Asosiy materiallarga o‘tish

Yahova tanishish arziydigan Xudodir

Yahova tanishish arziydigan Xudodir

Yahova tanishish arziydigan Xudodir

HAYOTINGIZDA muhim bir narsani qo‘ldan boy beryapsizmi? Agar Xudo to‘g‘risida ko‘p narsani bilmasangiz, shunday bo‘lishi mumkin. Nega? Sababi, millionlab insonlar tan olganidek, Muqaddas Kitob yordamida Xudo to‘g‘risida bilim olish katta foyda keltiradi. Bu foyda darhol sezila boshlaydi va uzoq muddat davom etadi.

Muqaddas Kitobning muallifi bo‘lmish Tangri Yahova, U haqda bilib olishimizni istaydi. Sano bastakori shunday deb yozgan: «Xalqlar isming Yahova ekanini, zamin uzra yolg‘iz Sen Alloh Taolo ekaningni bilib olsin». Xudo, Uni bilish bizga foyda keltirishini tushunadi. «Men Yahova, sening Xudoyingman, sening manfaatingni ko‘zlab ta’lim beraman». Alloh Taolo Yahovani bilib olsak qanday foyda olamiz? (Zabur 83:18; Ishayo 48:17)

Masalan, Xudo bizga kundalik muammolarni yengishni o‘rgatganida, ichki xotirjamlik baxsh etganida va kelajakka umid berganida, buning foydasini his qilamiz. Bundan tashqari, Yahova bilan yaqinroq tanishganimizda, ko‘plab odamlarni qiziqtirayotgan eng muhim savollarga boshqacha nuqtai nazar bilan qaray boshlaymiz. Bu qanday savollar ekan?

Hayotingiz mazmunga egami?

Ilm va texnika sohalaridagi ajoyib taraqqiyotga qaramay, odamlarni hali ham o‘sha-o‘sha muhim savollar qiziqtiradi: «Nima uchun yashayapman? Kelajakda meni nima kutyapti? Yashashdan maqsad nima?» Agar odam bu savollarga qoniqarli javob topmasa, hayoti mazmunsiz bo‘ladi. Ko‘p odamlar bunday bo‘shliqni his qilyaptimi? 1997-yili Germaniyada o‘tkazilgan bir so‘rovda ishtirok etgan kishilarning yarmidan ko‘pi, asosan yoki ba’zida hayot mazmunsizga o‘xshaydi, deb javob berishgan. Siz yashayotgan hududda ham vaziyat shunday bo‘lsa kerak.

Odam hayotning mazmunini bilmasa, kelajagini qurish uchun poydevorga ega bo‘lmaydi. Ko‘plar bu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida amal pillapoyasidan ko‘tarilishga yoki boylik orttirishga intiladi. Lekin bu bo‘shliq yo‘qolmaydi. Hayotning mazmunsizligi ayrimlarni shu qadar qiynaydiki, ular yashagisi kelmay qoladi. «Interneshnl gerald tribyun» gazetasida yozilishicha, yoshgina chiroyli bir ayol shunday ahvolga tushgan ekan. U to‘kin-sochin hayot kechirgan bo‘lsa ham, o‘zini yolg‘iz his etib, hayotni mazmunsiz deb hisoblagan. Bu ayol uyqu dori ichgan ekan, uni o‘lik holda topishibdi. Ehtimol siz, hayoti fojiali yakun topgan boshqa yolg‘iz insonlarni ham bilarsiz.

Ilm hayot sirlarini oshkor eta oladi, degan gaplarni eshitgandirsiz? Germaniyada haftada bir chiqadigan «Voxe» nomli jurnalda shunday deyilgan edi: «Ilm haq bo‘lgani bilan ma’naviy yo‘l-yo‘riq berolmaydi. Evolyutsiya nazariyasi xom va hatto tasodifiy og‘ishlarga (fluktuatsiyalarga) ega bo‘lgan kvant fizikasi ham tasalli va xotirjamlik baxsh etolmaydi». Hayotning turli shakllarini tavsiflab berish va hayotni qo‘llab-quvvatlovchi tabiiy sikl va jarayonlarni tushuntirish yo‘lida ko‘p ilmiy kashfiyotlar qilindi. Ammo ilm nima uchun yashayotganimizni va kelajakda bizni nima kutayotganini tushuntirib berolmaydi. Agar nuqul ilmga tayansak, hayotning mazmuni haqidagi savollarimiz javobsiz qoladi. Natijada, «Zyuddoyche saytung» gazetasida aytilganidek, «yo‘l-yo‘riqqa ehtiyoj borligi hamma joyda sezilib turibdi».

