Asosiy materiallarga o‘tish

Isoning mo‘jizalari. Ulardan qanday saboq olishingiz mumkin?

Isoning mo‘jizalari. Ulardan qanday saboq olishingiz mumkin?

Isoning mo‘jizalari. Ulardan qanday saboq olishingiz mumkin?

ISONING hayoti haqidagi bayonotning asl nusxasida «mo‘jiza» so‘zi bir marta ham ishlatilmaganini bilib hayron qolsangiz kerak. Ba’zida «mo‘jiza» deb tarjima qilinadigan yunoncha so‘z dи́namis tom ma’nodagi «kuch»ni bildiradi. (Luqo 8:46) Shuningdek, bu so‘z «qudratli ishlar» va «qobiliyat» deb tarjima qilinadi. (Matto 11:20; 25:15) Bir olimning fikricha, bu yunoncha so‘z «bajarilgan qudratli ishlarni, ayniqsa, ularni amalga oshirishga yordam bergan kuchni anglatadi. Xullas, bu so‘z Xudoning faol kuchini bildiradi».

Yunoncha so‘z tе́ras esa, odatda, «alomatlar» yoki «g‘aroyibotlar» deb tarjima qilinadi. (Yuhanno 4:48; Havoriylar 2:19) Bu so‘z orqali shohidlarda katta taassurot qoldirishga urg‘u berilyapti. Muqaddas Kitobda xaloyiq va Isoning shogirdlari uning qudratli ishlarini ko‘rib qoyil qolishgani to‘g‘risida o‘qishimiz mumkin. (Mark 2:12; 4:41; 6:51; Luqo 9:43)

Isoning mo‘jizalariga oid uchinchi yunoncha so‘z simи́on «alomatlar» degan ma’noni bildiradi. «Bu yunoncha so‘z “mo‘jiza” so‘zining asl ma’nosini yaxshiroq aks ettiradi»,— demoqda Robert Deffinbaug. U shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Alomatlar bu mo‘jiza bo‘lib, Iso Masih haqidagi ba’zi bir haqiqatlarni ochib beradi».

Ko‘zboyloqchilikmi yoki Xudoning qudratimi?

Muqaddas Kitobda Isoning mo‘jizalari insonlarning ko‘nglini olishga qaratilgan nayrangbozlik yoki ko‘zboyloqchilik sifatida tasvirlanmagan. Bu mo‘jizalar «Alloh qudrati»ning amaldagi ko‘rinishi edi. Misol uchun, Iso jinga chalingan bolani sog‘aytirganida buni namoyon qilgan. (Luqo 9:37–43) Nahotki, bunday qudratli ishlar Qodir Tangri uchun imkonsiz bo‘lsa?! Axir Uning «buyuk kuchi» bor deb aytilgan-ku! (Ishayo 40:26)

Injil bayonotlarida Isoning taxminan 35 ta mo‘jizasi haqida aytib o‘tilgan. Lekin mo‘jizalarining soni aslida qancha bo‘lganini bilmaymiz. Masalan, Matto 14:14 da shunday deyilgan: «Qayiqdan chiqqach, Iso tumonat xaloyiqni ko‘rib, ularga achindi va oralaridagi kasallarni sog‘aytirdi». Lekin o‘sha kuni Iso qancha odamni sog‘aytirgani haqida o‘qimaymiz.

Bunday qudratli ishlari orqali Iso Xudoning O‘g‘li hamda va’da qilingan Masih ekanini isbotladi. Muqaddas Yozuvlar Iso aynan Xudoning qudrati bilan mo‘jizalar yaratganini yaqqol tasdiqlaydi. Havoriy Butrus Iso haqida shunday degandi: «Alloh nosiralik Iso orqali orangizda qudratli ishlar, g‘aroyibot-u alomatlar ko‘rsatib, uni sizlarga tanitdi». (Havoriylar 2:22) Boshqa bir vaziyatda Butrus shunday yozgandi: «Alloh nosiralik Isoni muqaddas ruhi hamda qudrati bilan Masih qilib tayinladi va u Iblis azob bergan odamlarni davolab, butun yurt bo‘ylab barchaga yaxshilik qilib yurardi, chunki Xudo u bilan edi». (Havoriylar 10:37, 38)

