Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9-DARS

Xudoga ibodat orqali yaqinlashing

Xudoga ibodat orqali yaqinlashing

Hayotingizda yo‘l-yo‘riqlarga muhtoj bo‘lganmisiz? Javob olmoqchi bo‘lgan muhim savollaringiz bormi? Dalda yoki tasalliga muhtojmisiz? Tangri Yahovaga yanada yaqin bo‘lmoqchimisiz? Ibodat yordamida bu barcha ehtiyojlaringizni qondira olasiz. Lekin qay yo‘sin ibodat qilish to‘g‘ri bo‘lardi? Alloh barcha ibodatlarni eshitadimi? U ibodatlaringizni eshitishiga amin bo‘lish uchun nima qilsangiz bo‘ladi? Keling, buni bilib olamiz.

1. Kimga ibodat qilishimiz kerak va nima haqida ibodat qilsak bo‘ladi?

Nuh, Ibrohim, Muso va Dovud kabi payg‘ambarlar Tangri Yahovaga ibodat qilishgan. Masalan, Dovud payg‘ambar shunday deb ibodat qilgan: «Ey Yahova, ibodatimni eshit». (Zabur 143:1) Yahovaga ibodat qilganda, U bilan do‘stona munosabatlarimizni yanada mustahkamlaymiz.

Umuman olganda har qanday mavzuda ibodat qilishimiz mumkin. Albatta, ibodatimiz ijobat bo‘lishi uchun Xudoning irodasiga muvofiq bo‘lishi darkor. «[Xudoning] irodasiga muvofiq nimaiki so‘rasak, U bizni eshitadi». (1 Yuhanno 5:14) Iso payg‘ambar nimalar haqida duo qilishimiz mumkinligini aytib o‘tgan. (Matto 6:9–13 ni o‘qing.) Shaxsiy tashvishlarimiz to‘g‘risida ibodat qilishdan tashqari, Xudo manfaatimizni ko‘zlab qilgan ishlari uchun minnatdorchilik bildirishni va boshqalarga yordam berishini so‘rashni unutmaslik kerak.

2. Qanday qilib ibodat qilish kerak?

Muqaddas Kitobda: «Yuragingizni [Xudoga] to‘kib soling»,— deb yozilgan. (Zabur 62:8) Shunday ekan, ibodatlarimiz samimiy va chin yurakdan bo‘lishi kerak. Ovoz chiqarib yoki ichimizda har qachon va har yerda ibodat qilishimiz mumkin. Qiziq, ibodat qilayotganda qandaydir xatti-harakatlar qilish kerakmi? Tangri Yahova sizdan tiz cho‘kib, o‘tirib yoki tik turib ibodat qilishingizni talab qilmayapti. Eng muhimi, hurmat ila ibodat qilishimiz kerak.

3. Xudo qay yo‘sin ibodatlarimizga javob beryapti?

U ibodatlarimizga turli yo‘llar orqali javob beradi. Yahova Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobni bizga taqdim etgan. Ko‘pincha undan savollarimizga javob olamiz. Zabur 19:7 ga ko‘ra, Xudoning Kalomini o‘qish «tajribasiz kishini dono qiladi». (Yoqub 1:5 ni o‘qing.) Qiyinchiliklarga duch kelganimizda Xudo bizga ichki xotirjamlik berishi mumkin. Bundan tashqari, U muhtoj bo‘lganimizda xizmatchilarini bizga yordam qo‘lini cho‘zishga undashi mumkin.

KO‘PROQ BILIB OLING

Qay yo‘sin Xudoga ma’qul tarzda duo qilishingiz mumkinligini bilib oling va ibodat sizga qanday foyda keltirishiga diqqat qarating.

4. Xudoga ma’qul keladigan ibodatlar

Qaysi omillar yordamida ibodatlarimiz Xudoga ma’qul yoki noma’qul ekanini aniqlay olamiz? VIDEONI tomosha qiling.

Yahova Unga ibodat qilishimizni xohlaydi. Zabur 65:2 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • «Ibodatlarni Eshitguvchi» siz ham Unga ibodat qilishingizni xohlayaptimi? Nega bunday fikrdasiz?

