Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Kambag‘al boshlanish va boy yakun

Kambag‘al boshlanish va boy yakun

Men kichkinagina Liberti (Indiana, AQSh) shahridagi bir hujrada dunyoga kelganman. Mendan oldin bir akam va ikkita opam bor. Mendan keyin esa ikkita ukam va singlim dunyoga keldi.

Men mana shu hujrada tug‘ilganman

MAKTABDA o‘qiganimda deyarli hech narsa o‘zgarmagan. Boshidan oxirigacha o‘sha-o‘sha odamlar bilan o‘qidim. Shu bois, shahardagi ko‘plar tanish bo‘lgan. Ular meni, men esa ularni bilar edim.

Yettita farzandning biri edim va o‘smirligimdanoq ferma ishlarida ko‘p narsani o‘rgangandim

Liberti shahrining atrofida kichik fermalar ko‘p edi va ular asosan makkajo‘xori yetishtirish bilan shug‘ullanardi. Men tug‘ilganda otam mahalliy fermalardan birida ishlar edi. O‘smirligimda traktor haydashni va ferma bilan bog‘liq oddiy ishlarni o‘rgandim.

Otamning yoshligini ko‘rmaganman. Tug‘ilganimda otam 56, onam esa 35 yoshda edi. Lekin otam ozg‘in, sog‘lom, kuchli va mehnatkash kishi edi. Biz bolalarni ham buni qadrlashga o‘rgatgan. U ko‘p pul topmas edi, ammo boshpanamiz, kiyimimizu oziq-ovqatimiz bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilardi va doim yonimizda bo‘lardi. Otam 93, onam esa 86 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Ular Yahovaga xizmat qilmagan. Jigarlarimga kelsak, ukam 1970-yillarning boshidan beri sadoqat ila oqsoqol sifatida xizmat qilib keldi. O‘shanda bu tadbir tashkil etilgan edi.

YOSHLIGIM

Onam xudojo‘y inson edi. U har yakshanba bizni baptistlar cherkoviga olib borardi. 12 yoshda bo‘lganimda ilk bor uchlik haqida eshitdim. Shunda hayron bo‘lib onamdan: «Qanaqasiga Iso bir vaqtning o‘zida ham O‘g‘il, ham Ota bo‘lishi mumkin?» — deb so‘radim. Javobi hali hanuz esimda: «O‘g‘lim, bu jumboq. Biz buni tushuna olmaymiz». Chindan ham, bu men uchun jumboq edi. Shunga qaramay, taxminan 14 yoshimda uchlik nomi bilan uch marta suvga cho‘mdirildim.

1952-yil, Armiyadan oldin, 17 yoshligim

Yuqori sinfda o‘qiganimda professional bokschi bo‘lgan do‘stim meni ham boks bilan shug‘ullanishga undadi. Shu yo‘sin, boks bilan shug‘ullanishni boshladim va «Oltin qo‘lqoplar» nomli boks tashkilotiga a’zo bo‘ldim. Bu qo‘limdan uncha kelmadi va bir nechta jangdan so‘ng boksni tashladim. Keyinchalik AQSh armiyasiga chaqirildim va Germaniyaga yuborildim. Xizmat davomida hamkorlarim menda boshqarish qobiliyatlari bor deb, harbiylar akademiyasiga yuborishdi. Ular hayotimni harbiy xizmatga bag‘ishlashimni istashardi. Men esa buni xohlamas edim. Shuning uchun, ikki yillik xizmatimni tugatgach, 1956-yili u yerdan ketdim. Ko‘p o‘tmay, umuman boshqa armiyaga qo‘shildim.

