Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Nigohingiz qayerga qaratilgan?

Nigohingiz qayerga qaratilgan?

Ey, samolarda taxtda o‘tirgan Xudo, ko‘zlarimni Senga tikaman. ZAB. 123:1

QO‘SHIQLAR: 32, 18

1, 2. Nigohimizni Yahovaga qaratish o‘z ichiga nimani oladi?

BIZ «nihoyatda og‘ir vaqtlar»da, ya’ni «oxirzamonda» yashayapmiz. (2 Tim. 3:1) Yahova bu yovuz dunyoni yo‘q qilib, yer yuzida chinakam tinchlik o‘rnatguniga qadar, hayotimiz kundan-kunga og‘irlashib boradi. Shunday ekan, o‘zimizga quyidagicha savol berib ko‘rsak yaxshi bo‘lardi: «Yordam va yo‘l-yo‘riqni qayerdan izlayapman?» Shu zahotiyoq: «Yahovadan»,— deb javob berarmiz. Bu juda yaxshi.

2 Nigohimizni Yahovaga qaratish o‘z ichiga nimani oladi? Murakkab qiyinchiliklarga duch kelganimizda, nigohimiz Yahovaga qaratilganiga qanday qilib amin bo‘la olamiz? Asrlar oldin sano bastakori, yordamga muhtoj bo‘lganimizda Yahovaga ko‘zlarimizni tikishimiz kerakligini aytgan. (Zabur 123:1–4 ni o‘qing.) U ko‘zlarimizni Yahovaga qaratishimizni xizmatkor xo‘jayiniga qarab turishi bilan solishtirgan. Sano bastakori nima demoqchi edi? Xizmatkor nafaqat yegulik va himoya olish ilinjida, balki xo‘jayinining xohishi va nima qilishi kerakligini tushunish uchun ham nigohini undan uzmaydi. Shu singari, biz ham Xudoning Kalomini kunda tadqiq qilib, shaxsan har birimiz uchun Uning irodasi nimadan iborat ekanini aniqlashimiz va bunga muvofiq yo‘l tutishimiz lozim. Faqat shunday qilibgina, Yahova bizga kerakli yordamni taqdim etayotganiga amin bo‘la olamiz. (Efes. 5:17)

3. Nima tufayli chalg‘ib qolishimiz mumkin?

3 Garchi nigohimizni Yahovaga qaratish kerak ekanini bilsak ham, gohida chalg‘ib qolishimiz hech gap emas. Isoning qalin do‘sti Marta bilan shunday bo‘lgan. Bir safar u «tayyorgarchilik bilan juda ovora» bo‘lib qolgan edi. (Luqo 10:40–42) Hatto xudojo‘y bo‘lgan Marta Isoni ko‘ra turib ovora bo‘lib chalg‘igan bo‘lsa, biz bilan ham shunday yuz berishi hech gap emas. Qiziq, nimalar tufayli chalg‘ib qolishimiz mumkin? Ushbu maqolada, qanday qilib boshqalarning xatti-harakati bizni chalg‘itishi mumkinligi haqida so‘z yuritiladi. Qolaversa, qay yo‘sin nigohimizni Yahovadan uzmasligimiz mumkinligini bilib olamiz.

SADOQATLI KISHI SHARAFIDAN MAHRUM BO‘LDI

4. Nega Muso va’da qilingan yurtga kirish sharafidan mahrum bo‘lganidan hayron bo‘lishimiz mumkin?

4 Muso payg‘ambar Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga ega bo‘lish uchun Unga ko‘z tikardi. Ha, «u ko‘rinmas Zotni ko‘rganday sabotli edi». (Ibroniylarga 11:24–27 ni o‘qing.) Muqaddas Kitobga ko‘ra, «Isroilda Muso kabi Yahova yaqindan tanigan payg‘ambar boshqa bo‘lmadi». (Qonun. 34:10) Lekin Muso Yahova bilan shu qadar yaqin munosabatlarga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, va’da qilingan yurtga kirish sharafidan mahrum bo‘ldi. (Sah. 20:12) Xo‘sh, nima sababli?

5–7. Isroil xalqi Misrdan chiqqanidan ko‘p o‘tmay nima yuz berdi va Muso qanday yo‘l tutdi?