Isoning mo‘jizalari uning xabari bilan chambarchas bog‘liq edi. Mark 1:21–27 da xaloyiq Isoning ta’limoti va mo‘jizasiga qanday munosabat bildirgani ko‘rsatilgan. Mark 1:22 da xaloyiq Isoning «ta’lim berish tarziga qoyil qolgani» hamda Mark 1:27 da u jinni quvib chiqarganida «hammani vahima bosgani» to‘g‘risida o‘qiymiz. Isoning qudratli ishlariyu va’z qilgan xabari u va’da qilingan Masih ekanini isbotlagan.

Iso o‘zini shunchaki Masih deb atamagan, balki buni so‘zlariyu ishlari bilan ko‘rsatgan. Qolaversa, Iso Xudoning qudrati bilan yaratgan mo‘jizalar u va’da qilingan Masih ekanini tasdiqlagan. Isoning vazifasi hamda vakolati to‘g‘risida savol ko‘tarilganida, u jasorat ila shunday degan: «Men Yahyoning shohidligidan ham buyukroq shohidlikka egaman. Chunki Otam menga bajarishni buyurgan va men bajarayotgan aynan shu ishlar, meni Otam yuborganidan shahodat berib turibdi». (Yuhanno 5:36)

Mo‘jizalarni tasdiqlovchi dalillar

Isoning mo‘jizalari chindan ham sodir bo‘lganini qayerdan bilamiz? Keling, ba’zi dalillarni ko‘rib chiqaylik.

Iso qudratli ishlarni qilganida, diqqatni hech qachon o‘ziga qaratmagan. U har safar mo‘jiza yaratganida, bor sharafni Yahovaga bergan. Masalan, Iso tug‘ma ko‘r kishi «Xudoning qudrati... namoyon bo‘lishi uchun» shifo topishini aytgan. (Yuhanno 9:1–3; 11:1–4)

Ko‘zboyloqchi, sehrgar va duolar orqali shifo beruvchilardan farqli o‘laroq, Iso hech qachon gipnoz, firibgarlik, tomoshalar, kuf-suf, hissiy marosimlar, irim-sirim yoki muqaddas narsalardan foydalanmagan. Iso boshqalarga bilintirmay, ikki nafar ko‘r odamni davolaganini eslasak bo‘ladi. Bayonotda shunday yozilgan: «Isoning rahmi kelib, ularning ko‘zlariga qo‘lini tekkizgan edi, shu ondayoq ikkovi ham ko‘ra boshlab, uning orqasidan ergashdi». (Matto 20:29–34) Ko‘rib turganimizdek, hech qanday tomosha yoki marosim bo‘lmagan. Iso mo‘jizalarini aksar hollarda ochiqchasiga, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida yaratgan. U yorug‘lik, sahna yoki maxsus buyumlardan foydalanmagan. Bugungi kunda yaratilayotgan mo‘jizalarga kelsak, ularning ko‘pi hujjatlarda tasdiqlanmagan. (Mark 5:24–29; Luqo 7:11–15)

Isoning oldiga kelgan insonlar mo‘jizaviy tarzda shifo topgan va Iso ular imoni tufayli davo topganini ta’kidlagan. Boshqa tomondan, insonning imoni sust bo‘lsa ham, bu Isoni mo‘jiza yaratishdan to‘xtatmagan. U Jalilaning Kafarnahum shahrida bo‘lganida uning «oldiga jinga chalingan ko‘p kishilarni olib kelishdi. U jinlarni bir so‘z bilan quvib chiqarib, hamma kasallarni davoladi». (Matto 8:16)

Iso odamlarning qiziquvchanligini qondirish maqsadida emas, balki chindan ham ehtiyoj borligini ko‘rgani uchun mo‘jizalar yaratgan. (Mark 10:46–52; Luqo 23:8) Iso hech qachon o‘z manfaatini ko‘zlab mo‘jizalar qilmagan. (Matto 4:2–4; 10:8)

Injil bayonotlari haqida nima deyish mumkin?

