Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3 Qanday?

3 Qanday?

IBODAT haqida gap ketganda ko‘pchilik darhol qanday holatda va qanday xatti-harakat qilinishi, qaysi tilda va qanday so‘zlar bilan aytilishi lozimligi to‘g‘risida o‘ylashadi *. Ammo Muqaddas Kitobga binoan, undan-da muhimroq narsalarga diqqatimizni qaratishimiz kerak.

Muqaddas Kitobda ko‘p xudojo‘y kishilarning turli joyda va turli holatda duo qilganlari haqida aytiladi. Ular, vaziyat talab qilgani bo‘yicha, osmonga qo‘llarini cho‘zib yoxud tiz cho‘kib, ovoz chiqarib yoki hatto ichida ibodat qilishgan ekan. Allohga murojaat qilishganida esa, qandaydir tasvir, tasbeh va duo kitoblaridan foydalanishning o‘rniga, o‘z so‘zlari bilan duo qilishardi va ibodatlari ijobat bo‘lardi. Nega ekanini bilasizmi?

Oldingi maqolada aytilganiday ushbu xudojo‘y odamlar ibodatlarini Tanho Alloh bo‘lmish Yahovaga yo‘llashardi. Lekin yana bir muhim omil Injilning quyidagi oyatida keltirilgan: «Biz Xudo huzuriga dadillik bilan kiramiz, chunki bilamizki, Xudoning irodasiga ko‘ra bir nima tilasak, U bizga quloq soladi» (1 Yuhanno 5:14). Darhaqiqat, ibodatlarimiz Xudoning irodasiga muvofiq bo‘lishi darkor. Xo‘sh bu nimani anglatadi?

Avvalambor, Xudoning irodasi nimadan iborat ekanini bilib olish kerak. Bunda Muqaddas Kitobni o‘rganish juda asqatadi. Shunday ekan, ibodatlarimizni eshitishi uchun, ilohiyotshunos bo‘lishimiz shartmi? Yo‘q albatta. Ammo Alloh, Uning irodasini bilishga intilishimizni, uni to‘liq tushunishimizni va nihoyat bunga yarasha harakat qilishimizni kutadi (Matto 7:21–23). Chindan ham ibodatlarimiz Xudoning irodasiga hamohang bo‘lishi nihoyatda zarur.

^ O‘rta Osiyoning ba’zi davlatlarida odamlar duo o‘qib bo‘lganidan so‘ng ikki qo‘lini yuziga tortadilar. Ammo bunday harakatni biron-bir payg‘ambar qilganini na Tavrotda, na Zaburda va na Injilda topa olamiz.

^ Isoning nomidan ibodat qilayotganimizda, Xudoning niyatida Isoning kamida uchta muhim rolini tushunayotganimizni ko‘rsatamiz. 1) Iso «Xudoning qurbonlik Qo‘zisi» bo‘lib, gunohlarimiz yuvilishi uchun o‘zini fido qilgan. 2) Alloh uni tiriltirib, «Oliy ruhoniy» qilib tayinladi va Iso o‘zi keltirgan qurbonlikning foydasini olishimizga ko‘maklashadi. 3) Alloh ibodatlarimizni tinglashi uchun yagona «yo‘l» — Isodir (Yuhanno 1:29; 14:6; Ibroniylarga 4:14, 15).

Alloh Yahova to‘g‘risida ko‘proq bilim olganimiz sayin imonda ulg‘ayamiz. Bu esa, qanday ibodat qilishning ikkinchi qadamidir. Axir Iso alayhissalom: «Sizlar ibodat qilib, ishonch bilan nimaiki so‘rasangiz, erishasizlar»,— deya bejiz aytmaganlar-ku (Matto 21:22). Bunday imon laqmalik emas, balki hatto ko‘rinmas narsalar borligiga muayyan tasdiqlar orqali ishonish demakdir (Ibroniylarga 11:1). Masalan, Yahova ko‘zimizga ko‘rinmasa-da, ammo Muqaddas Kitob U mavjud, ishonchga sazovor va ibodatlarni tinglab, javob beradigan Shaxs ekaniga imonni o‘stirishga yordam beradi. Qolaversa, imonimizga imon qo‘shishini to‘ppa-to‘g‘ri Allohning o‘zidan so‘rasak bo‘ladi. U esa ehtiyojimizni qondiradi (Luqo 17:5; Yoqub 1:17).

Va nihoyat, qanday ibodat qilishning keyingi usulini Isoning mana bu so‘zlaridan bilib olish mumkin: «Mensiz hech kim Otaning oldiga borolmaydi» (Yuhanno 14:6). Bundan ko‘rinyaptiki Alloh Yahovaga yaqinlashishda Isoning o‘rni katta ahamiyatga ega. Boz ustiga Iso shogirdlariga quyidagini o‘rgatgan: «Mening nomimdan Otadan nimaiki so‘rasangizlar, U sizlarga beradi» (Yuhanno 14:13; 15:16). To‘g‘ri, keltirilgan so‘zlar, endi Isoga ibodat qilishimiz kerakligini anglatmaydi. Aksincha, Isoning nomidan deganda, Yahovaga yaqinlashishda Isoning muhim o‘rnini tan olayotganimizni bildiradi *.

Bilasizmi, Isoning shogirdlari bir marta yoniga kelib: «Bizni ham ibodat qilishga o‘rgat»,— deb so‘rashgan edi (Luqo 11:1). Ular, biz hozir bilib olgan narsalarni o‘rgatishini emas, balki ibodatlarning mazmuni, ya’ni nima haqda ibodat qilish kerakligi bilan qiziqishgan. Keling, buni keyingi maqoladan bilib olamiz.

Ibodatlar ijobat bo‘lishi uchun Xudoning irodasiga muvofiq, imon bilan va Isoning nomi ila aytilishi muhim