Yo‘l-yo‘riqni Yaratuvchidan boshqa kim ham bera olardi? Boshida odamlarni yer yuziga U joylashtirgani sababli, biz nima uchun yashayotganimizni U bilishi kerak. Muqaddas Kitobda aytilishicha, Yahova odamlarni yer yuzini to‘ldirib, unga g‘amxo‘rlik qilishsin va asrashsin deb yaratgan. Odamlar barcha ishlarida Xudoning fazilatlarini, jumladan adolat, donolik va sevgini aks ettirishlari kerak edi. Yahova bizni nega yaratganini bilib olgach, nima uchun yashayotganimizni yaxshiroq tushunamiz. (Ibtido 1:26–28)

Nima qilishingiz mumkin?

Agar o‘tmishda: «Nega yashayapman? Kelajakda meni nima kutyapti? Hayotning mazmuni nima?» degan savollarga qoniqarli javob topmagan bo‘lsangiz nima qilishingiz mumkin? Muqaddas Kitob sizga Yahova bilan yaqinroq tanishib olishni tavsiya qiladi. Iso payg‘ambar: «Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun, Seni — tanho haq Xudoni va Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilish kerak»,— degan edi. Shuningdek, Muqaddas Kitob sizni Xudoga ma’qul fazilatlarni, ayniqsa sevgini rivojlantirishga va yaqinlashib kelayotgan Xudoning Masih boshchiligidagi Shohligi boshqaruvi ostida yashash uchun bor kuchingiz bilan harakat qilishga undaydi. Agar bu undovga muvofiq yo‘l tutsangiz hayotingiz mazmunga to‘ladi va ajoyib, mustahkam umidga ega bo‘lasiz. Shunda sizni bezovta qilgan o‘sha muhim savollarning javobini topishingiz mumkin. (Yuhanno 17:3; Voiz 12:13)

Bu chindan ham muhim ahamiyatga egami? Javobini Hans so‘zlab berishi mumkin *. O‘tmishda u ma’lum darajada Xudoga e’tiqod qilgan bo‘lsa-da, bu uning hayotiga hech ham ta’sir qilmagan. Hans giyohvand moddalardan, ayollar, mototsikllar va mayda-chuyda jinoyat ishlardan zavq olardi. «Ammo hayotim bo‘m-bo‘sh edi va hech qanday qoniqish his etmasdim»,— deb eslaydi u. Hans 25 yoshga kirganida Xudo to‘g‘risida ko‘proq bilib olishga qaror qilgan va Muqaddas Kitobni diqqat bilan o‘qiy boshlagan. Yahova bilan yaqindan tanishganidan keyin Hans nima uchun yashashi kerakligini tushungan va hayot tarzini o‘zgartirib, Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mgan. Hozirga kelib, u o‘n yildan beri to‘la vaqtli xizmatda. Hans shunday deya tan oladi: «Yahovaga xizmat qilish eng a’lo hayot yo‘li. Bunga hech narsa teng kelolmaydi. Yahova bilan tanishib, hayotning mazmunini bilib oldim».

Albatta, hayotning mazmuni haqidagi savol odamlarni bezovta qilayotgan yagona savol emas. Dunyodagi ahvol yomonlashib borgani sayin, ko‘plab odamlarni boshqa bir savol tashvishga solyapti.

Nega baxtsizliklar sodir bo‘lyapti?

Baxtsizlik sodir bo‘lganida odamni: «Nega bunday bo‘ldi?» — degan savol qiynaydi. Odam baxtsizlikdan keyin tiklana olish-olmasligi, mazkur savolga to‘g‘ri javob topishiga bog‘liq. Agar qoniqarli javob topa olmasa, u ko‘p azob chekishi va hatto bag‘ri tosh bo‘lib qolishi mumkin. Misol uchun, Bruni bilan nima bo‘lganini olaylik.