5 Isroil xalqi Misrdan chiqqanidan ikki oy o‘tar-o‘tmas, Sinay tog‘iga yetib kelishdan avval jiddiy muammo yuz berdi. Ular suv yo‘qligidan shikoyat qilib, Musoga qarshi nolishni boshlashdi. Vaziyat shunchalik og‘ir bo‘lib ketdiki, u Yahovaga: «Bu xalqni nima qilay? Bir oz turib ular meni toshbo‘ron qilishadi-ku!» — deb yolvordi. (Chiq. 17:4) Shunda Yahova unga aniq yo‘l-yo‘riqlar berdi. Muso tayog‘ini olib, Xorev qoyasiga urishi kerak edi. Shu yo‘sin suv oqib chiqardi. Muqaddas Kitobda: «Muso, Isroil oqsoqollarining ko‘z oldida aytilganidek qildi»,— deb yozilgan. Suv otilib chiqqanda, odamlar chanqog‘ini qondirishdi va muammo hal bo‘ldi. (Chiq. 17:5, 6)

6 Shuningdek, quyidagilarni o‘qiymiz: «Muso u yerga Massax va Mariva deb nom berdi, chunki o‘sha yerda Isroil o‘g‘illari Muso bilan janjallashib: “Yahova biz bilanmi yoki yo‘qmi?” — deya Yahovani sinashgan edi». (Chiq. 17:7) Bunday nomlar o‘rinli edi, chunki «sinov» va «janjal» degan ma’nolarga ega.

7 Xo‘sh, Marivada bo‘lgan vaziyat tufayli Yahova nimani his qilgan? Yahova buni Isroil xalqi Musoga emas, Unga va Uning hokimiyatiga qarshi isyon ko‘targanday qabul qilgan. (Zabur 95:8, 9 ni o‘qing.) Ular noto‘g‘ri yo‘l tutishgan. Muso esa to‘g‘ri yo‘l tutib, nigohini Yahovaga qaratgan va Uning yo‘l-yo‘rig‘iga astoydil amal qilgan.

8. Isroil xalqining sahroda kezib yurishi nihoyasiga yetib qolganda nima sodir bo‘ldi?

8 Lekin bundan taxminan 40 yil o‘tgach, shunga o‘xshash vaziyatda nima sodir bo‘ldi? O‘shanda Isroil xalqining sahroda kezib yurishi nihoyasiga yetib qolgan edi. Ular yana Mariva degan joyda edi. Ammo bu yer Marivaning boshqa tarafida, Kadesh oldida, ya’ni va’da qilingan yurtning chegarasiga yaqin edi *. Isroil xalqi yana suv yo‘qligidan nolidi. (Sah. 20:1–5) Bu safar Muso jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi.

9. Yahova Musoga qanday yo‘l-yo‘riq berdi, lekin u nima qildi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

9 Odamlar isyon ko‘targanda Muso nima qildi? Bu safar ham u Yahovadan yo‘l-yo‘riq olish uchun Unga ko‘z tikdi. Biroq Yahova unga qoyaga ur deb aytmagan. Muso tayog‘ini olib, xalqni qoya oldiga yig‘ishi va qoyaga qarab gapirishi kerak edi. (Sah. 20:6–8) Ammo Muso qoyaga qarab gapirmadi. Aksincha, baqirayotgan xalq dastidan uning achchig‘i chiqib: «Tinglanglar, ey isyonchilar! Mana shu qoyadan sizlar uchun suv chiqarib beraylikmi?!» — dedi. Keyin tayog‘i bilan u bir marta emas, ikki marta qoyaga urdi. (Sah. 20:10, 11)

10. Musoning qilmishiga Yahova qanday qaragan?

10 Yahovaning Musodan jahli chiqdi. (Qonun. 1:37; 3:26) Nima uchun? Buning bir nechta sababi bo‘lishi mumkin. Yuqorida aytilganiday, Muso olgan yangi yo‘l-yo‘riqlariga rioya qilmaganidan Yahovaning jahli chiqqandir.

11. Nega Muso qoyaga urgani tufayli odamlar Yahova mo‘jiza yaratmadi degan fikrga borishi mumkin edi?

11 Buning yana bir sababi bo‘lishi mumkin. Gap shundaki, birinchi vaziyatdagi qoya qattiq granitdan edi. Bunday granitga qanchalik kuchli zarba berilmasin, undan suv oqib chiqmaydi. Lekin Mariva yaqinida ikkinchi marta yuz bergan vaziyatdagi qoyaning tarkibi umuman boshqacha edi. Bu qoya odatda yumshoqroq ohaktoshdan iborat bo‘lib, ichki g‘ovaklar tufayli bunday hududlarda yerosti suvlari uchrardi va odamlar uni ichishga yaroqli qilish uchun zaxiralarga to‘plashardi. Xo‘sh, Muso shu kabi g‘ovaklardan iborat qoyaga ikki marta urganda, odamlar suv chiqqanini Yahovaning mo‘jizasi emas, balki oddiy hol deb qabul qilishganmi? Muso o‘sha qoyaga qarab gapirishning o‘rniga, unga urib buni xuddi mo‘jiza emasday ko‘rsatmoqchimidi? * Buni aniq ayta olmaymiz.

