Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2 Kimga?

2 Kimga?

NIMA deb o‘ylaysiz, barcha aytilgan ibodatlar ijobat bo‘ladimi? Ko‘p odamlarning fikricha shunday. Hatto, kishi qaysi dinda bo‘lmasin va kimga duo qilmasin, barchaning ibodati ma’qul degan g‘oya ham mavjud. Xo‘sh, bu g‘oyani to‘g‘ri desa bo‘ladimi?

Muqaddas Kitobdan ma’lum bo‘lishicha, ko‘pchilikning ibodati ijobat bo‘lmaydi. Axir, joni yo‘q narsalarga duo qilishdan nima foyda?! Shunga qaramasdan odamlar qadim zamonlardan turli but va sanamlarga ibodat qilib kelishyapti. Lekin Xudoning Kalomida shunday yozilgan: «Ularning sanamlari kumush va oltindir... Quloqlari bor-u, eshitmaydilar» (Zabur 115:4-6).

Muqaddas Kitobda bayon etilgan bir qiziqarli voqea buni yanada yaxshiroq tushunishimizga ko‘maklashadi. Haq Allohning payg‘ambari bo‘lmish Ilyos, kimga ibodat qilish kerakligini xalqqa ko‘rsatish uchun, soxta xudo Baalga sig‘inadigan payg‘ambarlarni bir uchrashuvga chaqirtiradi. Ilyosning so‘zlariga ko‘ra, Haq Xudo ibodatga javoban alomat ko‘rsatadi. Baalning payg‘ambarlari uzoq vaqt davomida va baland ovoz bilan o‘z xudosiga murojaat qilishadi. Lekin Muqaddas Kitobda o‘qiganimizdek, «na birorta alomat, na bir javob bo‘ldi» (3 Shohlar 18:29). Xo‘sh, Ilyos haqida nima deyish mumkin?

Ilyosning ibodatiga Xudo darhol javob berib, keltirilgan qurbon ustiga osmondan olov tushiradi. Ibodatlarning farqini qarang. Haqiqiy payg‘ambarning qilgan duosidan biz ham muhim saboq olishimiz mumkin. Muqaddas Kitobning asl nusxasida, u ibodatida 30 tacha so‘z aytgan bo‘lsa-da, Allohning shaxsiy ismini uch marta tilga olib, «Yahova» deb murojaat qilgan ekan (3 Shohlar 18:36, 37) *.

Qadim zamonda, Kan’on degan yurtda turli xalqlar umumiy nomi «Baal» bo‘lgan har xil xudolarga sig‘inishgan. Bu so‘zning «ega» yoki «xo‘jayin» degan ma’nosi bor. Allohning ismiga keladigan bo‘lsak, u butun olamda yagonadir. Zero Uning O‘zi shunday so‘zlarni aytgan: «Men Yahovaman. Bu mening ismimdir; izzatimni boshqa hech kimga... bermayman» (Ishayo 42:8, YADT).

Ilyos payg‘ambarning va Baalga sajda qilgan payg‘ambarlarning ibodati birdek ma’qul bo‘lganmi? Baalga sig‘inganlar sajdagohlarda fohishabozlik bilan shug‘ullanishar va hatto odamlarni qurbonlikka keltirishardi. Bundan farqli o‘laroq, Yahova xizmatchilarini to‘g‘ri yo‘lga solib, bunday qabih ishlardan ogohlantirar edi. Endi tasavvur qiling, siz obro‘-e’tiborli do‘stingizga maktub yubormoqchisiz, ammo xat do‘stingizga emas, razil va ablah kishining qo‘liga tushadi. Sizga bu ma’qul kelarmidi? Albatta, yo‘q!

Ilyos payg‘ambarning va Baalga sajda qilgan payg‘ambarlarning ibodati birdek ma’qul bo‘lganmi?

Agar siz Yahovaga ibodat qilsangiz, demak butun insoniyatning samoviy Otasi bo‘lmish Parvardigori Olamga duo qilyapsiz *. Ishayo payg‘ambar ham Xudoyi Taoloni samoviy Ota deb bilgan (Ishayo 63:16). Qolaversa, Iso alayhissalom shogirdlariga quyidagini aytgan edi: «Men O‘z Otam va sizlarning Otangizning, O‘z Xudoyim va sizlarning Xudoyingizning huzuriga chiqib ketyapman» (Yuhanno 20:17). Ko‘rib turganimizdek, Iso samoviy Otasi Yahovaga ibodat qilar edi. Shunday qilishni shogirdlariga ham buyurgan (Matto 6:9).

Nima deb o‘ylaysiz, Yahovadan bo‘lak ajdodlarning ruhiga va aziz avliyolarga duo o‘qish to‘g‘rimikin? Yo‘q. Buning ikkita sababi bor. Birinchidan, duo topinishning bir qismi bo‘lib, faqatgina Tangri Yahovaga qaratilgan bo‘lishi kerak (Chiqish 20:5). Ikkinchidan esa, Muqaddas Kitobda aynan Yahova «ibodatni eshitguchi» deb atalgan (Zabur 64:3). Garchand, Alloh saxiyligi bilan ko‘p narsalarni baham ko‘rgan bo‘lsa ham, duolarni eshitishni faqat O‘ziga qoldirgan. Ha, U ibodatlarimizni diqqat bilan tinglashga va’da bergan.

Qissadan hissa shuki, duolarimiz ijobat bo‘lishini istasak, ushbu oyatni unutmaylik: «Yahovaning ismini aytib chaqiradigan har bir odam qutqariladi» (Havoriylar 2:21, YADT). Biroq shunday savollar tug‘ilmoqda: Yahova barcha ibodatlarni qabul qilaveradimi? Yoki duolarimizni tinglashi uchun, yana nimadandir xabardor bo‘lishimiz lozimmi?

^ Tavrotning Ibtido kitobining 2- bob 4- oyatining izohida, Allohning ismi Yahve yoki Yahvo deb yozilgan. Boshqa manbalarga binoan esa Yahova deb qo‘llaniladi.

^ Ba’zi dindagi udumlarga binoan, Xudoning ismini xoh suhbatda, xoh ibodatda tilga olish man etilgan. Vaholanki, Allohning ismi Muqaddas Kitobning asl nus’hasida taxminan 7 000-marta uchraydi. Qadimda yashagan xudojo‘y kishilar, Yahova degan ismni ibodat va Zabur sanolarida qo‘llashardi.