«Bir necha yil avval chaqalog‘im hayotdan ko‘z yumdi,— deb bo‘lishdi Bruni ismli ayol.— Xudoga ishonganim uchun ruhoniyga murojaat qildim. U menga, qizim Susannani Xudo osmonga olib ketganini va u farishtaga aylangani aytdi. Bolam vafot etganidan keyin dunyo men uchun ostin-ustin bo‘lib ketgani yetmagandek, qizalog‘imni tortib olgani uchun Xudodan ham g‘azablana boshladim». Bruni bir necha yil azob chekib yashadi. U gapida davom etib, shunday dedi: «O‘sha paytda bir ayol — Yahovaning Shohidi, menga Muqaddas Kitob yordamida Xudodan g‘azablanishga hech qanday sabab yo‘qligini ko‘rsatdi. Yahova Susannani osmonga olib ketmagan va u farishtaga aylanmagan. U odamlarga xos nomukammallik dastidan kasal bo‘lgan. Susanna o‘lim uyqusida, Yahova uni tiriltirishini kutib yotibdi. Bundan tashqari, Xudo odamlarni yer yuzidagi jannatda abadiy yashashlari uchun yaratganini va yaqinda Uning bu niyati amalga oshishini bilib oldim. Yahova qanday Shaxs ekanini tushuna boshlagach, o‘zimni Unga yaqin his etdim va dardimdan forig‘ bo‘ldim». (Zabur 37:29; Havoriylar 24:15; Rimliklarga 5:12)

Millionlab insonlar turli xil baxtsizliklardan azob chekyapti — bu shaxsiy fojia, urush, ocharchilik yoki tabiiy ofat bo‘lishi mumkin. Bruni Muqaddas Kitob yordamida Yahova baxtsizliklarda aybdor emasligini, U odamlar azob chekishini sira ham xohlamaganini va U yaqinda yovuzlikka chek qo‘yishini bilib oldi. Yovuzlik ko‘payishi — «oxirzamon»da yashayotganimizning belgisi. Yaqinda barchamiz orziqib kutayotgan ajoyib o‘zgarishlar yuz beradi. (2 Timo‘tiyga 3:1–5; Matto 24:7, 8)

Xudo to‘g‘risida bilim olish

Hans va Bruni Xudo to‘g‘risida bor-yo‘g‘i umumiy tasavvurga ega bo‘lishgan. Ular Xudoga ishongan bo‘lsa ham, U haqida ko‘p narsani bilishmagan. Ular Yahova to‘g‘risida aniq bilim olish uchun vaqt ajrata boshlaganda harakatlari mukofotlangan. Ular hozirgi paytda eng muhim sanalgan savollarga aniq javoblarni topishgan. Bu ularga ichki xotirjamlik va kelajakka oid mustahkam umid baxsh etgan. Yahovaga xizmat qilayotgan millionlab insonlar ham buni o‘z boshidan o‘tkazishgan.

Yahova bilan tanishish Muqaddas Kitobni diqqat bilan o‘qishdan boshlanadi, chunki bu kitob U kimligini va bizdan nimani kutayotganini ochib beradi. Birinchi asrda yashagan ayrim kishilar xuddi shunday yo‘l tutishgan. Tarixchi va tabib bo‘lgan Luqo Veriyada (Yunoniston) yashagan ibroniylar jamoasi a’zolari haqida shunday deb yozgan: «Ular [Pavlus va Siladan eshitgan] Xudoning kalomini katta ishtiyoq bilan qabul qilib, aytilganlar to‘g‘rimi yoki yo‘qmi deya, Muqaddas Yozuvlarni kunda sinchkovlik bilan o‘rganishardi». (Havoriylar 17:10, 11)

