Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Ma’naviy inson qanday bo‘ladi?

Ma’naviy inson qanday bo‘ladi?

Sabr-bardosh va tasalli baxsh etadigan Alloh vositasida Iso Masih kabi fikr yuritinglar. RIM. 15:5

QO‘SHIQLAR: 5, 25

1, 2. a) Ma’naviylik borasida ko‘plarning fikri qanday? b) Qaysi uchta muhim savolni ko‘rib chiqamiz?

KANADADAGI bir opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «Ma’naviy inson bo‘lishdan baxtiyorman va bu menga kunda duch keladigan muammolarni muvaffaqiyat ila yengishga ko‘maklashadi». Braziliyadagi akamiz: «Turmush qurganimizga 23 yil bo‘ldi va ma’nan kuchli bo‘lishga harakat qilganimiz uchun biz baxtli hayot kechiryapmiz»,— dedi. Filippindagi birodarimiz esa shunday deb aytdi: «Ma’naviy inson bo‘lish menga ichki xotirjamlikni saqlashga va kelib chiqishi turlicha bo‘lgan imondoshlarim bilan munosabatlarimni yaxshilashga ko‘maklashyapti».

2 Shu kabi izohlardan ma’naviylik yaxshi degan xulosaga kelyapmiz. Demak, o‘zimizdan: «Qanday qilib men ma’naviy inson bo‘lishim mumkin va yuqorida aytilganday ko‘proq foyda olishim mumkin?» — deb so‘rasak yaxshi bo‘lardi. Ammo bunga javob berishdan avval, Muqaddas Kitobda ma’naviylik yoki ma’nan kuchli odam haqida nima deyilganini anglashimiz lozim. Ushbu maqolada uchta muhim savolni ko‘rib chiqamiz. 1) Ma’naviy inson qanday bo‘ladi? 2) Ma’nan kuchli bo‘lishimizga kimlarning namunasi qo‘l keladi? 3) «Masih kabi fikr yuritishga» intilish ma’naviy inson bo‘lishimizga qanday yordam beradi?

MA’NAVIY INSON QANDAY BO‘LADI?

3. Jismoniy va ma’naviy inson orasidagi farq Muqaddas Kitobda qanday ko‘rsatilgan?

3 Havoriy Pavlus «jismoniy» va «ma’naviy inson» orasidagi farqni ko‘rsatish orqali ma’naviy inson qanday bo‘lishini tushunishimizga ko‘maklashyapti. (1 Korinfliklarga 2:14–16 ni o‘qing, izoh.) Bu qanday farq ekan? Jismoniy odam to‘g‘risida «Allohning ruhiga oid narsalarni qabul qilmaydi. U buni nodonlik deb hisoblagani uchun, uni tanib-bilishga qodir emas», deb aytilgan. Ma’naviy inson esa «hamma narsani baholay oladi» va «Masih kabi fikr yuritadi». Pavlus bizni ma’naviy inson bo‘lishga chorlagan. Xo‘sh, ular orasida yana qanday farq bor?

4, 5. Jismoniy kishi haqida nima desa bo‘ladi?

4 Avval jismoniy insonning fikrlash tarziga diqqat qarataylik. Bu dunyo odam nuqul o‘zini o‘ylash kerakligini olg‘a suryapti. Pavlus buni «hozirgacha itoatsiz kimsalarga... ta’sir yetkazayotgan dunyoning ruhiyati» deb tasvirlagan. (Efes. 2:2) Ushbu ruhiyat aksariyat odamlarni shunchaki to‘daga ergashish kerak, degan nuqtai nazarga ega bo‘lishga majburlayapti. Ular faqat tanu jonini o‘ylaydi. Oqibatda ularning aksariyati o‘z nazarida nima to‘g‘ri bo‘lsa shuni qilyapti va Xudoning me’yorlari bo‘yicha yashashga intilmayapti. Jismoniy kishi ko‘pincha faqat o‘z mavqei va moddiy narsalar yoki haq-huquqlarini himoyalash to‘g‘risida haddan ortiq tashvishlanadi.