QANDAY QILIB MUSO ISYONCHIGA AYLANDI?

12. Yahovaning Muso va Horundan jahli chiqqaniga yana nima sabab bo‘lishi mumkin?

12 Bundan tashqari, Yahovaning Muso bilan Horundan jahli chiqqaniga yana bir sabab bor. Muso xalqqa: «Mana shu qoyadan sizlar uchun suv chiqarib beraylikmi?!» — degan so‘zlariga e’tibor bering. «Beraylikmi» deb aytganda Muso o‘zini va Horunni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Muso so‘zlari bilan bu mo‘jizaning asl Manbai Yahovaga hurmatsizlik qildi. Zabur 106:32, 33 dagi so‘zlar ushbu taxminga sabab bo‘lishi mumkin: «Ular Mariva suvlari yonida Xudoning jahlini chiqardi. Ularning dastidan Muso jafo chekdi. Ular Musoning g‘azabini qo‘zg‘atdi, u o‘ylamasdan gapirib qo‘ydi» *. (Sah. 27:14) Xullas, Muso Yahova loyiq bo‘lgan sharafni Unga ko‘rsatmadi. Muso bilan Horunga Yahova: «Ikkovingiz... buyrug‘imga qarshi bosh ko‘tardingiz»,— dedi. (Sah. 20:24) Ha, bu og‘ir gunoh edi!

13. Nega Yahova Musoga nisbatan to‘g‘ri va adolatli yo‘l tutgan desa bo‘ladi?

13 Yahova xalqining boshqaruvchilari sifatida Muso bilan Horun jiddiy mas’uliyatga ega edi. (Luqo 12:48) Boshida, Yahova butun Isroil xalqi Kan’on yurtiga kirishiga ijozat bermagan edi, chunki ular isyon ko‘tarishgan. (Sah. 14:26–30, 34) Muso ham isyonkorga aylanganida, Yahova xuddi shunday hukm chiqarib to‘g‘ri va adolatli yo‘l tutgan. Boshqa isyonkorlar bilan bo‘lganiday, Yahova Musoga ham va’da qilingan yurtga kirishiga ijozat bermagan.

MUAMMONING SABABI

14, 15. Muso Yahovaga qarshi chiqishiga nima sabab bo‘lgan?

14 Muso Yahovaga qarshi chiqishiga nima sabab bo‘lgan? Keling, yana bir bor Zabur 106:32, 33 dagi so‘zlarga e’tibor qarataylik: «Ular Mariva suvlari yonida Xudoning jahlini chiqardi. Ularning dastidan Muso jafo chekdi. Ular Musoning g‘azabini qo‘zg‘atdi, u o‘ylamasdan gapirib qo‘ydi». Garchi Isroil xalqi Yahovaning jahlini chiqargan bo‘lsa-da, Musoning g‘azabi qo‘zg‘adi. U o‘zini nazorat qilmadi va oqibatlarini o‘ylamay gapirib qo‘ydi.

15 Musoning nigohi Yahovadan uzildi, sababi u boshqalarning ishlari uni chalg‘itishiga yo‘l qo‘ydi. Muso birinchi vaziyatda to‘g‘ri yo‘l tutgan edi. (Chiq. 7:6) Ehtimol, ko‘p yillar davomida Isroil xalqi isyon ko‘taravergani bois Muso charchab, jahli chiqqandir. Muso Yahovaga sharaf keltira olishi haqida emas, asosan o‘z tuyg‘ulari borasida o‘ylagani uchun shunday bo‘lgandir.

16. Nima uchun Musoning qilgan ishi borasida o‘ylab ko‘rish arziydi?

16 Agar Musodek sadoqatli payg‘ambar chalg‘ib, gunohga qo‘l urgan bo‘lsa, biz bilan ham bu osonlikcha yuz berishi mumkin. Muso kabi biz ham va’da qilingan ramziy yurt, ya’ni yangi dunyoga kirishimizga oz qoldi. (2 Butr. 3:13) Hech birimiz bunday o‘zgacha sharafdan mahrum bo‘lishni istamaymiz. Bu maqsadimizga erishish uchun nigohimizni doim Yahovaga, Uning irodasini bajarishga qaratishimiz lozim. (1 Yuhan. 2:17) Musoning xatosidan qanday saboq olsak bo‘ladi?