Bundan tashqari, birinchi asrda yashagan masihiylar jamoat sifatida birlashib, yig‘ilishlar o‘tkazishardi. (Havoriylar 2:41, 42, 46; 1 Korinfliklarga 1:1, 2; Galatiyaliklarga 1:1, 2; 2 Salonikaliklarga 1:1) Bugungi kunda ham shunday. Yahovaning Shohidlari jamoat sifatida birlashib, odamlarga Yahovaga yaqinlashish va Unga quvonch bilan xizmat qilishga yordam berish maqsadida yig‘ilishlar o‘tkazishadi. Yaqin atrofda yashaydigan Yahovaning Shohidlari bilan muloqot qilish yana boshqa taraflama foyda keltiradi. Odamlar o‘zlari xizmat qilayotgan Xudoga o‘xshab organi sababli, Yahovaning Shohidlari qaysidir jihatdan Yahovaga xos fazilatlarni o‘zlarida aks ettiradilar. Shunday ekan, Shohidlar bilan muloqot qilish Yahovani yaxshiroq bilib olishga yordam beradi. (Ibroniylarga 10:24, 25)

Bitta Shaxs bilan tanishib olish uchun shuncha kuch sarflash kerakmi? Albatta, kerak. Axir, boshqa maqsadlarga erishish uchun ham kuch talab etilmaydimi? Mashhur sportchilar mashq qilishga qancha kuch sarflashi haqida o‘ylab ko‘ring. Misol uchun, olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan fransiyalik chang‘ichi Jan-Klod Kili, xalqaro musobaqalarda g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega bo‘lishga nima yordam berishini quyidagicha tushuntirgan: «Tayyorgarlikni 10-yil oldin boshlab, yildan-yilga rejalashtirish va kundan-kunga bu haqda o‘ylash kerak... [...] Bu yiliga 365 kun davom etadigan aqliy va jismoniy mehnat». Atigi 10 daqiqa davom etadigan musobaqada qatnashish uchun shuncha vaqt va kuch talab etilar ekan-a! Yahova haqida bilim olish orqali esa undan-da ko‘prog‘iga erishish mumkin!

Mustahkamlanib boradigan munosabatlar

Hayotda muhim bir narsani qo‘ldan boy berishni kim ham xohlardi? Hech kim. Shu sababli, agar hayotingizda chinakam mazmun yetishmayotganday tuyulsa yoki nega baxtsizliklar sodir bo‘layotganini tushunishni istayotgan bo‘lsangiz, Muqaddas Kitobda tilga olingan Tangri Yahova haqida bilim olishga qat’iy qaror qiling. U haqda bilim olib, hayotingizni yaxshi tomonga o‘zgartirasiz va buning foydasini doimo his qilasiz.

Qachondir Yahova haqida bilim olishni to‘xtatamizmi? O‘nlab yillar davomida Unga xizmat qilib kelayotgan kishilar U haqda nimalarni bilib olishganidan va hali ham yangi narsalarni bilib olishayotganidan hayratda qolishmoqda. Bunday bilim olish jarayoni bizni baxtiyor qilib, Xudoga yanada yaqinlashtiryapti. Biz havoriy Pavlusning quyida yozilgan so‘zlariga qo‘shilishimiz mumkin: «Oh, Xudoning boyligi hamda donoligiyu bilimi qanchalik tubsiz-a! Uning hukmlariga aql bovar qilmas, Uning hamma yo‘llarini tushunib bo‘lmas! “Kim Yahovaning o‘y-fikrini bilgan yoki kim Unga maslahatchi bo‘lgan?!”» (Rimliklarga 11:33, 34)

[Izoh]

^ Ismlar o‘zgartirilgan.

[5- sahifadagi matn parchasi]

Odamlarni hali ham o‘sha-o‘sha muhim savollar qiziqtiradi: «Nima uchun yashayapman? Kelajakda meni nima kutyapti? Yashashdan maqsad nima?»

[6- sahifadagi matn parchasi]

«Yahova qanday Shaxs ekanini tushuna boshlagach, o‘zimni Unga yaqin his etdim va dardimdan forig‘ bo‘ldim»

[7- sahifadagi matn parchasi]

«Yahovaga xizmat qilish eng a’lo hayot yo‘li. Bunga hech narsa teng kelolmaydi. Yahova bilan tanishib, hayotning mazmunini bilib oldim».