5 Jismoniy kishi haqida yana nima desa bo‘ladi? Har qanday «tana ishlari»ga berilgan odamlar mazkur toifaga kiradi. (Galat. 5:19–21) Pavlus Korinfliklarga yo‘llagan birinchi maktubida jismoniy fikrlash tarziga ega bo‘lganlarga xos bir nechta harakatni sanab o‘tgan. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi: bo‘linishlar keltirib chiqarish, tarafkashlik qilish, talash-tortish, bir-birini mahkamaga yetaklash, boshchilikni nazarga ilmaslik va yegulik hamda ichkilikda ochko‘z bo‘lish. Vasvasa paydo bo‘lganda, jismoniy odam taslim bo‘ladi. (Hik. 7:21, 22) Isoning shogirdi Yahudo bunday kishi borasida «Tangrining muqaddas ruhiga ega emas», degan. (Yahd. 18, 19)

6. Ma’naviy inson haqida nima deyish mumkin?

6 «Ma’naviy inson» haqida nima deyish mumkin? Bunday odam jismoniy insondan farqli ravishda Xudoni yaxshi ko‘radi. U «Allohga taqlid qilinglar», degan so‘zlarga amal qilishga intiladi. (Efes. 5:1) Bu degani, u turli masalalar bo‘yicha Yahovaning fikrlash tarziga ega bo‘lib, vaziyatga Uning nuqtai nazari bilan qaraydi. Alloh u uchun tirik Shaxsdir. Ma’naviy odam jismoniy kishidan farqli o‘laroq, Yahovaning me’yorlariga muvofiq yo‘l tutishga jon kuydiradi. (Zab. 119:33; 143:10) U tana ishlariga diqqat qaratmay, «muqaddas ruh samarasi»ni namoyon etishga urinadi. (Galat. 5:22, 23) Bunday kishi haqida aniqroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun quyidagi misol borasida o‘ylab ko‘ring: biznesda muvaffaqiyat ila ish yuritadigan kishini tadbirkor, ma’naviy narsalarni yoki e’tiqodini juda qadrlaydigan kishini esa ma’naviy inson, deb atashadi.

7. Muqaddas Kitobda ma’naviy inson haqida nima deyilgan?

7 Muqaddas Kitobga binoan, ma’naviy narsalar haqida fikr yuritadigan odam juda qadrlidir. Matto 5:3 da: «Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar baxtlidir, chunki Osmon Shohligi ularnikidir»,— deyilgan. Rimliklarga 8:6 da esa shunday yozilgan: «Tanaga oid narsalarni o‘ylash — o‘lim, ma’naviy narsalar to‘g‘risida mulohaza yuritish esa hayot va tinchlik keltiradi». Ma’naviy narsalarga e’tiborimizni qaratib, hozirning o‘zida Alloh bilan tinch munosabatlarga ega bo‘lamiz va ko‘nglimizda xotirjamlik hukm suradi. Qolaversa, bu kelajakda abadiy hayotga yetaklaydi.

8. Nega ma’nan o‘sishda davom etish uchun harakat qilish darkor?

8 Biz xavfli dunyoda yashayapmiz. Atrofimizdagi barcha narsa faqat tana ishlarini olg‘a suryapti ekan, ma’nan o‘sishda davom etish uchun harakat qilishimiz o‘ta muhim. Agar inson ma’nan susaysa, u axloqan buzilib, bu dunyoning «havosi» uni barbod qilishiga zamin yaratadi. Buning oldini qanday qilib olsa bo‘ladi? Qay yo‘sin biz ma’nan o‘sishimiz mumkin?

TAQLID QILISHGA ARZIYDIGAN MISOLLAR

9. a) Ma’nan o‘sishimizga nima ko‘maklashadi? b) Qaysi ma’naviy insonlarning o‘rnagiga e’tibor qaratamiz?

