Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1919-yili o‘tgan tarixiy ahamiyatga ega anjuman Xudoning xalqi nihoyat Buyuk Bobildan ozod bo‘lganining yaqqol dalili edi

9B RAMKASI

Nega 1919-yil?

Nega 1919-yil?

Nima uchun Xudoning xalqi aynan 1919-yili Buyuk Bobil tutqunligidan ozod bo‘lgan deb ayta olamiz? Muqaddas Kitobdagi bashoratlar yig‘indisi hamda tarixiy dalillar bunday xulosaga kelishimizga sabab bo‘ldi.

Muqaddas Kitob bashoratlari va tarixdan yaqqol ko‘rinib turibdiki, Iso 1914-yili samoda Shoh sifatida boshqara boshladi hamda bu Shayton dunyosining oxirgi kunlari boshlanganidan dalolat edi. Shoh bo‘lgan Iso nima qildi? U Xudoning yer yuzidagi xizmatchilarini darhol Buyuk Bobil tutqunligidan ozod qildimi? U «ishonchli va aqlli xizmatkorni» 1914-yili tayinlab, ulkan o‘rim-yig‘im ishini boshladimi? (Mat. 24:45)

Bunday bo‘lgani amri mahol. Havoriy Butrus ilohiy ilhom ostida hukm qilish «Xudoning uyidan boshlanadi» deganini eslaylik. (1 Butr. 4:17) Shu singari Malaki payg‘ambar ham Yahova O‘z uyiga «ahd xabarchisi», ya’ni O‘z O‘g‘li bilan keladigan vaqt haqida bashorat qilgandi. (Mal. 3:1–5) Bu vaqt tozalanish va sinalish payti bo‘lishi lozim edi. Tarixiy voqealar ushbu bashoratda aytilganlarga mos kelyaptimi?

Ha, albatta! 1914-yildan 1919-yilning boshlariga qadar bo‘lgan davr Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari (o‘shanda Yahovaning Shohidlari shunday deb atalgan) uchun og‘ir sinovlar va tozalanish vaqti bo‘ldi. Zamonaning oxiri ular umid qilganiday 1914-yili kelmagani bois, Xudoning yer yuzidagi ko‘plab xizmatchilarining hafsalasi pir bo‘ldi. Xudoning xalqi orasida rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan Charlz Rassell 1916-yili olamdan o‘tganida ularning hafsalasi yanada pir bo‘ldi. Rassell birodarimizga qattiq bog‘lanib qolgan ayrim kishilar uning o‘rniga rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan Jozef Ruterfordga kuchli qarshilik ko‘rsatishdi. Kelishmovchiliklar avj olib, 1917-yili tashkilot deyarli bo‘linib ketdi. So‘ng 1918-yili din rahbarlarining harakatlari tufayli Ruterford birodarimiz hamda uning yettita hamkorini hibsga olishdi, ularga nohaq hukm chiqarishdi va qamoqqa tashlashdi. Bruklindagi bosh idora yopildi. Xudoning xalqi hali Buyuk Bobildan ozod bo‘lmagani aniq edi.

Ammo 1919-yili nima yuz berdi? Buni qarangki, vaziyat yashin tezligida o‘zgarib ketdi! Oradan bir yil ham o‘tmay Ruterford birodarimiz hamda uning maslakdoshlari qamoqdan ozod etildi. Ular darhol ishga tushib ketishdi! Qisqa muddat ichida tarixiy ahamiyatga ega anjuman tashkillashtirildi va «Oltin davr» (hozir «Uyg‘oning!») deb nomlangan yangi jurnalning chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu jurnal jamoat joylarida va’z qilish kampaniyalarida qo‘llash uchun mo‘ljallangandi. Bundan tashqari, har bir jamoatda va’zgo‘ylik xizmatini tashkillashtirish va olg‘a surish uchun nozirlar tayinlandi. Aynan shu yili va’zgo‘ylik xizmatini tashkillashtirishga ko‘maklashadigan «Xabarnoma» (hozir «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi») deb nomlangan adabiyot chiqa boshladi.

Bu voqealarning sababi nimada edi? Masih Xudoning xalqini Buyuk Bobil asirligidan ozod qilgani yaqqol ko‘rinib turgandi. U ishonchli va aqlli xizmatkorni tayinladi. O‘rim-yig‘im ishi jadal tus oldi. Keskin o‘zgarishlar boshlangan 1919-yildan beri bu ish misli ko‘rilmagan darajada rivoj topdi.