Isoning mo‘jizalariga oid dalillarni to‘rtta Injil bayonotidan o‘qishimiz mumkin. Bu bayonotlar Isoning mo‘jizalari chindan ham sodir bo‘lganini isbotlaydimi? Ha, isbotlaydi.

Yuqorida ko‘rib chiqqanimizdek, Iso mo‘jizalarini omma oldida, ko‘p shohidlarning ko‘zi o‘ngida yaratgan. Injilning ilk bayonotlari yozilganida bu shohidlarning aksariyati tirik bo‘lgan. Injil yozuvchilarining rostgo‘yligi borasida bir kitobda shunday deyilgan: «Injil yozuvchilari diniy targ‘ibot maqsadida mo‘jiza haqidagi o‘z o‘ydirmalari bilan tarixiy haqiqatni ko‘mib tashlashgan deb aytish adolatdan bo‘lmasdi... Ular haqiqatni ro‘yirost yozishga harakat qilishgan». («The Miracles and the Resurrection»)

Masihiylarning dushmanlari, ya’ni yahudiylar Injildagi qudratli ishlarni shubha ostiga qo‘ymagan. Ular faqat bu mo‘jizalar qaysi kuch bilan qilinganini shubha ostiga qo‘yishgan. (Mark 3:22–26) Keyinchalik yashagan tanqidchilar ham Isoning mo‘jizalarini inkor eta olmagan. Isoning mo‘jizalari haqidagi ma’lumotni milodiy I va II asrga oid manbalardan topsa bo‘ladi. Ko‘rib turganimizdek, Isoning Injilda qalamga olingan mo‘jizalari chindan ham sodir bo‘lgan deb aytish uchun sabablarimiz ko‘p.

Mo‘jizalar yaratgan inson

Isoning mo‘jizalari haqida so‘z yuritayotib, ular chindan ham sodir bo‘lganini isbotlovchi mantiqiy dalillar bilan kifoyalanish noto‘g‘ri bo‘lardi. Injil yozuvchilari Isoning qudratli ishlari haqida hikoya qilishganida, uni hamdard va insonlarning manfaati uchun qayg‘uradigan shaxs sifatida tasvirlashgan.

Keling, moxov kishi Isoning oldiga kelib yolvorgani to‘g‘risidagi voqeani o‘qiylik. Moxov kishi: «Siz meni pok qila olasiz, faqat istasangiz bas,— deya yolvordi. Isoning rahmi kelib, unga qo‘lini tekkizdi-da: “Albatta istayman! Pok bo‘ling”,— dedi». Moxov kishi shu zahotiyoq dardidan forig‘ bo‘ldi. (Mark 1:40–42) Shunday qilib, Iso bu kishiga hamdardlik ko‘rsatdi. Mana shu xislat Isoni Xudoning qudrati bilan mo‘jizalar qilishga undagan.

Iso Nain shahrida dafn marosimi o‘tkazilayotganini ko‘rganida nimalar qilganiga e’tibor bering. Hayotdan ko‘z yumgan yigit beva ayolning yakkayu yagona o‘g‘li edi. «Ayolga rahmi kelib», Iso: «Yig‘lamang»,— deb aytdi. So‘ng o‘sha yigitni tiriltirdi. (Luqo 7:11–15)

Iso odamlarga rahmi kelgani va ularga yordam berishni istagani uchun mo‘jizalar yaratganini bilish kishiga tasalli baxsh etadi. Lekin bu mo‘jizalar shunchaki tarix emas. Ibroniylarga 13:8 da: «Iso Masih kecha, bugun va abadiy o‘sha-o‘shadir»,— deb aytilgan. Hozir Iso samoviy Shoh va u yaqin kelajakda Xudo unga ato etgan mo‘jizalar yaratish qudratini yanada ulkan miqyosda namoyon etishga tayyor turibdi. Tez orada u mazkur qudrati bilan itoatkor insoniyatga shifo beradi. Yahovaning Shohidlari bu porloq kelajak haqida sizga bajonidil aytib berishadi.

[4, 5- sahifalardagi rasmlar]

Isoning mo‘jizalari «Alloh qudrati»ning amaldagi ko‘rinishi edi

[7- sahifadagi rasm]

Iso mehr-shafqatga boy inson edi