Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi

Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi

Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi

BOLALIK davri ayanchli o‘tgan bir qiz, hayotning asl mazmunini qanday topdi? Siyosat isyonkori bo‘lgan odamni tinchlik to‘g‘risida va’z qilishga nima undadi? Keling, ushbu maqolani o‘qib chiqib, javobini topaylik.

«Mehr-muhabbatga juda muhtoj edim». INNA LEJNINA

TUG‘ILGAN YILI: 1981

MAMLAKATI: ROSSIYA

O‘TMISHDA: AYANCHLI BOLALIK DAVRI

TARJIMAI HOLIM. Ota-onam kar bo‘lgani uchun men ham kar bo‘lib tug‘ilganman. 6 yoshimgacha hayotim tinch va osoyishtalikda o‘tgan. Keyin ota-onam ajrashib ketishgan. Juda yosh bo‘lganimga qaramay, ajralish nimaligini tushunardim va bu menga qattiq azob keltirardi. Ajralishganidan so‘ng otam va akam Troitsk shahrida qolishdi, onam esa meni Chelyabinskka olib ketdi. Bir muncha vaqt o‘tib, u turmushga chiqdi. O‘gay otam ichkilikboz edi va men bilan onamni rosa do‘pposlardi.

1993- yili aziz akajonim cho‘kib o‘ldi. Ushbu baxtsiz hodisa oilamizga katta zarba bo‘ldi. Bundan so‘ng onam ham ichkilikka berilib ketdi va o‘gay otamga o‘xshab menga yomon munosabat ko‘rsata boshladi. Shunda men yaxshiroq hayotni izlashga tushdim. Mehr-muhabbatga juda muhtoj edim. Tasalli topish umidida turli cherkovlarga qatnay boshladim, lekin harakatlarim zoe ketdi.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI. 13 yoshligimda Yahovaning Shohidi bo‘lmish bir sinfdoshim, menga Muqaddas Kitobdan hikoyalar aytib berardi. Og‘ir vaziyatlarga qaramay, Xudoga xizmat qilgan Nuh va Ayub kabi insonlarning misoli menga yoqardi. Tez orada men Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni o‘rgana boshladim va ularning yig‘ilishlariga qatnaydigan bo‘ldim.

Muqaddas Kitob tadqiqi yordamida go‘zal haqiqatlarga ko‘zim ochildi. Xudoning ismi borligini bilganimda judayam ta’sirlandim (Zabur 83:18). Muqaddas Kitobda, «oxirzamonda» qanday voqealar yuz berishi aniq bashorat qilingani menda chuqur taassurot qoldirdi (2 Timo‘tiyga 3:1–5). Tirilishga bo‘lgan umid haqida bilganimda esa etim jimirlab ketdi. Ajabo, men akamni yana ko‘rar ekanman! (Yuhanno 5:28, 29).

Biroq hech kim yangi topgan quvonchimga sherik bo‘lmadi. Onam va o‘gay otam Yahovaning Shohidlariga qarshi edilar. Ular Muqaddas Kitobni o‘rganishni bas qilishimni aytib, bosim o‘tkaza boshlashdi. Ammo olgan bilimlarim menga yoqardi va men ulardan voz kechmaslikka qat’iy qaror qildim.

Oilamning qarshiligiga dosh berish oson kechmadi. Yahova Shohidlarining yig‘ilishlariga men bilan birga qatnab yurgan ukamning cho‘kib o‘lgani yana bir zarba bo‘ldi. Yahovaning Shohidlari meni doimo qo‘llab-quvvatlashgan. Butun umr izlagan mehr-muhabbatni ularning orasida topdim. Bu haq din ekanini bilardim. 1996- yili hayotimni Xudoga bag‘ishlaganimning ramzi sifatida suvga cho‘mib Yahovaning Shohidi bo‘ldim.

HAYOTIM QANDAY YAXSHILANDI. Mana olti yildirki, Dmitriy ismli ajoyib bir inson bilan turmush qurib yashayapmiz. Hozirgi kunda biz birgalikda Yahova Shohidlarining Sankt-Peterburgdagi filialida xizmat qilyapmiz. Vaqt o‘tib, ota-onam mening e’tiqodlarimga ijobiy qaraydigan bo‘ldi.

Yahovani tanib-bilganimdan judayam minnatdorman! Unga xizmat qilish tufayli hayotim chinakamiga mazmunli bo‘ldi.

«Meni ko‘p savollar bezovta qilardi» RAUDEL RODRIGES RODRIGES

TUG‘ILGAN YILI: 1959

MAMLAKATI: KUBA

O‘TMISHDA: SIYOSAT ISYONKORI

TARJIMAI HOLIM. Men Kuba Respublikasining poytaxti Gavanada kambag‘al va sershovqin bir hududda tug‘ilib o‘sganman. Ulg‘ayganim sari, dzyudo va shu kabi jangovar sport turlariga qiziqishim o‘sib bordi.