9 Bola ota-onasini kuzatib, ularning yaxshi o‘rnagiga taqlid qilsa, yetuk bo‘la oladi. Shunga o‘xshab, biz ham ma’nan kuchli kishilarni kuzatib, ularning namunasiga ergashsak, ma’naviy tarafdan o‘sishimiz mumkin. Faqat tana ishlarini o‘ylaydiganlar esa biz uchun ogohlantiruvchi misol sifatida xizmat qiladi. (1 Kor. 3:1–4) Muqaddas Kitobda ham yaxshi, ham yomon misollar mavjud. Biz ma’nan yetuk kishi bo‘lishni xohlayotganimiz uchun, keling, taqlid qilishimizga arziydigan bir nechta insonning o‘rnagiga e’tibor qarataylik. Bu kishilar Yoqub, Maryam va Iso.

Yoqubning misolidan qanday saboq olsak bo‘ladi? (10- xatboshiga qarang.)

10. Yoqub ma’naviy inson ekanini qanday ko‘rsatdi?

10 Avval Yoqubning misoliga diqqat qarataylik. Yoqub bilan bo‘lganiday ko‘pchiligimizga oson emas. Yoqub uni o‘ldirmoqchi bo‘lgan, tana ishlarini o‘ylaydigan akasi Esovning munosabatiga chidashiga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, u qayta-qayta uning mehnatidan foydalanmoqchi bo‘lgan ayyor qaynatasi bilan til topishgan. Garchi Yoqub «jismoniy» odamlar orasida yashagan bo‘lsa-da, ma’naviy edi. Ibrohimga berilgan va’daga u ishongan va Yahovaning niyatida o‘zgacha o‘ringa ega bo‘lganini tushunib, oilasiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Ibt. 28:10–15) Yoqubning so‘zlariyu ishlari u Allohning me’yorlarini bilib, ularni yodida saqlaganini oshkor etmoqda. Misol uchun, Esov unga xavf tug‘diradi deb o‘ylaganda, Xudoga shunday degan: «O‘tinib so‘rayman... meni qutqargin... Axir O‘zing: “Men senga baraka ato etaman va zurriyotingni dengiz sohilidagi qumday son-sanoqsiz qilaman”,— deb aytgan eding-ku». (Ibt. 32:6–12) U Yahova unga hamda ota-bobolariga bergan va’dalarga ishongan va Uning irodasiyu niyatiga muvofiq yo‘l tutishga intilgan.

Maryamning misolidan qanday saboq olsak bo‘ladi? (11- xatboshiga qarang.)

11. Maryam ma’naviy inson bo‘lganini qayerdan bilamiz?

11 Endi Maryamning misoliga diqqat qarataylik. Nega Yahova uni Isoning onasi sifatida tanlagan? Chunki u ma’naviy inson bo‘lgan. Buni qayerdan bilamiz? Bu, u qarindoshlari Zakariyo bilan Elisabetnikiga borganda, Yahovani sharaflab aytgan ajoyib so‘zlarida aks etgan. (Luqo 1:46–55 ni o‘qing.) Maryamning gaplaridan u Xudoning Kalomini juda yaxshi ko‘rgani va Ibroniycha yozuvlarni yaxshi bilgani ayon bo‘lyapti. (Ibt. 30:13; 1 Shoh. 2:1–10; Mal. 3:12) Garchi u Yusuf bilan yaqinda turmush qurgan bo‘lsa-da, Iso tug‘ilguniga qadar ular jinsiy yaqinlikda bo‘lmagan. Bu nimani oshkor etyapti? Bundan ularning ikkovi uchun Yahovaning irodasi ehtiyojlarini qondirishdan ko‘ra muhimroq ekani ko‘rinmoqda. (Mat. 1:25) Vaqt o‘tgach, Maryam Isoning hayotida nima muhim ekanini anglagan va uning dono so‘zlariga e’tibor qaratgan. Qolaversa, u «gaplarning hammasini diliga tugib qo‘ygan». (Luqo 2:51) U Masihga tegishli Xudoning niyati bilan rosa qiziqqan. Maryamning o‘rnagi Allohning irodasini hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yishimizga ko‘maklashmoqda, shunday emasmi?!