1954–1956-yillar AQSh armiyasida ikki yil xizmat qildim

YANGI HAYOTNING BOSHLANISHI

Yahovani tanib-bilishdan oldin haqiqiy erkak qanday bo‘lishi kerakligi borasida noto‘g‘ri tasavvurga ega edim. Chunki kinolar va atrofdagilar menga qattiq ta’sir qilgan. Men haqiqiy erkaklar Muqaddas Kitob to‘g‘risida gaplashmaydi, deb o‘ylardim. Ammo hayotimni o‘zgartirib yuborgan bir narsani bilib oldim. Bir kuni qizil kabrioletimda ketayotganimda ikkita yosh qiz meni to‘xtatdi. Bu qizlarni tanir edim. Ular pochchamning singillari bo‘lib Yahovaning Shohidlari edi. Bundan oldin ulardan «Qo‘riqchi minorasi» va «Uyg‘oning!» jurnallarini olgan edim, lekin «Qo‘riqchi minorasi»ni tushunish qiyin bo‘lgandi. Bu safar esa, ularning uyida bo‘lib o‘tadigan jamoat kitob tadqiqiga taklif etishdi. U yerda Muqaddas Kitobga asoslangan fikrlar muhokama qilinar edi. Men bu haqda o‘ylab ko‘rishimni aytdim. Qizlar tabassum ila: «Va’da berasizmi?» — deyishdi. «Va’da beraman»,— deb aytdim.

So‘z berganimdan bir oz afsuslandim, ammo uning ustidan chiqishim kerak, deb o‘yladim. Shunday qilib u yerga bordim. Eng ko‘pi meni bolalar hayron qoldirdi. Chunki ular Muqaddas Kitobni juda zo‘r bilar edi. Garchi har yakshanba onam bilan cherkovga borgan bo‘lsam-da, Muqaddas Kitobni yaxshi bilmas edim. Shunda Muqaddas Kitob tadqiqiga rozi bo‘lib, undan ko‘proq bilim olishga bel bog‘ladim. Ilk bilib olgan narsalarimdan biri — Qodir Tangrining ismi Yahova ekani edi. Yillar oldin oyimdan Yahovaning Shohidlari to‘g‘risida so‘raganimda, u shunchaki javob berib: «Ular Yahova ismli keksa kishiga topinadi»,— degan edi. Endi esa ko‘zlarim ochilganini his etdim.

Men ma’nan tez o‘sdim, chunki haqiqatni topganimni bilar edim. Ilk marotaba borgan o‘sha yig‘ilishdan to‘qqiz oy o‘tib, 1957-yili martda suvga cho‘mdim. Hayotga bo‘lgan nuqtai nazarim o‘zgardi. Muqaddas Kitobdan haqiqiy erkak qanday bo‘lishi kerakligi borasida bilib olganimdan xursandman. Misol uchun, Iso mukammal inson edi. U har qanday zabardast va kuchli kishidan ancha qudratli edi, biroq hech qachon urushmagan. Aksincha, bashorat qilinganiday, u «azob-uqubat chekdi». (Ishayo 53:2, 7) Isoning haqiqiy izdoshi «hamma bilan muloyim» bo‘lishi lozimligini bilib oldim. (2 Tim. 2:24)

1958-yili kashshoflikni boshladim. Ammo ko‘p o‘tmay, uni qisqa vaqtga to‘xtatishimga to‘g‘ri keldi. Negaki, meni kitob tadqiqiga taklif qilgan yosh qizlardan biri Gloriyaga uylanishga qaror qilgan edim. Bundan aslo afsuslanmayman. U o‘shanda xazinam bo‘lgan, hozir ham shunday. U men uchun eng qimmatbaho «Xoup olmosi»dan ham qadrliroq. Unga uylanganimdan juda baxtiyorman. Keling, u o‘zi haqida bir oz so‘zlab bersin.

