Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TASHKILOTIMIZ ARXIVIDAN

Ommaviy nutqlar orqali Irlandiyada xushxabar tarqaldi

Ommaviy nutqlar orqali Irlandiyada xushxabar tarqaldi

BELFAST-LOX qo‘ltig‘idagi portga bir kema yaqinlashib kelyapti, palubadagi sayohatchilar tong shafag‘i yam-yashil tepaliklarni yoritayotganini tomosha qilyapti. Bu 1910- yil may oyi. Sayohatchilar orasidagi bir kishi, Charlz Teyz Rassell Irlandiyaga beshinchi bor sayohat qilib ketyapti. Birodarimiz Rassell ko‘z o‘ngida, qurilayotgan ikkita bahaybat «Olimpik» va halokatga uchragan «Titanik» kemalari gavdalanmoqda *. Bir nechta Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari esa sohilda turib uni kutyapti.

Bundan deyarli 20 yil oldin, dunyo bo‘ylab xushxabarni eng yaxshi yo‘l bilan tarqatish usulini izlab, Rassell birodarimiz bir necha marta safarga borishni rejalashtirgan edi. Birinchi safar u 1891- yil iyulda Irlandiyaga sayohatga bordi. U «Chikago shahri» kemasida Kuinstaunga yaqinlashib kelayotganda quyosh botganini kuzatib, o‘zining ona yurti haqida ota-onasi nimalarni aytib berganini eslayotganga o‘xshaydi. Birodarimiz Rassell va uning hamrohlari toza shaharlaru ko‘rkam qishloqlarni tomosha qilib, dalalar «tayyor va o‘rim-yig‘im vaqtini kutayotganini» tushunishmoqda.

Rassell birodarimiz Irlandiyaga hammasi bo‘lib yetti marotaba tashrif buyuradi. Birinchi safar borganida yuzlab, ba’zida minglab kishilar qiziqish ko‘rsatib, uning keyingi tashrifini kutib qolardi. Ikkinchi tashrifida 1903- yili mayda Belfast va Dublinda yig‘ilishlar bo‘lishi mahalliy gazetalarda e’lon etiladi. Rassell birodarimizning aytishicha, Ibrohimning imoni va insoniyat uchun ko‘zlangan bo‘lajak barakalar haqidagi «Qasam» nomli nutqni «tinglovchilar juda ham diqqatli bo‘lib eshitgan» ekan.

Bu yerda shunday qiziqish ko‘rsatgan insonlarni uchratgani uchun, Rassell Yevropaga qilgan uchinchi safarida Irlandiyaga ham boradi. Beshta akamiz uni Belfast sohilida 1908- yili aprelda ertalab kutib oladi. «Shayton dunyosini qulatish» nomli ommaviy nutqqa kechki payt «taxminan 300 ta ziyoli tinglovchi» keladi. Ularning orasidagi bir kishi Muqaddas Kitobdan mahorat ila foydalanib ularga qarshi oyatlar keltiradi. Dublinda esa bir tashkilot (YMCA) kotibi Okonnor yig‘ilgan 1 000 dan ziyod kishini Muqaddas Kitob Tadqiqotchilariga qarshi qayramoqchi bo‘ladi. Xo‘sh, nima yuz beradi?