12. a) Iso Otasiga qay yo‘sin taqlid qilgan? b) Biz Isodan qanday ibrat olsak bo‘ladi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

12 Yashagan barcha insonlar orasida ma’naviylikda eng a’lo o‘rnak ko‘rsatgan kim? Albatta, bu Iso Masih. Hayoti va xizmati mobaynida u Otasi Yahovaga taqlid qilmoqchi ekanini namoyon etgan. Iso Yahova kabi o‘ylagan, his etgan va yo‘l tutib, Uning irodasiyu me’yorlariga mos hayot kechirgan. (Yuhan. 8:29; 14:9; 15:10) Masalan, Ishayo payg‘ambar Yahovaning mehr-shafqati haqida aytganlarini Mark Isoning mehr-shafqati to‘g‘risida Injilda nima deb yozgani bilan solishtiring. (Ishayo 63:9; Mark 6:34 ni o‘qing.) Biz ham yordamga muhtoj insonlarni uchratganimizda, Iso kabi mehr-shafqatli bo‘la olamizmi? Bundan tashqari, Iso xushxabarni va’z qilib, ta’lim berish ishiga o‘zini bag‘ishlagan. (Luqo 4:43) Shu kabi fazilat va xatti-harakatlar ma’naviylikdan darakdir.

13, 14. a) Bugungi ma’nan yetuk insonlardan qanday o‘rnak olsak bo‘ladi? b) Misol keltiring.

13 Muqaddas Kitobdagi misollardan tashqari, bugun ham Masih kabi fikr yuritayotgan ko‘pdan-ko‘p ma’nan yetuk imondoshlarimiz bor. Ehtimol, ular xizmatda g‘ayratli ekanini, mehmondo‘stlik, mehr-shafqat yoki yana boshqa fazilatlarni namoyon etayotganini ko‘rayotgandirsiz. Bunday imondoshlarimiz ham ushbu fazilatlarni rivojlantirishga intilayotib, biz kabi zaifliklaru kamchiliklar bilan kurashyapti. Braziliyadagi Reychl ismli imondoshimiz shunday deb bo‘lishdi: «Bu dunyoda urf bo‘lgan kiyim-kechaklarni juda yaxshi ko‘rardim. Buning oqibatida ibo bilan kiyinmay qo‘ydim. Ammo haqiqatni o‘rganib, ma’naviy inson bo‘lish uchun ko‘p ter to‘kdim. O‘zgarishlar qilish oson kechmadi, lekin hozir baxtliroqman va hayot mazmunini topdim».

14 Filippindagi Raylen boshqa qiyinchilikka duch keldi. U oliy ma’lumotli bo‘lish va hayotida muvaffaqiyatga erishish payida edi. Opamiz quyidagilarni aytdi: «Ma’naviy maqsadlarim so‘na boshladi. Biroq hayotimda nimanidir, ishimdan ham ancha muhimroq bo‘lgan narsani yo‘qotayotganday edim. Oxiri, Yahovaga xizmat qilishga bo‘lgan nuqtai nazarimni qayta ko‘rib chiqdim». O‘shandan beri Raylen Matto 6:33, 34 da keltirilgan Yahovaning va’dasiga ishonib yashamoqda. U: «Yahova menga g‘amxo‘rlik qilishiga aminman!» — dedi. Balki jamoatingizda ham bunga o‘xshash misollar bordir. Ular Masihga ergashib sadoqatli bo‘lib kelishmoqda. Ulardan o‘rnak olsak yaxshi bo‘lardi, shunday emasmi?! (1 Kor. 11:1; 2 Salon. 3:7)

«MASIH KABI FIKR YURITING»

15, 16. a) Masih kabi bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak? b) «Masih kabi fikr yuritishni» istasak qanday yo‘l tutsak bo‘ladi?