«Men 17 ta farzandning biriman. Onam Yahovaning sadoqatli xizmatchisi edi. U 14 yoshligimda olamdan o‘tgan. O‘shanda otam tadqiq o‘tishni boshlagan edi. Onamning vafotidan so‘ng otam maktab direktoridan bir narsani iltimos qildi. Gap shundaki, opam maktabni bitirishiga bir yil qolgan edi. Opam va men maktabga kun ora kelishimiz uchun otam ruxsat so‘radi. Shu yo‘sin, birimiz uyda bo‘lib, uy ishlarini qilishimiz, ukalarimizga qarashimiz va otam ishdan kelguncha oilamiz uchun ovqat tayyorlab qo‘yishimiz mumkin edi. Direktor rozi bo‘ldi va bu hol opam maktabni bitirguniga qadar davom etdi. Ikkita oila biz bilan tadqiq o‘tardi va 11 tamiz Yahovaning Shohidi bo‘ldik. Uyatchanligimga qaramay, doim va’zgo‘ylik xizmatida qatnashardim. Semyuel yillar davomida bunda menga yordam berdi».

Gloriya bilan 1959-yili fevralda turmush qurdik. Birgalikda kashshoflik qilib zavq olardik. Bosh idorada xizmat qilishni istardik, shu bois, o‘sha yilning iyul oyida Baytilda xizmat qilish uchun ariza to‘ldirdik. Aziz birodarimiz Saymon Kreyker biz bilan suhbat o‘tkazdi. O‘shanda u juftliklar Baytilga taklif qilinmasligini aytdi. Baytilda xizmat qilish istagini hech qachon yo‘qotmaganmiz. Albatta, buni uzoq kutishimizga to‘g‘ri keldi.

Bosh idoraga maktub yozib, ehtiyoj katta bo‘lgan joyga xizmat qilishga yuborishlarini so‘radik. Kelgan javobga ko‘ra, birgina tanlovimiz bor edi, ya’ni Payn-Blaffda (Arkanzas) xizmat qilish. O‘sha paytlari Payn-Blaffda ikkita jamoat bor bo‘lib, birida oq tanli va’zgo‘ylar, ikkinchisida esa qora tanli va’zgo‘ylar xizmat qilardi. Biz qora tanlilar xizmat qiladigan jamoatga tayinlandik. U yerda taxminan 14 ta va’zgo‘y bor edi.

IRQCHILIK DASTIDAN PAYDO BO‘LGAN QIYINCHILIKLAR

Nima uchun Yahova Shohidlarining jamoatlarida irqchilik bo‘lgan, deb qiziqayotgandirsiz. Buning javobi oddiy: boshqa chora yo‘q edi. Ba’zi joylarda turli irq vakillari birga bo‘lishi qonunan taqiqlangan edi va bu chindan ham xavfli va jiddiy masala edi. Ko‘p joylarda birodarlarimiz ikki xil irq vakillari topinish uchun birga yig‘ilishidan qo‘rqardi. Bunga asosli sabablar bor edi. Masalan, Yig‘ilish zali buzib tashlanishi mumkin edi. Ba’zida shunday ham bo‘lgan. Qora tanli va’zgo‘y oq tanli odamlar yashaydigan hududda xizmat qilsa, uni hibsga olishardi va do‘pposlashlari mumkin edi. Shu sababli, va’zgo‘ylik ishini davom ettira olish maqsadida, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishiga umid qilib, qonunlarga bo‘ysunardik.

Xizmatimizning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor edi. Qora tanlilar yashaydigan hududda xizmat qilganda, ayrim paytlari bilmasdan oq tanli kishi yashaydigan uyga duch kelardik. Shunda tezda qaror chiqarishimiz kerak edi: Muqaddas Kitobga asoslangan qisqacha muqaddimani aytamizmi yoki uzr so‘rab, ketamizmi. Ha, o‘sha paytlari shunday vaziyatlar bo‘lib turardi.

