Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

44-DARS

Barcha bayramlar Xudoga ma’qulmi?

Barcha bayramlar Xudoga ma’qulmi?

Yahova hayotdan zavqlanib yashashimizni hamda vaqti-vaqti bilan bayramlar qilishimizni istaydi. Biroq barcha bayram va marosimlar Unga ma’qul keladimi? Bu masalada Yahovaga bo‘lgan sevgimizni qanday ko‘rsata olamiz?

1. Nega ko‘p bayramlar Yahovaga ma’qul emas?

Ko‘p bayramlar Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan ta’limotlardan yoki butparastlikdan kelib chiqqanini bilsangiz, bundan hayron qolarsiz. Bunday bayramlar soxta din bilan bog‘liq bo‘lishi hech gap emas. Shuningdek, ular sehr-jodu bilan bog‘liq bo‘lishi yoki jon o‘lmasligi borasidagi g‘oyaga asoslangan bo‘lishi mumkin. Ba’zi bayramlar xurofot yoki omadga ishonishga borib taqaladi. (Ishayo 65:11) Yahova topinuvchilarini quyidagicha ogohlantirmoqda: «Ulardan ayrilib ketinglar,.. bundan buyon nopokka qo‘l tekkizmanglar». (2 Korinfliklarga 6:17) a

2. Odamlar ulug‘lanadigan bayramlar haqida Yahova qanday fikrda?

Yahova bizni «odamga umid bog‘lash» tuzog‘iga tushib qolishdan ogohlantiryapti. (Yeremiyo 17:5 ni o‘qing.) Ba’zi bayramlarda boshqaruvchilar yoki harbiylar ulug‘lanadi. Boshqalarida davlat ramzlari ulug‘lanadi yoki mustaqillik kuni nishonlanadi. (1 Yuhanno 5:21) Ayrimlarida esa odamlar siyosiy yoki ijtimoiy tashkilotlarni ulug‘laydi. Biron odamni yoki tashkilotni ulug‘lasak, ayniqsa, ular Yahovaning niyatiga zid g‘oyalarni olg‘a suradigan bo‘lsa, Yahova nimalarni his qiladi?

3. Qaysi ishlar tufayli bayram nomunosib bo‘lishi mumkin?

Muqaddas Kitobda «sharobxo‘rlik, aysh-ishrat, ichkilikbozlik» qoralangan. (1 Butrus 4:3) Ayrim bayramlarda odamlar tiyiqsiz xatti-harakatlar va axloqsiz ishlar qiladi. Yahovaning do‘sti bo‘lib qolish uchun bu kabi axloqsiz ishlardan yiroqda bo‘lishimiz kerak.

KO‘PROQ BILIB OLING

Bayramlar va marosimlar borasida dono qarorlar chiqarish orqali Yahovani qanchalik mamnun qilishingiz mumkinligini bilib oling.

4. Yahovani sharmanda qiladigan bayramlarni rad eting

Efesliklarga 5:10 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Muayyan bayramni nishonlash borasida to‘g‘ri qaror chiqarganimizga amin bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak?

  • Siz yashaydigan hududda qaysi bayramlar keng tarqalgan?

  • Nima deb o‘ylaysiz, ular Yahovaga ma’qulmi?

Misol uchun, Xudo tug‘ilgan kunni nishonlash haqida qanday fikrda, deb hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Muqaddas Kitobda Yahovaga topinadigan kishi tug‘ilgan kunni nishonlagani to‘g‘risida hech qanday ma’lumot keltirilmagan. Aksincha, unda Yahovaga xizmat qilmagan ikkita kishi tug‘ilgan kunni nishonlagani to‘g‘risida aytilgan. Ibtido 40:20–22 va Matto 14:6–10 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Bu ikkita tug‘ilgan kunning o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor?

  • Ushbu ikkita bayonotga ko‘ra, sizningcha, Yahova tug‘ilgan kunlar borasida qanday fikrda?

Balki sizda shunday savol paydo bo‘lar: «Tug‘ilgan kunda yoki Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan bayramda ishtirok etish-etmasligim Yahova uchun muhimmi?» Chiqish 32:1–8 ni o‘qing. Keyin esa VIDEONI tomosha qiling, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Yahovaga nima ma’qul ekani borasida nega ishonch hosil qilishimiz lozim?

  • Buni qanday qila olamiz?

Bayram Xudoni mamnun qilish-qilmasligini qayerdan bilsak bo‘ladi?

  • Bu bayram Muqaddas Kitobga zid ta’limotlarga asoslanganmi? Buni bilish uchun uning kelib chiqishi borasida izlanish o‘tkazing.