15 Har birimiz Masihga qanday taqlid qila olamiz? Muqaddas Kitobda «Masih kabi fikr yuritish» haqida aytilgan. (1 Kor. 2:16) Rimliklarga 15:5 da esa «Iso Masih kabi fikr yuritinglar», deyilgan. Shu sababli, Masih kabi bo‘lish uchun uning fikrlash tarzini va shaxsiyatini mukammal bilishimiz lozim. Qolaversa, uning izidan yurishimiz zarur. Iso butun fikr-xayolini Alloh bilan bo‘lgan munosabatlariga qaratgan edi. Demak, Isoga o‘xshasak, Yahovaga o‘xshagan bo‘lamiz. Shu bois, Iso qanday fikr yuritganini bilib olish muhim.

16 Bunga qay yo‘sin erisha olamiz? Isoning shogirdlari uning mo‘jizalarini ko‘rishgan, nutqlarini eshitishgan, turli odamlar bilan qanday muomala qilganini va ilohiy prinsiplarga qay yo‘sin amal qilganini kuzatishgan. Ular: «Uning... hamma ishlariga bizlar guvohmiz»,— deyishgan. (Havor. 10:39) To‘g‘ri, biz bularni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ra olmaymiz. Biroq Yahova bizga mehr ila bergan Injilni tadqiq qilganimizda ko‘z oldimizda Isoning shaxsiyati gavdalanadi. Muqaddas Yozuvlardagi Matto, Mark, Luqo va Yuhanno kitoblarini o‘qib, ular ustida mulohaza qilsak, Iso kabi fikr yurita olamiz. Shunda «uning izidan og‘may yurishimiz» va «u kabi fikr yuritishga tayyor bo‘lishimiz» mumkin. (1 Butr. 2:21; 4:1)

17. Masih kabi fikr yuritish bizga qanday yordam beradi?

17 Masih kabi fikr yuritishga o‘rganish bizga qanday yordam beradi? Jismoniy tanamiz mustahkam bo‘lishi uchun foydali oziq-ovqatni yeganimizday, ma’nan kuchli bo‘lish niyatida Masihning fikrlash tarzi bilan ongimizni to‘ldirishimiz lozim. Shu yo‘sin, har qanday vaziyatda Masih kabi yo‘l tutishni o‘rganamiz. Bu esa, pok vijdonga va Xudoning marhamatiga ega bo‘lishimiz uchun to‘g‘ri qarorlar chiqarishimizga ko‘maklashadi. Shu kabi foydali tomonlar «Hazrati Iso Masihning fe’l-atvoriga taqlid qilishga» yaxshi asos ekani turgan gap. (Rim. 13:14)

18. Ma’naviy inson qanday bo‘lishi haqida nimalarni bilib oldingiz?

18 Mana, ma’naviy inson qanday bo‘lishi kerakligini bilib oldik. Shuningdek, ma’naviy odamlarning misollarini ko‘rib chiqdik. «Masih kabi fikr yuritish» bizga ma’nan yetuk bo‘lishimizga qanday yordam berishini ham muhokama qildik. Biroq ma’naviylik bilan bog‘liq yana boshqa narsalarni ko‘rib chiqishimiz darkor. Masalan, qanchalik ma’nan yetuk ekanimizni tekshirib ko‘rishimiz kerak. Ma’nan o‘sish uchun qanday yo‘l tutsak bo‘ladi? Ma’naviyligimiz kundalik hayotimizga qanday ta’sir qiladi? Kelasi maqolada mazkur savollarning javoblarini bilib olamiz.