Asosiy materiallarga o‘tish

Soliq to‘lash kerakmi?

Soliq to‘lash kerakmi?

Soliq to‘lash kerakmi?

SOLIQ to‘lash hammaga ham xush yoqmaydi. Ko‘p odamlar, to‘lagan pullari noto‘g‘ri sarflanadi, noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olinadi yoki muttahamlarning cho‘ntagiga tushadi, deb o‘ylashadi. Ayrimlar esa, pullari axloqsiz ishlarga sarflanadi, deb soliq to‘lashdan bosh tortishadi. Yaqin Sharqdagi bir shaharchada yashovchilar: «Biz farzandlarimizni o‘ldiradigan kishilarga o‘q sotib olish uchun pul bermaymiz»,— deb, soliq to‘lashdan voz kechishayotganining sababini tushuntirishdi.

Bunday fikrlash tarzi yangilik emas. Hind rahbari Moxandas Gandi, nima sababdan soliq to‘lashga vijdoni yo‘l qo‘ymayotganini shunday tushuntirgan: «Kimki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki o‘zgacha usul bilan harbiy ishlarni qo‘llab-quvvatlagan davlatga ko‘maklashsa, gunoh qilgan bo‘ladi. Soliq to‘lash orqali bunday davlatga ko‘maklashgan odam, yosh yoki qari bo‘lishidan qat’i nazar, uning gunohiga sherik bo‘ladi».

Shunga o‘xshab, 19- asrda yashagan faylasuf Henri Deyvid Toro, urushlarni qo‘llab-quvvatlashni xohlamagani uchun soliq to‘lashdan voz kechgan ekan. U shunday savol bergan: «Qonun chiqaruvchi nima uchun fuqaroning o‘rniga qaror qabul qilishi kerak? Nega unda har bir insonga vijdon berilgan?»

Bu masala ayniqsa masihiylarga taalluqlidir, chunki Alloh ularga har sohada vijdonni pok saqlashni o‘rgatadi (2 Timo‘tiyga 1:3). Boshqa tomondan, Xudoning Kalomida hukumatning soliq yig‘ish huquqi borligi ta’kidlangan. Bu borada Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Har bir inson hukmron hokimiyatga bo‘ysunsin, chunki hokimiyatning bor bo‘lishiga Xudo yo‘l qo‘ygan, ya’ni hokimiyatlarning barchasi Alloh ajratib bergan o‘rinlarni egallaydi. Xullas, bo‘ysunishingiz uchun sizlarda jiddiy asos bor. Faqat jazodan qo‘rqib emas, balki vijdonan bo‘ysunishingiz lozim. Ana shu sababga ko‘ra ham sizlar soliq to‘laysizlar, chunki u xalqning manfaati uchun tayin etilgan Allohning xizmatchisidir; u doimo shu maqsadda xizmat qiladi. Hammaga tegishlisini beringlar: soliq yig‘uvchiga soliq» (Rimliklarga 13:1, 5–7).

Ushbu amrga quloq solib, birinchi asrda yashagan masihiylar, garchi to‘lagan pullarining katta qismi harbiy ishlarga sarflangan bo‘lsa-da, pok vijdon bilan soliq to‘lashgan. Bugungi kunda Yahovaning Shohidlari ham xuddi shunday yo‘l tutishadi a. Nima sababdan? Soliq to‘lash vaqti kelganda masihiy o‘z vijdoniga quloq solmasligi kerakmi?

Soliq va vijdon

Shunisi qiziqki, birinchi asrda masihiylar to‘lashga chorlangan soliqlarning aksariyati harbiy kuchlarga sarflangan. Aynan shu sababli Gandi hamda Toro soliq to‘lashdan bosh tortishar edi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, masihiylar Rimliklarga 13- bobdagi buyruqqa faqat jazodan qo‘rqib emas, balki «vijdonan» bo‘ysunishlari lozim edi (Rimliklarga 13:5). Biroq masihiyning vijdoni, shaxsan o‘zi qilmaydigan ishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun soliq to‘lashni talab qiladi. Bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib ko‘ringan bu fikrlarni tushunish uchun, qilgan ishlarimizning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bizga aytib turadigan ichki ovozimiz, ya’ni vijdonimiz o‘zi nimaligini aniqlab olishimiz zarur.