Albatta, o‘zimizni ta’minlash uchun ishlar edik. Ko‘p ishlarimizda kuniga asosan uch dollar to‘lashar edi. Gloriya bir nechta uyni tozalardi. Bir joyda u ishlarini yarim kun ichida tugata olishi uchun unga yordamlashishimga ruxsat berishdi. Bizga tushlik berishardi va ketishdan oldin Gloriya ikkovimiz birga ovqatlanardik. Gloriya har hafta bir oilanikiga borib, narsalarini dazmollab berardi. Men esa bog‘da ishlardim, oynalarni yuvardim va hokazo yumushlarni bajarardim. Bir safar oq tanli oilaning uyida oyna yuvgan edik — Gloriya ichidan, men esa sirtidan yuvgandim. Bunga butun kun ketdi, shuning uchun bizga ovqat berishgandi. Gloriya uyning ichida, lekin oiladan alohida, men bo‘lsam tashqarida garajda ovqatlandim. Men qarshi emasdim. Ovqat juda mazali edi. O‘zi o‘sha oila yomon emasdi, faqatgina atrofdagi odamlarning fikrlash tarziga berilgandi. Bir marta benzokolonkada to‘xtaganimiz esimda. Bakimizni to‘ldirib bo‘lgach, oq tanli xodimdan Gloriya hojatxonaga kirib chiqsa bo‘ladimi, deb so‘radim. U bo‘lsa jahl bilan: «U yopiq»,— dedi.

XOTIRADAN O‘CHMAS YAXSHILIKLAR

Imondoshlarimiz bilan ajoyib vaqt o‘tkazardik va xizmatimizni juda yaxshi ko‘rardik. Ilk bor Payn-Blaffga kelganimizda, jamoat xizmatkori bo‘lgan birodarimiznikida yashadik. Uning xotini imondoshimiz emas edi va Gloriya u bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladi. Men esa bu juftlikning qizi va kuyovi bilan tadqiq boshladim. O‘sha birodarning xotini va qizi Yahovaga xizmat qilishga qaror qilib, suvga cho‘mdi.

Oq tanli va’zgo‘ylar bor bo‘lgan jamoatda ham qadrdon do‘stlar orttirdik. Ular bizni kechki ovqatga taklif qilardi, lekin biz faqatgina qorong‘i tushganda borardik. Irqchilikni va zo‘ravonlikni olg‘a suradigan «Ku-kluks-klan» tashkiloti o‘sha paytda avj olgandi. Xellouin kechasida bu tashkilot a’zolari kiyadigan o‘zgacha kiyimni faxr ila kiyib olgan bir kishi uyining oldida o‘tirgani hali ham esimda. Ammo bu kabi vaziyatlar imondoshlarimizni mehribonlik ko‘rsatishdan to‘xtatmas edi. Bir safar yozda, anjumanga borishimiz uchun pul kerak edi. Shunda birodarimiz «Ford 1950» rusmli mashinamizni sotib olishga rozi bo‘ldi. Oradan bir oy o‘tdi va bir kuni jazirama issiqda uyma-uy xizmat qilib, Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazib holdan toygan edik. Uyga qaytganimizda esa, bizni sovg‘a kutib turgan ekan. Mashinamiz uyimizning oldida turgan edi! Uning oynasida esa: «Mashinangizni hadya sifatida qaytarib beryapman. Birodaringiz»,— degan xat bor edi.

Yana bir yaxshilik menga qattiq ta’sir qildi. 1962-yili meni Mas’uliyatli birodarlar uchun maxsus ta’lim dasturiga Nyu-Yorkdagi Saut-Lansingga taklif qilishgan edi. U yerda jamoat oqsoqollariga, tuman va mintaqa nozirlariga bir oy davomida ta’lim berilar edi. Meni taklif qilishganda ishsiz edim va pulimiz kam edi. Ammo Payn-Blaffdagi telefon kompaniyasi ishga qabul qilish uchun men bilan suhbat o‘tkazgan edi. Agar meni ishga olishganida, bu kompaniyada ishlagan birinchi qora tanli kishi bo‘lar edim. Nihoyat, ular meni ishga olishmoqchi ekanini aytishdi. Nima qilishni bilmay qoldim. Nyu-Yorkka borish uchun pulim yo‘q edi. Men ishga kirib, taklifni rad etish borasida jiddiy o‘ylay boshladim. Baytilga xat yozmoqchi bo‘lib turganimda yuz bergan bir voqeani hech qachon unutmayman.