  • Bu bayram odam, tashkilot yoki davlat ramzlarini sharaflashga atalganmi? Eng avvalo, Yahovani ulug‘laymiz va dunyodagi barcha muammolarni U hal qilishiga ishonamiz.

  • Bu bayramdagi urf-odatlar Muqaddas Kitob me’yorlariga zidmi? Biz axloqan pok bo‘lib qolishimiz kerak.

5. Boshqalarga e’tiqodingizni hurmat qilishga ko‘maklashing

Yahovaga noma’qul bayramda qatnashish bosimiga duch kelsangiz, bunga qarshi turish oson emas. Qaroringizni sabr va muloyimlik ila tushuntiring. Buni qanday qilish mumkinligini ko‘rish uchun VIDEONI tomosha qiling.

Matto 7:12 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Bu oyatga binoan, imondosh bo‘lmagan oila a’zolaringizga ular muayyan bayramni nishonlamasligi kerakligini aytishingiz to‘g‘rimi?

  • Oila a’zolaringiz bilan bayramni nishonlamasangiz ham, ularni sevgingizga ishontirish va qadrlashingizni ko‘rsatish uchun nima qila olasiz?

6. Yahova baxtiyor bo‘lishimizni istaydi

Yahova oilamiz va do‘stlarimiz bilan vaqtimizni chog‘ o‘tkazishimizni istaydi. Voiz 8:15 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Qay yo‘sin ushbu oyatdan Yahova baxtiyor bo‘lishimizni istashini ko‘ryapmiz?

Yahova Uning xizmatchilari birgalikda o‘ynab-kulib, vaqtni maroqli o‘tkazishini xohlaydi. VIDEONI tomosha qiling va xalqaro anjumanlarda buning yaqqol tasdig‘ini qay yo‘sin ko‘rish mumkinligiga diqqat qarating.

Galatiyaliklarga 6:10 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Boshqalarga «yaxshilik qilish» niyatida keng tarqalgan bayramlarni nishonlashimiz kerakmi?

  • Qachon baxtliroq bo‘lasiz: sovg‘alarni bayram bo‘lgani uchun majburan bergandami yoki xohlaganingizda taqdim etgandami?

  • Aksariyat Shohidlar ba’zida bolalari uchun o‘tirishlar uyushtiradi va ularga kutilmaganda sovg‘alar berib turadi. Bolalaringiz bo‘lsa, ularni xursand qilish uchun nimalar qilishingiz mumkin?

BA’ZILARNING FIKRI: «Bayramlarning kelib chiqishi meni umuman qiziqtirmaydi. Eng muhimi, oilam va do‘stlarim bilan maza qilib vaqt o‘tkazaman».

  • Nima deb aytgan bo‘lardingiz?

XULOSA

Yahova oilamiz-u do‘stlarimiz bilan vaqtimizni chog‘ o‘tkazishimizni istaydi. Shu bilan birga Uni ranjitadigan bayramlarda qatnashishimizni xohlamaydi.

Takrorlash

  • Bayram Yahovaga ma’qul kelish-kelmasligini aniqlash uchun qanday savollar bersak bo‘ladi?

  • Oilamiz va do‘stlarimizga bayramlarni nishonlamasligimizni qanday qilib tushuntira olamiz?

  • Yahova baxtli bo‘lishimizni va o‘ynab-kulishimizni istashini qayerdan bilasiz?

Maqsad

QO‘SHIMCHA MANBALAR

Masihiylar nishonlamaydigan ayrim bayramlar haqida bilib oling.

«Nima uchun Yahovaning Shohidlari muayyan bayram va marosimlarni nishonlamaydi?» (Veb-maqola)

Nega tug‘ilgan kunni nishonlash Yahovaga ma’qul kelmaydi, deb hisoblashimizning to‘rtta sababiga diqqat qarating.

«Nega Yahovaning Shohidlari tug‘ilgan kunlarni nishonlamaydi?» (Veb-maqola)

Yahovani yaxshi ko‘radigan bolalar qanday qilib Uni bayramlarda xursand qila olishini ko‘ring.

«Yahova uchun qadrlisiz» (11:35)

Millionlab masihiylar Rojdestvoni nishonlamaydi. Bu haqda siz qanday fikrdasiz?

«Ular yaxshirog‘ini topdi» («Qo‘riqchi minorasi» 1-dekabr, 2012)

a Bayram bilan bog‘liq ba’zi vaziyatlarda qanday yo‘l tutishni bilish uchun 5- ilovaga qarang.