Toro aytganidek, har bir inson shunday ichki ovozga ega, ammo bu ovozga har doim ham ishonib bo‘lmaydi. Allohning marhamatiga erishish uchun biz vijdonimizni Uning axloqiy me’yorlariga muvofiq tarbiyalashimiz kerak. Biz tafakkurimizni yoki nuqtai nazarimizni Xudonikiga muvofiq qilib turishimiz lozim, chunki Uning fikrlari biznikidan ancha ustundir (Zabur 19:7). Shuning uchun biz hukmron hokimiyatga nisbatan Tangrining nuqtai nazarini tushunishga harakat qilishimiz darkor. Uning nuqtai nazari qanaqa ekan?

Isoning shogirdi Pavlus hukmron hokimiyatni «Allohning xizmatchisi», deb ataganiga ahamiyat bering (Rimliklarga 13:6). Bu nima degani o‘zi? Bu degani, ular tartib bo‘lishini ta’minlab, jamiyat uchun muhim vazifalarni bajarishadi. Hatto eng poraxo‘r hukumatlar ham pochta, ta’lim muassasalari, yong‘in xavfsizligi va huquqlarni himoya qilish tashkilotlarining faoliyatini ta’minlab turishadi. Xudo ushbu insoniy hukumatlarning kamchiliklaridan xabardor bo‘lsa ham, ularning vaqtincha mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lib, bizdan Uning tadbirini, ya’ni hukumatlarning insonlar ustidan boshqarishiga yo‘l qo‘yganini hurmat qilib, soliq to‘lashimizni talab qiladi.

Ha, Alloh insoniy hukumatlarning mavjud bo‘lishiga vaqtincha yo‘l qo‘ygan. U hamma hukumatlarni samoviy Shohlik bilan almashtirib, asrlar osha bu hukumatlar insoniyatga yetkazgan barcha zararni bartaraf qilmoqchi (Doniyor 2:44; Matto 6:10). Shu bilan bir vaqtda Alloh, Uning xizmatchilari soliq to‘lashdan bo‘yin tovlab yoki yana boshqacha yo‘l bilan davlatga itoatsizlik qilishlarini xohlamaydi.

Bordi-yu, siz Gandi singari, soliq to‘lash gunoh qilish bilan barobar, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz-chi? Baland toqqa chiqqan inson, pastda turgan insonga qaraganda, tevarak-atrofni yaxshiroq ko‘ra oladi. Shunga o‘xshab, agar Yahova har qanday vaziyatni bizdan ko‘ra yaxshiroq tushuna olishini yodda tutsak, Uning nuqtai nazarini qabul qilishimiz osonroq kechadi. Ishayo payg‘ambar orqali Xudo shunday degan edi: «Osmon yerdan qanchalik baland bo‘lsa, Mening yo‘llarim ham, o‘ylarim ham, sizlarning yo‘llaringiz, o‘ylaringizdan shunchalik balanddir» (Ishayo 55:8, 9).

Mutlaq hokimiyatmi?

Alloh O‘z Kalomi orqali bizga soliq to‘lash kerakligini o‘rgatadi, ammo bu, insoniy hukumatlar o‘z fuqarolari ustidan mutlaq hokimiyatga egaligini anglatmaydi. Hazrati Iso, ularning hokimiyati chegaralangan, deb aytgan edi. Bir kuni Isodan, o‘sha paytda boshqargan Rim hukumatiga soliq to‘lash Xudoning nazarida to‘g‘rimi, deb so‘rashganida, u kishi: «Podshohning haqini podshohga, Allohning haqini Allohga beringlar»,— deb javob bergan (Mark 12:13–17).

«Podshoh» deganda, hukumat nazarda tutiladi. Darvoqe, hukumat tanga va qog‘oz pul ishlab chiqarib, uning bahosini o‘zi belgilaydi. Shu bois, Tangrining nazarida u o‘zi chiqargan pullarni soliq sifatida qaytarib berishimizni talab qilishga haqli. Ammo Iso o‘rgatganidek, hech qaysi insoniy tuzum bizdan «Allohning haqini», ya’ni hayotimizni va sajdamizni o‘zlashtirib olish huquqiga ega emas. Hukumat talablari Xudoning qonunlariga zid kelganda, masihiylar «odamlardan ko‘ra Sarvari Olamga ko‘proq bo‘ysunishlari kerak» (Havoriylar 5:29).