Turmush o‘rtog‘i imondoshimiz bo‘lmagan jamoatimizdagi bir opamiz erta tongda eshikni taqillatdi va qo‘limga konvertni tutqazdi. Uning ichi to‘la pul edi. Nyu-Yorkka bora olishimga yetarlicha pul bo‘lishi uchun o‘sha opamiz farzandlari bilan sahar paxta dalasiga borib, begona o‘tlarni yulgan ekan. U: «Maktabga boring va iloji boricha ko‘proq narsani o‘rganing. Keyin kelib bizga o‘rgating»,— dedi. So‘ng telefon kompaniyasidan ishni besh haftadan keyin boshlasam maylimi, deb so‘radim. Ular aniq qilib: «Yo‘q»,— deyishdi. Lekin bu muhim emas edi. Men qaror chiqarib bo‘lgan edim. O‘sha ishga kirmaganimdan juda xursandman.

Gloriya ham Payn-Blaffda o‘tkazgan paytlarimiz bilan bo‘lishmoqchi: «Hududimizni juda yaxshi ko‘rar edim. 15 tadan 20 tagacha Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazardim. Ertalabdan uyma-uy xizmat qilardik, keyin esa, ba’zida kechki payt o‘n birgacha Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazardik. Xizmatimiz quvonchga to‘la edi. Men juda baxtiyor edim. Shuni aytishim kerakki, vazifamizni o‘zgartirishni va tuman nozirlik xizmatida qatnashishni uncha istamagan edim, lekin Yahovaning O‘z niyati bo‘lgan ekan». Ha, U niyat qilganday bo‘ldi.

KO‘CHMA NOZIRLIK XIZMATI

Payn-Blaffda kashshoflik qilayotganimizda maxsus kashshof bo‘lishga ariza to‘ldirdik. Umidimiz katta edi, chunki viloyat nozirimiz Texasdagi jamoatda maxsus kashshoflar sifatida yordam berishimizni istardi. Bu fikr bizga yoqdi. Biz tashkilotdan javobni uzoq kutdik, ammo pochta qutimiz doim bo‘sh bo‘lardi. Nihoyat, javob keldi: bizni ko‘chma nozirlik xizmatiga tayinlashgan ekan! Bu 1965-yili yanvarda bo‘ldi. Hozir AQShdagi Filial qo‘mitasining raisi bo‘lmish Lion Uiver ham o‘sha vaqtda tuman noziri etib tayinlandi.

Tuman noziri bo‘lib xizmat qilishdan xavotirlanardim. Viloyat noziri bo‘lgan Jeyms Tompson bu xizmatdagi qobiliyatlarimni bir yil yoki undan sal kamroq vaqt oldin kuzatgan edi. U mahoratli tuman noziri bo‘lish uchun kerakli qobiliyatlarni sanab o‘tib, yaxshilanishim kerak bo‘lgan sohalarni mehr ila tushuntirdi. Tuman nozirlik xizmatining boshidanoq uning maslahatlari o‘rinli ekanini tushundim. Meni tayinlashgach, birodar Tompson biz hamkorlik qilgan birinchi viloyat noziri bo‘ldi. Bu sadoqatli, ma’naviy birodarimizdan ko‘p narsalarni o‘rgandim.

Sadoqatli ma’naviy birodarlarning yordamini qadrlayman

O‘sha paytlari tuman nozirlariga uncha ko‘p ta’lim berilmas edi. Men bir hafta davomida tuman nozirining jamoatga qilgan tashrifini kuzatdim. Keyin esa u mening tashrifimni kuzatdi. U takliflar va yo‘l-yo‘riqlar berdi. Ammo keyin mustaqil bo‘ldik. O‘shanda Gloriya: «U hozir ketishi shartmi?» — degani yodimda. Vaqt o‘tib, men muhim bir narsani tushundim. Agar yo‘l qo‘yib bersangiz, doim sizga yordam bera oladigan yaxshi birodarlar bo‘ladi. Ko‘chma nozirlik xizmatida Jeyms Braun va Baytilda Fred Rask ismli tajribali birodarlarning yordamini qadrlayman.

