Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1 Nega?

1 Nega?

IBODAT. Ushbu mavzu odamlarni qiziqtiradigan va ko‘p savollarni tug‘diradigan mavzulardan biridir. Keling, ibodat yoki duoga oid yettita muhim savolga Muqaddas Kitob qanday javob berayotganiga e’tibor qarataylik. Keltirilgan ma’lumot ibodat qilishni boshlashingizga yoxud duolaringiz mazmunliroq bo‘lishiga hissa qo‘shadi degan umiddamiz.

BUTUN dunyoda madaniyati va dini turli bo‘lgan insonlar ibodat qilishadi. Masalan, masjidda, cherkovda, ibodatxonada va sinagogalarda yakka va ko‘pchilik holda namoz, ibodat va duolar o‘qishadi. Bunda ular joynamoz, tasbeh, xoch, ibodat kitobchalari hamda ichiga duo qog‘ozchalari solingan tumorlardan foydalanishadi.

Ha, bu bilan inson yer yuzidagi barcha jonivorlardan farq qiladi. To‘g‘ri, ba’zi narsalarda hayvonlar bilan o‘xshashligimiz bor. Masalan, biz ham tug‘ilamiz, yeymiz, ichamiz, nafas olamiz va nihoyat hayotdan ko‘z yumamiz (Voiz 3:19). Lekin faqatgina odam zoti ibodat qilishga qodir. Qiziq, nima uchun?

Sodda qilib aytganda, bu bizning ehtiyojimiz. Darhaqiqat, qadimdan odamlar ilohiy kuchlarga, mangu va muqaddas hisoblangan kimsalarga murojaat qilishadi. Shuning uchun Muqaddas Kitobda inson Xudo qilgan ishlarni tushunishga intilgani haqida bejiz aytilmagan (Voiz 3:11). Qolaversa Iso payg‘ambar: «Ruhan kambag‘al bo‘lganlar baxtlidir, chunki Osmon Shohligi ularnikidir»,— deya aytganlar (Matto 5:3).

«Ruhan kambag‘al bo‘lganlar» iborasi, ma’naviy ehtiyoji borligini sezgan kishilarni nazarda tutadi. Axir, diniy inshootlarning mavjudligi yoki soatlab qilinayotgan ibodatlar ma’naviy ehtiyojimiz borligidan dalolat emasmi? Ayrim kishilar bu narsalarsiz ham har kim o‘z ma’naviy ehtiyojini qondirishga qodir deb o‘ylashadi. Ammo ko‘pincha odam bu masalada yanglishadi. Chunki osiy banda zaif va umri qisqadir. Ma’naviy ehtiyojlarni odamlardan donoroq, qudratliroq, azaliy va abadiy bo‘lgan shaxs qondira oladi. Xo‘sh, faqatgina ma’naviy ehtiyojlarni qondirish uchun ibodat qilish kerakmi?

O‘ylab ko‘ring, nahotki yo‘l-yo‘riq va donolikka muhtoj bo‘lmagan odam bor bo‘lsa? Kimda hech qachon savollar tug‘ilmaydi? Qay bir odam xato qilmaydi? Chindan ham, yaqinlarimiz vafot etganda tasalliga, qiyin vaziyatga tushganda yo‘l-yo‘riqqa, xato qilganda esa kechirimga muhtojmiz.

Mana nega Muqaddas Kitob ibodat qilishga chorlaydi. Shuni aytib o‘tish kerakki, bu kitob duolar to‘plami bo‘lmasa-da, unda ko‘p xudojo‘y erkak va ayollarning ibodatlari yozilgan. Ular tasalli, yo‘l-yo‘riq, kechirim va mushkul savollarga javob topish uchun duo qilishgan (Zabur 22:3; 71:21; Doniyor 9:4, 5, 19; Xabaqquq 1:3).

Bu xudojo‘y insonlarning ibodatlari bir-biriga o‘xshamasa-da, ularning duolarida bir umumiylik bor. Ularning ibodatlari ijobat bo‘lgan. Zero ular, hozirgi kunda ko‘pchilikka notanish bo‘lgan sirni, ya’ni kimga ibodat qilish kerakligini bilishgan.