Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

54-DARS

«Ishonchli va aqlli xizmatkor» kim va u nima qiladi?

«Ishonchli va aqlli xizmatkor» kim va u nima qiladi?

Iso masihiylar jamoatining Boshi. (Efesliklarga 5:23) Bugungi kunda Iso osmondan turib, «ishonchli va aqlli xizmatkor» orqali yer yuzidagi izdoshlarini yetaklayapti. (Matto 24:45 ni o‘qing.) Iso Masih tayinlagan bu «xizmatkor» muayyan qarorlar chiqarish vakolatiga ega. Ammo u Isoga bo‘ysunib, uning birodarlariga xizmat qiladi. Xo‘sh, bu xizmatkor kim? U bizga qanday g‘amxo‘rlik qilyapti?

1. «Ishonchli va aqlli xizmatkor» kim?

Yahova xalqiga yo‘l-yo‘riq berishda biron insondan yoki erkaklardan tashkil topgan kichik guruhdan foydalanib kelgan. (Malaki 2:7; Ibroniylarga 1:1) Isoning o‘limidan so‘ng Xudoning xalqini Quddusdagi havoriylar va oqsoqollar yetaklagan. (Havoriylar 15:2) Ushbu namunaga ko‘ra, bugun ham oqsoqollardan iborat kichik guruh Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi ma’naviy ozuqani taqdim etyapti hamda va’zgo‘ylik ishini yo‘naltiryapti. Bu guruh «ishonchli va aqlli xizmatkor»; uni Isoning o‘zi «tayinlagan». (Matto 24:45a) Yetakchi kengashning barcha a’zolari muqaddas ruh bilan moylangan va Samoviy Shohlikda Iso Masih bilan birga yer yuzi ustidan boshqarish paytini intiqib kutmoqda.

2. Ishonchli xizmatkor qanday ma’naviy ozuqani taqdim etadi?

Iso ishonchli xizmatkor «[izdoshlariga] rizq-ro‘zni vaqtida berib turishini» aytgan. (Matto 24:45b) Tom ma’nodagi ozuqa jismonan baquvvat va sog‘lom bo‘lishga yordam berganiday, ma’naviy ozuqa ham, ya’ni Kalomdagi yo‘l-yo‘riqlar Yahovaga sodiq bo‘lishimiz uchun kerakli kuchni berib turadi. Shuningdek, u Iso topshirgan faoliyatni amalga oshirishimizga ko‘maklashadi. (1 Timo‘tiyga 4:6) Ushbu ma’naviy ozuqani yig‘ilishlar, tuman anjumanlari, hududiy anjumanlar hamda Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarimiz-u videolar orqali olamiz. Ular yordamida Xudoning irodasini tushunamiz va U bilan do‘stligimizni mustahkamlaymiz.

KO‘PROQ BILIB OLING

Nega «ishonchli va aqlli xizmatkorga» — Yetakchi kengashga muhtoj ekanimizni bilib oling.

Yetakchi kengash butun dunyo bo‘ylab Yahovaning Shohidlariga ma’naviy ozuqa, yo‘l-yo‘riq va amaliy yordamni taqdim etmoqda

3. Yahovaning xalqi tashkillashtirilgan

Yetakchi kengash Isoning boshqaruvi ostida Yahova Shohidlarining faoliyatini tashkillashtiradi. Iso ilk masihiylarni ham xuddi shunday yo‘naltirgan. VIDEONI tomosha qiling.

1 Korinfliklarga 14:33, 40 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Bu oyatlar Yahova Uning xalqi tashkillashtirilgan bo‘lishini xohlayotganini qanday ayon qilyapti?

4. Ishonchli xizmatkor voizlik ishini tashkillashtiradi

Va’zgo‘ylik ishi ilk masihiylar bajargan eng muhim faoliyat bo‘lgan. Havoriylar 8:14, 25 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Ilk masihiylar orasida va’zgo‘ylik ishini kimlar yo‘naltirgan?

  • Butrus va Yuhanno boshqa havoriylarning yo‘l-yo‘rig‘iga qanday munosabat ko‘rsatgan?

Va’zgo‘ylik ishi Yetakchi kengash tomonidan tashkillashtirilgan eng muhim faoliyatdir. VIDEONI tomosha qiling.

Iso va’zgo‘ylik ishi juda muhim ekanini ta’kidlagan. Mark 13:10 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Nega va’zgo‘ylik ishi Yetakchi kengash uchun shunchalik muhim?

  • Mazkur umumjahon faoliyatni tashkillashtirish uchun nega «ishonchli va aqlli xizmatkor»ga muhtojmiz?

5. Ishonchli xizmatkor yo‘l-yo‘riqlar taqdim etadi

Yetakchi kengash dunyo bo‘ylab masihiylarga yo‘l-yo‘riqlar beradi. Qanday yo‘l-yo‘riq berish kerakligini ular qayerdan biladi? Keling, birinchi asrdagi yetakchi kengash buni qanday qilganini bilib olaylik. Havoriylar 15:1, 2 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Ayrim ilk masihiylar orasida qanday masala ko‘tarildi?

  • Uni hal qilish uchun Pavlus, Barnabo va boshqalar kimdan yordam so‘radi?

Havoriylar 15:12–18, 23–29 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Qaror chiqarishdan avval, bu masala bo‘yicha Xudoning yo‘l-yo‘rig‘ini bilish uchun yetakchi kengash nimalarni ko‘rib chiqdi? (12-, 15- va 28- oyatlarga qarang.)

Havoriylar 15:30, 31 va 16:4, 5 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savollarni muhokama qiling:

  • Ilk masihiylar yetakchi kengash bergan yo‘l-yo‘riqqa qanday munosabat ko‘rsatdi?

  • Yahova ularning itoatkorligiga qanday baraka berdi?

2 Timo‘tiyga 3:16 va Yoqub 1:5 ni o‘qing, so‘ng quyidagi savolni muhokama qiling:

  • Bugungi kunda Yetakchi kengash qarorlar chiqarayotib, yo‘l-yo‘riqni qayerdan izlaydi?

BA’ZILARNING FIKRI: «Yetakchi kengashga quloq solsangiz, oddiy odamga ergashgan bo‘lasiz».

  • Yetakchi kengashni Iso boshqarayotganiga sizni nima ishontiryapti?

XULOSA

Yetakchi kengash «ishonchli va aqlli xizmatkor» bo‘lib, uni Masih tayinlagan. U butun dunyo bo‘ylab yo‘l-yo‘riq va ma’naviy ozuqani taqdim etmoqda.

Takrorlash

  • «Ishonchli va aqlli xizmatkor»ni kim tayinlagan?

  • Yetakchi kengash bizga qay yo‘sin g‘amxo‘rlik qilyapti?

  • Yetakchi kengash «ishonchli va aqlli xizmatkor» ekaniga ishonasizmi?

Maqsad

QO‘SHIMCHA MANBALAR

Yetakchi kengash vazifasini bajarish uchun qanday tashkillashtirilganiga diqqat qarating.

«Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi nima degani?» (Veb-maqola)

Yetakchi kengash Muqaddas Kitobga asoslangan ishonchli ma’lumotni olishimizga qanday g‘amxo‘rlik qilayotganiga diqqat qarating.

«Aniq ma’lumotni yetkazish» 17:18

Yetakchi kengashning a’zolari Iso ularga topshirgan vazifa borasida qanday fikrda?

«Ulkan sharaf» 7:04

Yig‘ilishlar-u anjumanlar Yahova Yetakchi kengashni yo‘naltirayotganini qay yo‘sin isbotlayapti?

«Yahova xalqiga ta’lim beryapti» 9:39