BOSHQALAR DASTIDAN CHALG‘IMANG

17. Jahlimizni tiyishga nima yordam beradi?

17 Jahlingiz chiqqanda, o‘zingizni tuta biling. Keling, mabodo o‘sha-o‘sha muammoga qayta-qayta duch kelsak ham: «Yaxshilik qilishdan bezmaylik. Agar bo‘shashmasak, o‘z vaqtida hosilini o‘rib olamiz»,— degan maslahatga amal qilaylik. (Galat. 6:9; 2 Salon. 3:13) Nimadir yoki kimdir tufayli jahlimiz chiqaversa, o‘ylab gapiramizmi? Jahlimizni tiyamizmi? (Hik. 10:19; 17:27; Mat. 5:22) Kimdir jahlimizni chiqarsa, «Allohning qahriga yo‘l qo‘yib berishga» o‘rganishimiz darkor. (Rimliklarga 12:17–21 ni o‘qing.) Bu nimani anglatadi? G‘azablanishning o‘rniga, Yahova bu muammoni O‘zi munosib deb bilgan vaqtda hal qilishini sabr ila kutsak yaxshi bo‘lardi. Agar nigohimizni Yahovaga qaratmay, o‘zimiz qasos olishga intilsak, Unga hurmatsizlik ko‘rsatgan bo‘lamiz.

18. Yo‘l-yo‘riqlar borasida nimani unutmasligimiz kerak?

18 So‘nggi yo‘l-yo‘riqlarga astoydil amal qiling. Yahova bizga taqdim etayotgan so‘nggi yo‘l-yo‘riqlarga sadoqat ila rioya qilyapmizmi? Amal qilayotgan bo‘lsak, muayyan narsalarni biz o‘rganib qolganday bajarmaymiz. Aksincha, Yahova tashkiloti orqali berayotgan har qanday yangi yo‘l-yo‘riqqa darrov rioya qilamiz. (Ibron. 13:17) Shu bilan birga: «Yozilganlardan tashqariga chiqmanglar»,— degan maslahatni ham unutmaymiz. (1 Kor. 4:6) Shunday qilib, nigohimizni doim Yahovaga qarata olamiz.

Muso boshqalarning xatosiga ko‘rsatgan munosabatidan nimani o‘rganishimiz lozim? (19- xatboshiga qarang.)

19. Qanday qilib boshqalarning xatolari Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizga putur yetkazishiga yo‘l qo‘ymasligimiz mumkin?

19 Boshqalarning xatolari Yahova bilan bo‘lgan munosabatlaringizga putur yetkazishiga yo‘l qo‘ymang. Ko‘zimizni Yahovaga tiksak, boshqalarning harakatlari dastidan g‘azabga berilmaymiz yoki U bilan bo‘lgan munosabatlarimiz barbod bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Agar biz ham Muso kabi Xudoning tashkilotida sharafli vazifalarga ega bo‘lsak, buni yodda tutish ayni muddao. Shubhasizki, barchamiz «bundan buyon ham qo‘rquv va titroq bilan» o‘z najotimizga erishishga urinar ekanmiz, Yahova bizni qattiqqo‘llik ila shafqatsizlarcha hukm qiladi deb sira ham o‘ylamaylik. (Filip. 2:12) Biroq qancha ko‘p mas’uliyatli vazifalarga ega bo‘lsak, Yahova bizdan shuncha ko‘p kutadi. (Luqo 12:48) Yahovani chin dildan yaxshi ko‘rsak, bizni hech narsa qoqintirmaydi yoki Uning sevgisidan judo qilmaydi. (Zab. 119:165; Rim. 8:37–39)

20. Nima qilishga qat’iy qaror qilishimiz kerak?

20 Ushbu mushkul damlarda ko‘zimizni «samolarda taxtda o‘tirgan Xudo»ga tikishimiz zarur, o‘shanda Uning irodasini fahmlay olamiz. Keling, boshqalarning harakatlari Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizga salbiy ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymaylik. Muso bilan yuz bergan voqea biz uchun saboq bo‘lsin. Atrofimizdagilarning kamchiliklariga haddan ortiq diqqat qaratishning o‘rniga: «Ko‘zlarimizni Tangrimiz Yahovaga qaratamiz, U bizga marhamat ko‘rsatishini kutamiz»,— degan so‘zlarga rioya etishga qat’iy qaror qilaylik. (Zab. 123:1, 2)

^ 8- x.b. Bu Mariva degan joy Rafidim yaqinida bo‘lib, Massax deb ham nomlangan. Biroq ikkala joy ham Mariva deb atalardi, chunki Isroil xalqi u yerda janjal qilgan yoki noligan. («Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»dagi ilovaning B3 mavzusiga qarang.)

^ 11- x.b. Jon Bek ismli professor shunday degan: «Yahudiylarning rivoyatlariga ko‘ra, isyonchilar Musoni quyidagicha tanqid qilishgan: “Muso o‘sha qoyada suv borligini aniq biladi! U mo‘jiza ko‘rsatish qobiliyatiga ega ekanini isbotlamoqchi bo‘lsa, boshqa qoyaga ham ursin”». Albatta, bu rivoyat, xolos.

^ 12- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1989-yil 1- yanvar sonidagi (rus) «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.