Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Adan bog‘i insoniyat ibtidosi bo‘lganmi?

Adan bog‘i insoniyat ibtidosi bo‘lganmi?

Adan bog‘i insoniyat ibtidosi bo‘lganmi?

GO‘ZAL bog‘da sayr qilayotganingizni bir tasavvur qiling. Shahardagi g‘ala-g‘ovur va shovqin-suron kabi ovozlar yo‘q. Bog‘ juda keng, atrofdagi tinchlikni esa hech kim buzishga jur’at qilmayapti. Sizni hech narsa, jumladan kasallik yoki og‘riq tashvishlantirmayapti. O‘zingizni erkin qushdek yengil va baxtiyor his qilyapsiz.

Atrofga bir nazar soling: hammayoq gullab yashnayapti. Uzoqda soyning shildirab oqishi eshitilyapti. Oyog‘ingiz tagida yam-yashil «gilam» to‘shalgan. Mayin shabada yuzingizni silab, dimog‘ingizga muattar hidlarni taratmoqda. Barglarning shitirlashi, tog‘dan shovullab oqayotgan sharshara ovozi, qushlarning sayrashi va nihoyat hasharotlarning chirillashi quloqqa chalinib turibdi. Tasavvur qilgan mana shunday muhitda yashashni xohlarmidingiz?

Dunyodagi aksariyat odamlar, insoniyat tarixi aynan shunga o‘xshash bog‘da boshlanganiga ishonishadi. Asrlar davomida, yahudiy, xristian hamda islom diniga mansub kishilarga, Odamato bilan Momohavo go‘zal Adan bog‘ida yashagani haqida ta’lim berishgan. Muqaddas Kitobga binoan, ilk juftlik o‘sha paytda tinch-totuv va baxtiyor hayot kechirishgan. Ular o‘zaro hamda hayvonlar bilan yakdillikda hayot kechirishlari mumkin edi. Bundan tashqari, Parvardigori Olam mehr-inoyat ila ularga abadiy yashash umidini bergan edi (Ibt. 2:15–24).

Hindaviylar ham, qadimgi jannat haqida o‘zgacha bir tasavvurga egalar. Buddaviylar esa ularning ulug‘ ustozlari yoki Budda yana qaytib kelganida, dunyo jannatmakon yerga aylanishiga, ya’ni «oltin asrlar» davri boshlanishiga ishonishadi. Afrika qit’asidagi aksariyat dinlarda, Odamato va Momohavo haqidagi hikoyaga o‘xshash rivoyatlar bor.

Darhaqiqat, turli din va madaniyatlarda, ilk jannat haqidagi g‘oya juda keng tarqalgan. Bir yozuvchi bu borada shunday fikr bildirdi: «Butun tarix davomida, odamlar ilk jannatni mukammallik, erkinlik, tinchlik, baxt-saodat, farovonlik hamda siquv va muammolardan holi joydek tasavvur qilishadi... Bunday fikrlar, yo‘qotilgan biroq esdan chiqmagan jannatga qaytadan ega bo‘lish istagi insonlar ongiga singib ketganini ko‘rsatyapti».

Ushbu hikoya va nuqtai nazarlarning barchasi bitta manbadan kelib chiqqanini ko‘rsatmayaptimi? Odamlardagi bunday umumiy fikr, chinakam sodir bo‘lgan voqeaga asoslanganini isbotlamayaptimi? Xo‘sh, qadim zamonlarda haqiqatan ham Adan bog‘i va Odamato bilan Momohavo bo‘lganmi?

Tanqidchilar bu g‘oyani umuman tan olishmaydi. Ilm-fan taraqqiy etgan davrda, ko‘pchilik jannat haqidagi hikoyani afsona va ertak deb bilishadi. Boz ustiga nafaqat tanqidchilar, hatto ko‘pgina diniy rahbarlar ham, Adan bog‘i to‘g‘risidagi voqeaga ishonmaslikka undamoqdalar. Ularning aytishicha, bunday joy hech qachon mavjud bo‘lmagan ekan. Shuningdek, ular bu hikoya shunchaki majoziy bir ibora, afsona, ertak yoki masal deb o‘rgatishadi.

Albatta, Muqaddas Kitobda talaygina masallar bor. Misol uchun, Hazratimiz Iso hammabop masallarni qo‘llagan. Biroq Xudoning Kalomida Adan bog‘i haqidagi hikoya masal emas, balki chindan ham bo‘lib o‘tgan voqea sifatida bayon etilgan. Axir bu voqea hech qachon yuz bermagan bo‘lsa, qanday qilib Muqaddas Kitobning boshqa qismlariga ishonsa bo‘ladi? Keling, nega ba’zilar Adan bog‘i mavjud bo‘lganidan shubhalanayotganini hamda ular keltirayotgan sabablar qanchalik asosli ekanini ko‘rib chiqaylik. Qolaversa, bu har birimizga qanday taalluqli ekanini bilib olamiz.