu joylarning har birida ular nima bilan shug‘ullanadi? Ma’bad hovlisiga barcha qabilalar Yahovaga qurbonliklar taqdim etib «topinish uchun» keladi. (Hiz. 46:9, 24) Shahar yaylovlariga esa barcha qabila a’zolari yerga ishlov berib shaharni qo‘llab-quvvatlash uchun keladi. Mazkur ishchilarning misolidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

16 Bugungi kunda «ulkan olomon» a’zolari Hizqiyoning vahiysida bajarilgan ishlarga o‘xshash faoliyatda qatnashish imkoniga ega. Ular Yahovaga hamd-u sano qurbonliklarini keltirib «Uning ma’badida» topinyapti. (Vah. 7:9–15) Ular buni va’zgo‘ylik ishida qatnashish, jamoat uchrashuvlarida sharhlar berish va hamd-u sano qo‘shiqlarini kuylash orqali imonini namoyon etib amalga oshiryapti. Shu yo‘sin Yahovaga topinishni ular o‘zining asosiy mas’uliyati, deb biladi. (1 Sol. 16:29) Bundan tashqari, Xudoning xalqidan bo‘lgan ko‘pgina kishilar Uning tashkilotini turli amaliy yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlayapti. Masalan, ular Yig‘ilish zallari va filial binolarining qurilishi-yu ta’mirlanishida ko‘maklashyapti, shuningdek, Yahovaning tashkiloti boshlagan boshqa ko‘plab loyihalarda yordam beryapti. Boshqalar esa xayr-ehsonlar qilib mazkur loyihalarni qo‘llab-quvvatlayapti. Ular bu ishlarni «Xudoni sharaflash uchun» qilib, yurtga ishlov berganday bo‘lyapti. (1 Kor. 10:31) «Bunday qurbonliklar Tangriga ma’qul» ekanini bilgan holda, ular o‘z ishini g‘ayrat va quvonch ila bajaryapti. (Ibron. 13:16) Siz ham bunday imkoniyatlardan to‘liq foydalanyapsizmi?

Hizqiyo shahar ichida va uning atrofida qilingan turli ishlar haqida aytganidan qanday saboqlar olishimiz mumkin? (14–16-xatboshilariga qarang.)

«Yangi osmon va yangi yerni kutyapmiz»

17. a) Kelajakda Hizqiyoning bashoratli vahiysi qay yo‘sin kengroq miqyosda amalga oshadi? b) Masih ming yil hukmronlik qilgan paytda boshqaruv kimlarga foyda keltiradi?

17 Kelajakda Hizqiyo xayr-ehson qilingan yer haqida ko‘rgan bashoratli vahiy yanada keng miqyosda amalga oshadimi? Ha! Mana bu haqida o‘ylab ko‘ring: Hizqiyo «muqaddas xayr-ehson» deb atalgan yer yurtning markazi bo‘lganini ko‘rgan. (Hiz. 48:10) Shu singari, Armageddondan keyin yerning qayerida istiqomat qilmaylik, Yahova biz bilan yashaydi. (Vah. 21:3) Masih ming yil hukmronlik qilgan paytda boshqaruvchilar, ya’ni yer yuzida Xudo xalqining manfaatini ko‘zlab ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun tayinlanganlar o‘z ta’sir doirasini butun dunyo bo‘ylab kengaytiradi. Ular «yangi yer», ya’ni yangi insoniy jamiyatni tashkil etuvchi barchaga sevgi ila yo‘l-yo‘riq beradi. (2 Butr. 3:13)

18. a) Nega boshqaruv Xudoning hukmdorligi bilan butunlay uyg‘un bo‘lishiga aminmiz? b) Shaharning nomi bizni nimaga ishontiryapti?

18 Nega mazkur boshqaruv Xudoning hukmdorligi bilan butunlay uyg‘un bo‘lib qolishiga aminmiz? Chunki Allohning Kalomi shuni aniq ko‘rsatyaptiki, yer yuzidagi 12 ta darvozasi bor shahar samodagi 12 ta darvozasi bor shaharni, ya’ni Masih bilan hukmronlik qiladigan 144 000 kishidan iborat Yangi Quddusni aks ettiradi. (Vah. 21:2, 12, 21–27) Bu shuni anglatadiki, yer yuzidagi boshqaruv Xudoning Samoviy Shohligida chiqarilgan barcha qarorlarni aks ettiradi va ularni to‘la ado etadi. Darhaqiqat, shahar «Yahova u yerda» deb nomlangani jannatda pok topinish abadiy bo‘lishi va gullab-yashnashiga har birimizni ishontiryapti. Bizni naqadar ajoyib kelajak kutyapti!