O‘sha paytlari irqchilik avjiga chiqqandi. Bir safar biz tashrif buyurgan Tennessi shahrida «Ku-kluks-klan» tashkiloti marsh o‘tkazgandi. Bir kuni xizmatdan so‘ng ovqatlanishga kafega kirgan edik. Hojatxonaga borganimda badani irqchilik tatuirovkalari bilan to‘lgan badjahl kishi orqamdan keldi. Mendan va o‘sha kishidan ancha gavdaliroq bo‘lgan oq tanli birodarimiz ham kirdi. «Birodar Xyord, tinchlikmi?» — deb so‘radi u. Kafening boshqa xodimi hatto hojatxonadan foydalanmay chiqib ketdi. Yillar davomida shuni angladimki, irqchilikning asosiy sababi inson tanasining rangi emas, balki gunoh, ya’ni barchamizga Odamatodan o‘tgan gunohdir. Yana shuni tushundimki, tanasining rangi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, imondoshingiz kerak bo‘lsa siz uchun o‘lishga ham tayyor.

BOY YAKUN

Biz 12 yil tuman va 21 yil viloyat nozirlik xizmatida bo‘ldik. Bu mukofotlarga va daldali voqealarga boy yillar edi. Ammo bizni yana bir mukofot kutayotgan edi. 1997-yil avgustda orzuimiz ushaldi. Ilk bor ariza topshirganimizdan qariyb 38 yil o‘tib, bizni AQShdagi Baytilga taklif qilishdi. Keyingi oydan Baytil xizmatini boshladik. Baytildagi mas’uliyatli birodarlar vaqtinchalik yordam berishimni istaydi, deb o‘ylagandim. Lekin bunday bo‘lmadi.

Gloriya unga uylanganimda xazinam edi va hozir ham shunday

Boshida Xizmat bo‘limiga tayinlandim. Bu yerda juda ko‘p narsani o‘rgandim. Birodarlar mamlakat bo‘ylab oqsoqollar kengashi va tuman nozirlaridan kelgan murakkab hamda nozik savollarni ko‘rib chiqardi. Ular menga ta’lim berayotib, sabrli va yordam berishga tayyor bo‘lishganidan minnatdorman. Agar meni yana shu vazifaga tayinlashganda, haligacha ulardan ko‘p narsani o‘rganishim kerak deb o‘ylayman.

Gloriya va men Baytilni juda yaxshi ko‘ramiz. Biz erta turardik va bu odatimiz Baytilda ham asqatmoqda. Bir yil o‘tar-o‘tmas Yetakchi kengashning Xizmat qo‘mitasida yordamchi sifatida xizmat qila boshladim. 1999-yili Yetakchi kengash a’zosi etib tayinlandim. Bu vazifamda ko‘p narsani o‘rgandim. Lekin eng asosiysi, jamoatning boshi qandaydir odam emas, balki Iso Masih ekanini tushundim.

1999-yildan beri Yetakchi kengashda xizmat qilish sharafiga egaman

Hayotimga nazar solib, ba’zida o‘zimni Amos payg‘ambarday his etaman. Yahova bechoralarning ovqati hisoblangan shikamora-anjirlarini tilib yurgan oddiygina cho‘ponga e’tibor qaratdi. Xudo uni payg‘ambar sifatida tayinladi va bu vazifasida unga ko‘p baraka berdi. (Amos 7:14, 15, izoh) Shunga o‘xshab Yahova menga — Indiananing Liberti shahridan bo‘lgan kambag‘al fermerning o‘g‘liga — mo‘l-ko‘l barakalar yog‘dirdi. Ularning hatto sanog‘iga yeta olmayman. (Hik. 10:22) Garchi hayotim moddiy tarafdan kambag‘al boshlangan bo‘lsa-da, hozir tasavvur qilganimdan ham ko‘proq ma’nan boy bo‘ldim.