Xudo ibodatlarimizni eshitishini xohlasak, me’yorlariga muvofiq hayot kechirishga intilishimiz kerak. Mixo 3:4 va 1 Butrus 3:12 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Qay yo‘sin Yahova ibodatlarimizni eshitayotganiga amin bo‘lishimiz mumkin?

Urush paytida ikkala taraf ham g‘alaba qozonish uchun ibodat qilishi mumkin. Lekin Xudo ularga javob berishini kutish oqilonami?

5. Ibodatlarimiz chin dildan bo‘lishi lozim

Ba’zi odamlarga yodlab olingan duolarni qaytarish yoki o‘zlari tushunmagan tilda ibodat qilish o‘rgatilgan. Biroq Xudo shunday ibodat qilishimizni xohlaydimi? Matto 6:7 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Qay yo‘sin ibodat qilayotganda, «o‘sha-o‘sha so‘zlarni takrorlashdan» yiroqlasha olasiz?

Har kuni hayotingizdagi aniq bir baraka ustida mulohaza yuritib, u uchun Yahovaga minnatdorchilik bildirsangiz bo‘ladi. Buni hafta davomida har kuni qiling, shunda bir-biridan farq qiladigan yettita turli mavzuda ibodat qilgan bo‘lasiz.

Mehribon ota o‘g‘li unga chin yurakdan gapirishini istaydi. Yahova ham biz Unga sidqidildan ibodat qilishimizni xohlaydi

6. Ibodat Xudoning hadyasi

Qay yo‘sin ibodat ham yaxshi, ham og‘ir damlarda bizga kuch berishi mumkin? VIDEONI tomosha qiling.

Muqaddas Kitobda va’da berilishicha, ibodat yordamida tinchlikka ega bo‘la olamiz. Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Ibodat doim ham bizni muammolardan xoli qilmasa-da, qay yo‘sin yordam bera oladi?

  • Nimalar haqida ibodat qilishni xohlardingiz?

Bilasizmi?

«Omin» so‘zi «shunday bo‘lsin» yoki shubhasiz degan ma’noga ega. U qadim zamonlardan beri ibodatlarning oxirida aytilib kelinadi. (1 Solnomalar 16:36)

7. Ibodat qilish uchun vaqt ajrating

Gohida band bo‘lib ketganimizdan ibodat qilishni unutib qo‘yishimiz hech gap emas. Iso payg‘ambar uchun ibodat qilish qanchalik muhim edi? Matto 14:23 va Mark 1:35 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Iso ibodat qilishga vaqt ajratish uchun nimalar qilgan?

  • Siz-chi, qachon ibodat qilishingiz mumkin?

BA’ZILARNING FIKRI: «Xudo sizni eshitishini xohlasangiz, faqat muayyan tilda ibodat qilishingiz kerak».

  • Siz nima deb o‘ylaysiz?

XULOSA

Chin yurakdan qilingan ibodatlar bizni Allohga yanada yaqinlashtiradi. Shuningdek, ular orqali ichki xotirjamlikka va Yahovani mamnun qilish uchun kerakli kuchga ega bo‘lamiz.

Takrorlash

  • Kimga ibodat qilishimiz lozim?

  • Qay yo‘sin ibodat qilishimiz kerak?

  • Ibodat qilishning ayrim foydali taraflari qanday?

Maqsad

QO‘SHIMCHA MANBALAR

Ibodat haqida keng tarqalgan savollarning javobini toping.

«Ibodat borasida yettita muhim savol» («Qo‘riqchi minorasi» 1-oktabr, 2010)

Ibodat qilish uchun qanday muhim sabablar borligini va qay yo‘sin ibodatlarni yaxshilay olishingizni bilib oling.

«Nega ibodat qilishim kerak?» (Veb-maqola)

Muqaddas Kitobda kimga ibodat qilishimiz kerakligi haqida nima deyilganiga e’tibor bering.

«Avliyolarga ibodat qilishim kerakmi?» (Veb-maqola)

Ushbu musiqali videodan qayerda yoki qachon ibodat qilishimiz muhimmi, degan savolning javobini bilib oling.

«Doim ibodat qiling» (1:22)