Keling, ortga qaytib nima sodir bo‘lganini xayolimizda gavdalantiraylik. Muqaddas Kitobdagi haqiqatni bilmoqchi bo‘lgan bitta kishi Irlandiyadagi bir gazetada ommaviy nutq bo‘lishi haqida o‘qib, u yerga borishga qaror qiladi. («The Irish Times») Liq to‘la zalga kirib u o‘ziga joy izlab topadi. U sochi oppoq, soqoli bor, uzun qora paltodagi ma’ruzachidan ko‘zini uzmay uni tinglaydi. Ma’ruzachi sahnada bemalol imo-ishora qilib, mohirlik ila oyatlarni ketma-ket aytadi va tinglovchilarni Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarga jalb qiladi. Bir yarim soat davomida nutq so‘zlagan ma’ruzachining ovozi hatto ovoz kuchaytirgichlar yordamisiz ham butun zalda jaranglab eshitiladi. Keyin Okonnor va uning hamrohlari uni murakkab savollar bilan ko‘mib tashlaydi, lekin birodarimiz Muqaddas Kitob yordamida ularga javob beradi. Buni ko‘rgan tinglovchilar qarsak chaladi. So‘ng, o‘sha qiziqish ko‘rsatgan kishi birodarlarimizga haqiqat borasida ko‘proq bilish istagi borligini aytadi. U yerda bo‘lganlarning aytishicha, ko‘p insonlar haqiqatni shu yo‘sin bilib olgan ekan.

Rassell to‘rtinchi safarini 1909- yili mayda «Mavretaniya» kemasida Nyu-Yorkdan chiqib boshlagan. U «Qo‘riqchi minorasi»dagi maqolalarni aytib turganda, ularni yozib olishi uchun kotib Xanstinger birodarimizni bu sayohatga taklif qilgan. Birodarimiz Rassell Belfastda aytgan nutqiga 450 ta odam kelgan va taxminan 100 tasi bo‘sh joy bo‘lmagani bois tik turgan edi.

Rassell birodarimiz «Luzitaniya» kemasida

Uning beshinchi sayohatida esa mana bular sodir bo‘lgan. Dublindagi nutqdan keyin Okonnor o‘zi bilan taklif qilgan taniqli ilohiyotshunos o‘z savollariga Muqaddas Kitob asosida javoblar olgan va boshqa ko‘p tinglovchilarga ham bu yoqqan. Kelasi kuni sayohatchilar tezkor pochta kemasiga chiqib Liverpulga, keyin esa Nyu-Yorkda taniqli bo‘lgan «Luzitaniya» kemasida ketishdi *.

Ommaviy nutq e’lon qilingan gazeta, 1910 yil 20 may

Birodarimiz Rassell 1911- yili oltinchi va yettinchi sayohatlarida ham ommaviy nutqlar aytgan. O‘sha yili bahorda Belfastda 20 ta Muqaddas Kitob Tadqiqotchisi «O‘limdan keyin hayot bormi?» nutqini eshitish uchun kelgan 2 000 ta tinglovchini kutib olgan. Dublinda Okonnor yana bir kishini nutqqa taklif qilib birodarimizga savollar beradi, ammo bu gal ham tinglovchilar Muqaddas Kitob asosida javob olishgani uchun qarsaklar chalishadi. O‘sha yili kuzda Rassell boshqa shaharlarga ham boradi, bu yaxshi natija keltiradi. Okonnor va yana 100 ta erkak kishi Dublinda o‘tayotgan yig‘ilishda xalaqit bermoqchi edi, biroq tinglovchilar g‘ayrat ila ma’ruzachini qo‘llab-quvvatladi.

Garchi o‘sha paytlarda asosan Rassell ommaviy nutqlar aytgan bo‘lsa-da, «bu inson mehnatining mahsuli emas, bu Xudoning ishi», deb «tengi topilmaydigan inson yo‘q» ekanini tan olgan. Aytilgan ommaviy nutqlar — jamoat uchrashuvlari uchun zamin yaratib, Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni taqdim etishning zo‘r usuliga aylandi. Qiziq, bu qanday samara keltirdi? Ommaviy nutqlar xushxabarni tarqatishga ko‘maklashib, butun Irlandiya bo‘ylab ko‘pgina shaharlarda jamoatlar tashkil topishiga hissa qo‘shdi. (Tashkilotimizning Buyuk Britaniyadagi arxividan.)

^ 3- x.b. «Titanik» kemasi ikki yil o‘tgach cho‘kib ketdi.

^ 9- x.b. «Luzitaniya» kemasi 1915 yili mayda Irlandiyaning janubiy qirg‘og‘ida cho‘kib ketgan.