A’lochi bo‘lganim uchun ota-onam meni universitetga kirishga undashgan. U yerda o‘qiyotganimda yurtimdagi siyosiy tuzumni o‘zgartirish kerakligini his qilganman. Shu sababli men isyonkor bo‘lishga qaror qildim. Kursdoshim bilan birgalikda politsiya xodimiga hujum qilib, to‘pponchasini tortib olmoqchi bo‘ldik. To‘qnashuvda politsiyachi boshidan qattiq lat yedi. Oqibatda meni va kursdoshimni qamoqqa tashlashdi va o‘limga mahkum etishdi. O‘shanda endigina 20 yoshga to‘lgandim, biroq o‘lim yoqasida turgandim!

Qamoqxonada yakka qolib, meni qanday otib o‘ldirishlarini tasavvur qilib o‘tirardim. Ammo qo‘rqayotganimni ko‘rsatishni hecham istamasdim. Aynan o‘sha vaqtda meni ko‘p savollar bezovta qilardi. Nima uchun dunyoda adolatsizlik ko‘p? Hayotning bori shu xolosmi? Shu kabi savollar meni qiziqtirardi.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI. O‘lim hukmi, qamoqxonada 30-yillik jazo o‘tash hukmi bilan almashtirildi. Qamoqxonadaligimda bir nechta Yahovaning Shohidini uchratdim, ular e’tiqodlari tufayli qamalgan edilar. Ularning jasur, lekin tinchlikparvar ekanligi menda chuqur taassurot qoldirdi. O‘sha xudojo‘y kishilar nohaq qamalganlariga qaramasdan, jahldor bo‘lib qolishmadi.

Yahovaning Shohidlari menga Xudoning insoniyatga nisbatan niyati borligini aytib berishdi. Ular menga Muqaddas Kitobdan yerimiz jannatga aylanishi, jinoyatchilik va adolatsizlik bo‘lmasligi to‘g‘risidagi va’dalarni ko‘rsatib berishdi. Yer yuzida yaxshi insonlar ko‘payib, mukammal sharoitlarda abadiy yashash imkoniyatiga ega bo‘lishi haqida men bilan bo‘lishishdi (Zabur 37:29).

Yahovaning Shohidlaridan olgan bilimlarim menga yoqardi, lekin ular kabi tinchlikparvar bo‘lishga qiynalardim. Siyosatga nisbatan betaraf bo‘lish yoki yomonlik evaziga yomonlik qaytarmaslik men uchun imkonsiz, deb o‘ylardim. Shu sababdan Muqaddas Kitobni o‘zim o‘qib chiqishga qaror qildim. O‘qib bo‘lganimdan keyin, ilk masihiylarga faqatgina Yahovaning Shohidlari o‘xshashini tushunib yetdim.

Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotib, turmush tarzimni tubdan o‘zgartirishim zarurligini angladim. Misol uchun, so‘kinib gapirish, sigaret chekish kabi yomon odatlardan voz kechishim kerak edi. Shuningdek, siyosatga nisbatan betaraf bo‘lishim zarur edi. Bunday o‘zgarishlarni qilishim oson kechmagan, ammo Yahovaning madadi bilan sekin-asta muvaffaqiyatga erishdim.

Qiyin kechgan o‘zgarishlardan biri, bu xulqimni nazorat qilish bo‘ldi. O‘zimni tuta bilish uchun ibodat qilardim. O‘shanda menga Muqaddas Kitobda yozilgan ushbu so‘zlar katta yordam bergan: «Jahlini tiygan qudratlidan, o‘zini tuta biladigan esa shaharni yenggandan yaxshiroq» (Hikmatlar 16:32).

1991- yili o‘zimni Xudoga bag‘ishlash ramzi sifatida suvga cho‘mib, Yahovaning Shohidi bo‘ldim. Meni qamoqxonada suv to‘ldirilgan bochkaga cho‘mdirishdi. Keyingi yili, Ispaniyada qarindoshlari bo‘lgan ba’zi mahbuslarni, shu qatorda meni ham ozod etib, Ispaniyaga yuborishdi. Ispaniyaga kelgach, men darhol Yahova Shohidlarining yig‘ilishlariga qatnay boshladim. Ular meni xuddi ko‘p yillardan beri tanigandek ochiq chehra bilan kutib olishdi va hayotimni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashishdi.

HAYOTIM QANDAY YAXSHILANDI. Men juda ham baxtiyor insonman, chunki xotinim va ikki qizim bilan birgalikda Xudoga xizmat qilyapmiz. Hozir ko‘p vaqtimni boshqalarga Muqaddas Kitobdagi bilimlarni o‘rgatishga sarflayapman. Bu men uchun katta sharaf. Ba’zida o‘lim yoqasida turgan o‘sha yosh yigit haqida o‘ylayman va o‘shandan buyon ko‘p qut-barakalarga erishganim uchun minnatdorman. Men nafaqat tirik qoldim, balki umidga ham ega bo‘ldim. Endi, va’da qilingan Jannatni — adolat qaror topib, o‘lim boshqa bo‘lmaydigan vaqt kelishini kutyapman (Vahiy 21:3, 4).

[19- sahifadagi matn parchasi]

«Xudoning ismi borligini bilganimda judayam ta’sirlandim»

[20- sahifadagi rasm]

Imo-ishora tilidagi adabiyotlarni karlar bilan baham ko‘rish, turmush o‘rtog‘imga ham, menga ham yoqadi