Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5 Qachon va qayerdaligi muhimmi?

5 Qachon va qayerdaligi muhimmi?

KO‘P dinlarda, ibodat qilish uchun maxsus joy hamda muayyan vaqt belgilanganidan shubhasizki xabardorsiz. Xo‘sh, bu borada Allohning Kalomida qandaydir chegara o‘rnatilganmi?

To‘g‘ri, Muqaddas Kitobda muayyan vaziyatlarda ibodat qilishgani haqida aytilgan. Masalan, Iso alayhissalom shogirdlari bilan birga dasturxon boshiga o‘tirganda, «shukrona duosini» aytgan edilar (Luqo 22:17). Bundan tashqari, uning izdoshlari Xudoga topinish uchun yig‘ilishganida ham ibodat qilishardi. Bu, ular uchun yangilik emasdi. Chunki, Xudoning xalqi asrlar osha ibodatxonalarda hamda Quddusdagi ma’badda, ya’ni asosiy ibodatxonada yig‘ilib duo o‘qib turishardi. Xudoning O‘zi ma’bad to‘g‘risida: «Mening uyim barcha xalqlar ibodat qiladigan uy»,— deb aytgani ham bejiz emas (Mark 11:17).

Hozirgi paytda ham, Xudoga xizmat qilayotgan kishilar birgalikda duolar o‘qishadi. Axir ular yakdil bo‘la turib, Muqaddas Kitobga muvofiq ravishda ibodatlar qilishsa, bu nafaqat katta kuchga ega, balki Allohning nazaridan chetda qolmasligi ham aniq. Bunday duolar, Xudoni hatto qilmoqchi bo‘lmagan ishni bajarishga undashi mumkin (Ibroniylarga 13:18, 19). Bunaqa tartibga rioya qilib Alloh Yahovaning Shohidlari Yig‘ilish Zallarida ibodat qilishadi.

Bundan chiqdi, qachon va qayerda ibodat qilish uchun chegara o‘rnatilgan ekan-da?! Yo‘q. Zero, Allohning Kalomida xudojo‘y kishilar turli vaqtda va turli joyda duo o‘qiganlari haqida yozilgan. Hazrati Iso ham buni tasdiqlab, quyidagini aytganlar: «Ibodat qilayotganingda o‘z hujrangga kir va eshikni berkitib, yashirin bo‘lgan Otangga ibodat qil. Shunda yashirin bo‘lganlarni ko‘ruvchi Otang seni aniq taqdirlaydi» (Matto 6:6).

Turli vaqtda va turli joyda ibodat qilsa bo‘ladi

Nahotki bu so‘zlar sizni ibodat qilishga undamasa?! Chindan ham, Parvardigori Olamga har paytda va xoli qolganingizda bemalol murojaat qilishingiz hamda U sizni tinglashiga amin bo‘lishingiz mumkin. Darvoqe, Ustozimiz Isoning namunasiga ko‘ra, yolg‘iz qolib ham ibodat qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Iso bir marta muhim qarorni qabul qilishdan avval hatto bir kechani ibodatda o‘tkazgan (Luqo 6:12, 13).

Boshqa bir qator taqvodor kishilar ham jiddiy masalaga duch kelib yoki Xudoning yo‘l-yo‘rig‘ini izlab iltijolar qilganlarini Muqaddas Kitobda o‘qishimiz mumkin. Asosiysi, ular o‘z kuchiga tayanmay, yakka yoxud jamoa bo‘lib, ovoz chiqarib yoki ichida Allohga ibodat qilishgan. Zotan, Egamizning O‘zi ham xizmatchilarini «tinmay toat-ibodat» qilishga chorlamoqda (1 Salonikaliklarga 5:17). Ha, Xudovandi Karim Uning qonunlariga bo‘ysunayotganlarning ibodatini hamisha tinglashga tayyor. Shunday ekan, nahotki ibodat qilmasak?

Ming afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik ibodatning kuchiga ishonmay: «Ibodat qilgandan nima foyda?» — deb aytishi ham mumkin. Keling bu fikrni ko‘rib chiqaylik.