Ba’zi masihiylar, ular to‘lagan soliq qay maqsadda sarflanishi haqida tashvishlanishlari mumkin. Biroq ular hukumatning ishlariga aralashmaslikka yoki soliq to‘lashdan bosh tortib, unga qarshilik ko‘rsatmaslikka harakat qilishadi. Aks holda ular Tangriga bo‘lgan ishonchlari sust ekanini ko‘rsatishgan bo‘ladi. Axir insoniyatni g‘am-qayg‘udan qanday xalos etishni yolg‘iz U hal qila oladi-ku. Darhaqiqat, ular Xudo tayinlagan vaqtda Uning Azizi bo‘lmish Isoning boshqaruvi insoniy hukumatlarning o‘rnini egallashini sabr-toqat bilan kutishadi. Zero Iso alayhissalom: «Mening shohligim bu dunyodan emas»,— deb aytgan edi (Yuhanno 18:36).

Itoatkor bo‘lishning foydali tomonlari

Muqaddas Kitobning soliq to‘lash haqidagi ta’limotiga amal qilsangiz, buning foydali tomonlarini ko‘rasiz. Siz qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqib yurgan qonunbuzarlar kabi jazoga tortilmaysiz (Rimliklarga 13:3–5). Eng muhimi esa, Xudo oldida vijdoningizni pok saqlab, qonunga bo‘ysunuvchanligingiz bilan Uni sharaflaysiz. Ehtimol, qonunlarni chetlab o‘tayotgan va soliq to‘lashdan bosh tortayotgan kishilardan farqli ravishda moddiy jihatdan oz-moz qiyinchilik ko‘rayotgandirsiz. Lekin hech ham tashvishlanmang, Alloh O‘zining sodiq xizmatchilariga albatta g‘amxo‘rlik qiladi. Zabur kitobida shoh Dovud shunday so‘zlarni yozib qoldirgan: «Men yosh ham edim, qarib ham qoldim, ammo solihning tashlab ketilganini, yoki uning zurriyoti nonga zor bo‘lganini ko‘rmadim» (Zabur 37:25).

Boz ustiga, Muqaddas Kitobning soliq to‘lash haqidagi amrini tushunib, unga amal qilsangiz ko‘nglingiz xotirjam bo‘ladi. Chunki siz, soliq to‘lash orqali hukumatning barcha ishlarini qo‘llab-quvvatlayotganingiz uchun Xudo tomonidan javobgarlikka tortilmasligingizni bilasiz. Axir siz turgan uy egasi, ijaraga to‘lagan pulingizni qay maqsadda sarflashi sizning zimmangizda emas-ku. Muqaddas Kitobdagi haqiqatni bilib olishidan oldin Stelvio ismli bir kishi, ko‘p yillar davomida o‘z yurtida siyosiy o‘zgarishlar qilishga uringan ekan. Endi bu harakatlaridan nega voz kechganini tushuntirib, u shunday dedi: «Men insonning dunyoga adolat, tinchlik va birodarlik keltirishga qurbi yetmasligini tan olishim kerak edi. Faqatgina Xudoning Shohligi jamiyatni yaxshi tomonga o‘zgartira olishi mumkin ekan».

Agar siz ham Stelvio kabi sadoqat ila «Allohning haqini Allohga bersangiz», Tangri yer yuziga adolatli hukumat keltirib, insoniyat hukumati yetkazgan zararni va adolatsizliklarni bartaraf qiladigan vaqtni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz.

[Izoh]

a Yahovaning Shohidlarini soliq to‘lashgani uchun qanday maqtab qo‘yishgani to‘g‘risida bilishni xohlasangiz «Qo‘riqchi minorasi»ning (rus) 2002- yil 1- noyabr sonidagi 13- sah., 15- x.b. va 1996- yil 1- may sonidagi 16- sah., 7- x.b. q.

[22- sahifadagi matn parchasi]

Biz o‘z dunyo qarashimizni Xudoning nuqtai nazariga muvofiq qilishimiz zarur, chunki Uning fikrlari biznikidan ustunroqdir

[23- sahifadagi matn parchasi]

Itoatkorlik bilan soliqlarni to‘lab, masihiylar Tangri oldida vijdonlarini pok saqlashadi va Xudo ularga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonayotganlarini ko‘rsatishadi

[22- sahifadagi rasmlar]

«Podshohning haqini podshohga, Allohning haqini Allohga beringlar»

[Rasm manbai]

Copyright British Museum