Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4 Nima haqda?

4 Nima haqda?

ISO ALAYHISSALOM shogirdlariga ibodat qilishni o‘rgatayotib, bir namunali ibodatni aytgan edilar. Hozirgi paytda ham ushbu ibodatni juda ko‘p odamlar aytib turishadi. Ammo ulardan aksariyati nima haqda ibodat qilishayotganini tushunishmaydi. Ular namunali ibodatni shunchaki takrorlayverishadi. Odamlarning bunday qilishini Iso xohlaganmi? Albatta yo‘q.

Sababi, Iso payg‘ambar namunali ibodatni keltirishdan avval: «Ibodat qilayotganingizda ortiqcha so‘zlarni takrorlab turmanglar»,— deb aytgandilar (Matto 6:7). Shunday ekan, namunali ibodatni yodlab takrorlashimizni u istarmidi? Aslo. Buning o‘rniga ibodatlarning mazmuniga diqqatli bo‘lishimizga hamda ibodatda nima muhimroq ekanini unutmasligimizga yordam bermoqchi edi, xolos. Keling, Injildagi Matto kitobining 6- bob, 9–13- oyatlarida bayon etilgan ushbu namunali ibodatni batafsil ko‘rib chiqamiz.

Muqaddas Kitob ko‘rsatganidek Xudo kelajakda bunday adolatsizlikka chek qo‘yadi (Hizqiyo 39:7). Shu tariqa Alloh bizning ham muammolarimizni hal qiladi. Qanday qilib deysizmi? Isoning keyingi so‘zlaridan buning javobini bilib olamiz.

«Bizning osmondagi Otamiz! Sening muqaddas isming ulug‘lansin»

Avvalambor, bu so‘zlar bilan Iso alayhissalom ibodatlarimizni faqat osmondagi Otamiz Yahovaga yo‘llashimiz kerakligini eslatib o‘tganlar. Biroq nega Xudoning muqaddas ismi ulug‘lanishi haqida ibodat qilishimiz kerak?

Gap shundaki, insoniyat tarixi ibtidosida Xudoning muqaddas ismiga dog‘ tushirilgan edi. Shayton Parvardigorni, yaratgan mavjudotlariga g‘amxo‘rlik qilmaydigan, xudbin hukmdor deb ayblagan edi (Ibtido 3:1–6). Ko‘plar, Alloh odamlarni otashli do‘zaxda qiynaydi deb, Uni berahm, shafqatsiz, qasoskor bilishadi. Yana kimlardir evolyutsiya nazariyasiga ishonib, beixtiyor Shaytonning tarafiga o‘tib olishgan (Voiz 9:5, 10; Ibtido 1:1). Boshqalari esa, Xudoning Yahova degan ismiga hurmatsizlik ko‘rsatib, uni Muqaddas Kitobdan umuman olib qo‘yib, hatto tilga olishni taqiqlab qo‘yishyapti.

«Sening Shohliging kelsin»

Hozirgi paytda ko‘pgina insonlar «Xudoning Shohligi» iborasini tushunmasa-da, Isoning tinglovchilari bu nimani anglatishini yaxshi bilishar edi. Chunki bir necha asr oldin Haq Taoloning payg‘ambarlari Alloh O‘z Shohligiga Masihni Shoh qilib tayinlashini va u yer yuzida katta o‘zgarishlar sodir etishini bashorat qilishgan (Ishayo 9:6, 7; Doniyor 2:44). Ushbu Shohlik, Shaytonning barcha safsatalari-yu ishlarini, shu jumladan urushlar, kasallik ocharchilik va hatto o‘limni yo‘qqa chiqarib, Xudoning muqaddas ismini ulug‘laydi (Zabur 45:10; 71:12–16; Ishayo 25:8; 33:24). Darhaqiqat, Xudoning Shohligi kelishini ibodatda so‘rasangiz, boya aytilganlar ijobat bo‘lishini tilaganday bo‘lasiz.

«Osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham Sening irodang bajo kelsin»

Bu so‘zlar bilan Hazrati Iso, Xudoning irodasi nafaqat Uning makoni bo‘lgan osmonda, balki yerda ham bajo bo‘lishini so‘rashimiz kerakligini ta’kidlab o‘tganlar. To‘g‘ri, Xudoning irodasi osmonda bajo bo‘lishiga hech narsa to‘sqinlik qila olmasdi. Masalan, Xudo Shohligining Shohi osmonni tozalab, Shayton va uning to‘dasini yer yuziga uloqtirdi (Vahiy 12:9–12). Shunday qilib boyagi ikkita tilak kabi, Tangrining irodasi yerda bajo bo‘lishi to‘g‘risidagi tilak ham o‘zimizning emas, avvalo Xudoning manfaatini ko‘zlashga qaratilgan. Zero Uning irodasi amalga oshishi orqali butun mavjudot baraka topadi. Bunday yo‘l tutishda Iso alayhissalomning o‘zlari zo‘r o‘rnak ko‘rsatib, ibodatlarida: «Men aytgandek emas, Sen aytgandek bo‘lsin»,— deb aytganlar (Luqo 22:42).

«Bugungi rizq-ro‘zimizni bergin»

Bu so‘zlar bilan Hazrati Iso ibodatlarimizda shaxsiy ehtiyojlarimiz haqida so‘rashning noto‘g‘ri joyi yo‘qligini bildirmoqchi bo‘lganlar. Axir, Yahovaning «O‘zi hammaga hayot, nafas va borliqni bergan» (Havoriylar 17:25). Samoviy Ota deb Xudoga murojaat qilishimiz ham bejiz emas. Sababi, Alloh har bir mehribon ota kabi farzandlarining manfaatini ko‘zlab, ularning g‘amini yeydi.

«Bizning gunohlarimizni kechirgin»

Siz o‘zingizni gunohkor va kechirimga muhtoj deb bilasizmi? Hozirgi zamonda, gunoh iborasiga ko‘pchilik jiddiy qaramaydi. Ammo Muqaddas Kitob o‘rgatganidek, aynan gunoh asosiy muammolarning, jumladan qarilik va o‘limning sababchisidir. Ba’zilar, tug‘ilgan chaqaloqning gunohi bo‘lmaydi deb o‘ylashadi. Ammo aslida bunday emas (Zabur 50:7). Ha, biz gunoh bilan tug‘ilamiz va bu illatdan ozod bo‘lib abadiy yashash uchun Xudoning kechirimiga muhtojmiz (Rimliklarga 3:23; 5:12; 6:23). Xudovandimiz Yahova «muruvvatli va kechirimli» ekanini bilish nihoyatda tasallidir (Zabur 85:5).

«Yovuz shaytondan xalos qilgin»

Xudoning himoyasiga qanchalik muhtoj ekaningizni sezyapsizmi? To‘g‘ri, ba’zilar Shayton borligini rad etishadi. Lekin Iso alayhissalom Shaytonni «bu dunyoning hokimi» deb atab, u chindan ham mavjud shaxs ekanini tasdiqlaganlar (Yuhanno 12:31; 16:11). Shayton chindan ham nafaqat butun dunyoga, balki sizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqchi. Uning maqsadi, Alloh Yahova bilan bo‘lgan munosabatingizni barbod etishdir (1 Butrus 5:8). Ammo Xudovand Yahova Shaytondan ancha kuchli bo‘lib, O‘ziga xizmat qilganlarni himoya qilishga qodir.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Isoning namunali ibodati barcha mavzularni o‘z ichiga olmagan. Muhimi quyidagi oyatni unutmaylik: «Xudoning irodasiga ko‘ra bir nima tilasak, U bizga quloq soladi» (1 Yuhanno 5:14). Shunday ekan, har bir tashvishingizni samoviy Otamizga bemalol ochishingiz mumkin (1 Butrus 5:7).

Ibodat qaysi paytda va qayerda aytilishi haqida nima desa bo‘ladi? Bu savolga keyingi maqolada javob beriladi.